«Manchester Yunayted» himoyachisi Lisandro Martines Chempionlar ligasidagi mag‘lubiyatdan so‘ng klub rahbariyatini keskin tanqid qildi.
Seshanba kuni «Manchester Yunayted» Madridda «Atletiko»ga 0:2 hisobida imkoniyatni boy berdi. Mezbonlar Pablo Barriosning 1-daqiqada urgan goli evaziga hisobda oldinga chiqdi. 79-daqiqada esa Ademola Lukman uchrashuvdagi yakuniy hisobni o‘rnatdi.
«Juda yomon, juda yomon. O‘zimni bosishga majburman, ammo bu holat klubimiz qanday vaziyatda ekanini ko‘rsatib turibdi.
Biz o‘tgan mavsumni ajoyib yakunladik, lekin tarkibni kuchaytirishimiz kerak. Chunki raqobatchilarimiz ham yangi futbolchilarni sotib olishmoqda. «Atletiko» ajoyib jamoa va ular g‘alabaga munosib edi.
Ha, men klubdan transfer bozoriga ko‘proq sarmoya kiritishini kutyapman. Texnik direktorimizdan ham ko‘proq narsa kutaman.
Biz maydonda yaxshiroq o‘ynashimiz kerak, ammo tarkibimiz ham munosib darajada bo‘lishi muhim.
Murabbiyni tanqid qilishmoqda, lekin muammo unga yetarlicha yordam ko‘rsatilmaganidadir, balki? U qo‘lidan kelgan barcha ishni qilmoqda. Murabbiylarni doimiy ravishda almashtiraverish mumkin emas», — deya argentinalik futbolchining so‘zlarini keltirmoqda BBC.
«Manchester Yunayted» Angliya Premyer-ligasida oltita turdan so‘ng 6 ochko bilan 13-o‘rinni egallab turibdi.













