"Ayaks" bosh murabbiyi Michel jamoa darvozaboni Mark-Andre ter Shtegenning o‘yinini tanqid qilib, uni haykalga qiyoslagan jurnalistga javob qaytardi.
Matbuot anjumani davomida jurnalistlardan biri germaniyalik golkiperning to‘pni haddan tashqari uzoq ushlab turishini tanqid qilib, uni mashhur Madam Tyusso muzeyidagi mum haykalga o‘xshatdi.
Ushbu qiyos "Ayaks"ning himoyadan hujumga o‘tishdagi sekin harakatlari va to‘pni o‘yinga kiritish uslubidan norozi bo‘layotgan muxlislar kayfiyatini ham aks ettiradi.
Biroq niderlandiyaliklar bosh murabbiyi bunday ta’rifga qo‘shilmasligini bildirdi.
"Uni haykal deb ta’riflashingizga qo‘shilmayman", — dedi Michel.
Shu bilan birga, ispaniyalik mutaxassis jamoa to‘pni tezroq harakatlantirishi va hujumlarni jadalroq tashkil etishi zarurligini tan oldi.
Eslatib o‘tamiz, 34 yoshli Mark-Andre ter Shtegen joriy yil yozida "Barselona"dan ijara asosida "Ayaks" safiga qo‘shilgan edi.
Germaniyalik darvozabon joriy mavsumda Niderlandiya chempionatidagi bitta uchrashuvdan tashqari barcha bahslarni asosiy tarkibda boshlagan.













