«Barselona» yarim himoyachisi Frenki de Yongning Angliya Premyer-ligasiga ko‘chib o‘tish ehtimoli kamaydi. Niderlandiyalik futbolchiga avvalroq qiziqish bildirgan «Chelsi» va «Manchester Yunayted» uni sotib olish rejasidan voz kechgani xabar qilinmoqda.
Bu haqda talkSPORT nashri ma’lum qildi.
Manbaning yozishicha, Angliyaning ikki yirik klubi ham 29 yoshli futbolchiga bo‘lgan qiziqishini sezilarli darajada kamaytirgan.
«Chelsi» va «Manchester Yunayted» endilikda de Yongni tarkibni kuchaytirish uchun ustuvor nomzod sifatida ko‘rmayapti. Bunga yarim himoyachining so‘nggi vaqtlarda jarohatlar sabab tez-tez maydondan chetda qolayotgani asosiy omil sifatida ko‘rsatilmoqda.
Qayd etish joiz, Frenki de Yong joriy mavsumda hali biror marta maydonga tushgani yo‘q. Niderlandiyalik futbolchi jahon chempionati davomida jarohat olgan va shundan buyon o‘yinlarda ishtirok etmayapti.
De Yongning «Barselona» bilan amaldagi shartnomasi 2029 yilning iyun oyiga qadar mo‘ljallangan.













