«Inter» bosh murabbiyi Kristian Kivu UYEFA Chempionlar ligasi doirasida «Bryugge»ga qarshi o‘tkaziladigan uchrashuvda jamoa tarkibida o‘zgarishlar bo‘lishini tasdiqladi.
13 oktyabr kuni bo‘lib o‘tadigan bahs oldidan tashkil etilgan matbuot anjumanida ruminiyalik mutaxassis ayrim futbolchilarning jismoniy holati va tarkibni shakllantirish rejalari haqida gapirdi.
«Biz tarkibga ayrim o‘zgarishlar kiritamiz. Hoqon Chalhono‘g‘li o‘zini yaxshi his qilmoqda. U «Parma»ga qarshi uchrashuvdan keyin hech qanday muammoga duch kelmadi va navbatdagi o‘yinga tayyor», — dedi Kivu.
Shuningdek, murabbiy mavsum boshida jismoniy holati bilan bog‘liq muammolarga duch kelgan Jed Spensning tiklanish jarayoni haqida ham ma’lumot berdi.
«U bir hafta davomida mashg‘ulotlarda ishtirok etdi, shuningdek, shanba kungi uchrashuvda 25 daqiqa maydonda harakat qildi. Kecha ham, bugun ham mashg‘ulotlarda qatnashdi.
Spensning jismoniy holati tobora yaxshilanmoqda. Mavsum boshidagi muammolar tufayli yuzaga kelgan ruhiy tushkunlikni yengib o‘tayotganidan xursandman. O‘yin amaliyoti unga ishonch bag‘ishladi va zarur kuch-quvvat berdi», — deya ta’kidladi mutaxassis.
Kivu tarkibdagi rotasiya futbolchilarni asosiy va zaxira o‘yinchilariga ajratishni anglatmasligini ham qayd etdi.
«Gap birinchi yoki ikkinchi tanlov haqida ketayotgani yo‘q. Bizda futbolchilar guruhi bor va ular orasidan raqib hamda o‘yinchilarning jismoniy holatini hisobga olgan holda tanlov qilishimiz kerak.
Biz har uch kunda maydonga tushyapmiz. Shu sababli psixologik jihatlarni ham e’tibordan chetda qoldirmasligimiz zarur.
Milliy terma jamoalari ixtiyoriga borib qaytgan futbolchilarning holatiga ham alohida e’tibor qaratdim. Tarkibni tanlashda hisobga olinishi kerak bo‘lgan omillar juda ko‘p», — deya qo‘shimcha qildi «Inter» ustozi.













