Turkiyaning «Galatasaroy» klubi «Manchester Yunayted» sardori Brunu Fernandeshni o‘z safiga qo‘shib olish uchun yana harakat boshlashni rejalashtirmoqda. Bu haqda Turkiya OAV xabar bermoqda.
Manba ma’lumotiga ko‘ra, 32 yoshli portugaliyalik yarim himoyachi Manchester klubi bilan joriy mavsum oxirida yakunlanadigan shartnomasini bir yilga uzaytirish imkoniyatidan foydalanilishini istamayotgani aytilmoqda.
Agar «Manchester Yunayted» ushbu bandni faollashtirmasa, Fernandesh mavsum yakunida erkin agent maqomida jamoani tark etishi mumkin.
«Galatasaroy» esa mazkur vaziyatdan foydalanib, yanvar oyida futbolchi bilan muzokaralar boshlashni rejalashtirmoqda.
Biroq «Manchester Yunayted» shartnomani bir yilga uzaytirgan taqdirda ham Turkiya klubi Fernandeshni qo‘lga kiritish niyatidan voz kechmoqchi emas. Bunday holatda istanbulliklar kelasi yozda futbolchi uchun maqbul miqdorda transfer taklifi bilan chiqishi mumkin.
Shuningdek, «Galatasaroy» safiga qo‘shilgan Rafael Leau hamyurtlari Brunu Fernandeshning qaroriga ta’sir ko‘rsatishi mumkinligi ta’kidlanmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Turkiya klubi o‘tgan yozgi transferlar oynasida ham Fernandeshni o‘z safiga qo‘shib olishga qiziqish bildirgan edi.
Portugaliyalik yarim himoyachi joriy mavsumda «Manchester Yunayted» tarkibida 7 ta uchrashuvda maydonga tushib, 4 ta gol urdi va 1 ta golli uzatmani amalga oshirdi.













