Xorvatiyalik tajribali yarim himoyachi Luka Modrich uzoq yillar davomida yuqori saviyada to‘p surib kelayotganining asosiy sabablaridan biri haqida gapirdi.
41 yoshli futbolchi hanuz yuqori darajada o‘ynashda davom etmoqda. Uning ta’kidlashicha, faoliyatini davom ettirishga undayotgan asosiy omillar — futbolga bo‘lgan muhabbat va g‘alabaga intilish.
"Men doim bir gapni aytaman: g‘alaba ta’mini bir marta totgan inson bu tuyg‘uni yana va yana his qilishni istaydi.
Meni oldinga undaydigan asosiy kuch aynan shu. Eng avvalo, o‘z ishimga bo‘lgan muhabbatim.
Mendan ko‘pincha muvaffaqiyatimning siri nimada ekanini so‘rashadi. Aslida hech qanday sir yo‘q. Menimcha, eng muhimi — qilayotgan ishingni sevish va unga bor kuchingni bag‘ishlash.
Men kuniga deyarli 24 soat futbol bilan yashayman. Aynan shu narsa meni oldinga yetaklaydi, yana g‘alaba qozonishga intilishga va kurashni davom ettirishga undaydi.
Chunki men raqobatni juda yaxshi ko‘raman va doimo boshqalar bilan bellashishni istayman", — deya Modrichning so‘zlarini keltiradi Pianeta Milan nashri.
Eslatib o‘tamiz, Luka Modrich faoliyatining katta qismini Madridning "Real" klubida o‘tkazgan. Xorvatiyalik futbolchi ko‘p yillar davomida madridliklar sharafini himoya qilgan.













