"Pari Sen-Jermen" hujumchisi Usmon Dembele jamoada yetarlicha o‘yin amaliyotiga ega bo‘lmayotganidan norozi.
Parijliklar bosh murabbiyi Luis Enrike 29 yoshli futbolchining muhim uchrashuvlarga optimal jismoniy holatda yetib borishini ta’minlash maqsadida unga tez-tez qo‘shimcha dam berishni ma’qul ko‘rmoqda.
Biroq L'Equipe nashrining xabar berishicha, Dembele murabbiyning bunday yondashuvidan qoniqmayapti. Fransiyalik hujumchi jismoniy tayyorgarligini bir maromda saqlab turish uchun oddiy uchrashuvlarda ham ko‘proq maydonga tushishi kerak, deb hisoblamoqda.
Uning fikricha, muntazam o‘yin amaliyoti muhim bahslarda 90 daqiqa davomida yuqori sur’atni saqlab qolish va jismonan toliqmasdan harakat qilish uchun zarur.
Ma’lumot uchun, Usmon Dembele joriy mavsumda "PSJ" safida barcha musobaqalar doirasida 7 ta uchrashuvda ishtirok etib, 2 ta gol urdi va 4 ta golli uzatmani amalga oshirdi.













