"PSJ" darvozaboni Lyuka Shevalye jamoadagi vaziyatini o‘zgartirishga bel bog‘lagan va asosiy tarkibdan joy olish uchun Matvey Safonov bilan raqobatlashishga tayyor.
Bu haqda L’Équipe nashri xabar bermoqda.
Fransiyalik darvozabon so‘nggi marta 23 yanvar kuni "Oser"ga qarshi o‘tkazilgan rasmiy uchrashuvda (1:0) parijliklar safida maydonga tushgan.
Shunga qaramay, Shevalye bosh murabbiy Luis Enrike bilan suhbatdan so‘ng yozda klubda qolishga qaror qilgan.
Biroq manbaning ta’kidlashicha, agar vaziyat o‘zgarmasa, darvozabonning yanvar oyida "PSJ"ni tark etishi ham istisno qilinmayapti.
Shevalye Fransiya milliy terma jamoasiga qaytish imkoniyatiga ega bo‘lish uchun ko‘proq o‘yin amaliyotiga ega bo‘lishni istamoqda.
"PSJ" rahbariyati ham futbolchining klubdan ketishi ehtimolini istisno qilmayapti.
Shu bilan birga, parijliklar safida Matvey Safonovga bo‘lgan ishonch yuqori darajada saqlanib qolayotgani qayd etilmoqda.













