Madridning «Atletiko» klubi qanot hujumchisi Juliano Simeone Angliya Premyer-ligasining bir qator klublari qiziqishiga qaramay, jamoasini tark etish niyatida emas.
Bu haqda insayder Ekrem Konur xabar bermoqda.
Manbaning ma’lum qilishicha, argentinalik futbolchiga «Manchester Yunayted», «Manchester Siti» va Londonning «Tottenxem» klublari qiziqish bildirmoqda.
Ayni paytda 23 yoshli vingerning bozor qiymati 40 million yevroga baholanmoqda. Uning «Atletiko» bilan amaldagi shartnomasi 2030 yil yoziga qadar mo‘ljallangan.
E’tiborlisi, Simeonening shartnomasida 500 million yevro miqdorida tovon puli belgilangan. Ya’ni ushbu mablag‘ to‘langan taqdirda, futbolchining shartnomasini muddatidan avval bekor qilish mumkin.
Juliano Simeone Ispaniya La Ligasining joriy mavsumida sakkizta uchrashuvda maydonga tushib, ikkita gol va ikkita golli uzatmani o‘z hisobiga yozdirib qo‘ygan.













