O‘zbekiston terma jamoasi himoyachisi Behruz Karimov to‘p surayotgan Shveysariyaning “Lugano” klubi UYEFA Konferensiyalar ligasi umumiy bosqichi 1-turida Serbiyaning “Srvena Zvezda” jamoasini o‘z maydonida qabul qildi.
Uchrashuv 3:2 hisobida mezbonlarning g‘alabasi bilan yakunlandi.
Bahsning 25-daqiqasida Albian Ayeti “Lugano”ni hisobda oldinga olib chiqdi. Biroq 32-daqiqada Timi Elshnik muvozanatni tikladi.
Ikkinchi bo‘limda belgradliklar ustunlikka erishdi. 67-daqiqada Rade Krunich mehmonlarni hisobda oldinga olib chiqdi. Shunga qaramay, “Lugano” mag‘lubiyatdan qutulib qoldi. 84-daqiqada Derek Monkada hisobni tenglashtirdi.
90-daqiqada esa Anto Grgich penaltini aniq amalga oshirib, mezbonlarga g‘alaba keltirdi. Shu tariqa, Behruz Karimov to‘p surayotgan jamoa musobaqadagi dastlabki uch ochkosini qo‘lga kiritdi.
Karimov Shveysariya klubining asosiy tarkibida maydonga tushdi va 73-daqiqada almashtirildi. Ushbu uchrashuv O‘zbekiston terma jamoasi himoyachisi uchun yevrokuboklardagi debyut bahsi bo‘ldi.
UYEFA Konferensiyalar ligasining keyingi turida “Lugano” 22 oktyabr kuni safarda Ispaniyaning “Xetafe” klubiga qarshi maydonga tushadi. Uchrashuv Toshkent vaqti bilan soat 21:45 da boshlanadi.













