Madridning "Real" klubi hujumchisi Vinisius Juniorning yaqinlari futbolchining "Vilyarreal"ga qarshi uchrashuvda (1:0) maydondan chetlatilishini asosli deb hisoblamoqda. Biroq ular hakamlikdagi ayrim nomutanosib qarorlardan norozi.
Braziliyalik futbolchi Ispaniya La Ligasi doirasidagi mazkur bahsning ikkinchi bo‘limi boshida zaxiradan maydonga tushdi. 71-daqiqada u raqib darvozasini ishg‘ol qildi, ammo gol bekor qilindi.
Bunga 26 yoshli vingerning golli hujum davomida raqib futbolchisining sochidan tortishi sabab bo‘ldi. Vaziyat qayta ko‘rib chiqilgach, Vinisiusga to‘g‘ridan-to‘g‘ri qizil kartochka ko‘rsatildi.
Jurnalist Mario Kortegananing xabar berishicha, Vinisiusning yaqinlari hakamning uni maydondan chetlatish haqidagi qarorini to‘g‘ri deb hisoblamoqda. Shunga qaramay, ular 2025 yil boshida yuz bergan o‘xshash vaziyatni eslab, hakamlar qarorlarida izchillik yo‘qligidan norozilik bildirgan.
O‘shanda "Valensiya" darvozaboni Vinisiusning sochidan tortgan, biroq bu harakati uchun qizil kartochka olmagan edi. Shu sababli braziliyalik futbolchining atrofidagilar o‘xshash vaziyatlarga turlicha baho berilayotganini tanqid qilmoqda.
Ayni paytda Vinisius ikki yoki uchta o‘yinga diskvalifikasiya qilinishi mumkin. Agar shunday qaror qabul qilinsa, u katta ehtimol bilan "Barselona"ga qarshi bo‘lib o‘tadigan "el-klasiko"ni o‘tkazib yuboradi.













