O‘zbekistonlik mutaxassis Maksim Shaskix Kiyevning «Dinamo» klubi bosh murabbiyligiga nomzod sifatida ko‘rib chiqilmoqda. Bu haqda Eurasia Football o‘z manbalariga tayanib xabar berdi.
Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, 48 yoshli mutaxassis 2027 yilda Ukraina klubini boshqarishi mumkin. Ayni paytda jamoani Igor Kostyuk boshqarmoqda.
Hozirda Shaskix Qirg‘izistonda faoliyat yuritmoqda. U Talasning «Aziya» klubi bosh murabbiyi hisoblanadi. Oliy diviziondagi debyut mavsumini o‘tkazayotgan jamoa chempionlik uchun kurash olib bormoqda. «Aziya» 25 ta uchrashuvdan keyin 49 ochko bilan uchinchi o‘rinda bormoqda va peshqadam «Bars»dan atigi uch ochkoga ortda qolmoqda.
Shaskix «Aziya»ni 2026 yilgi mavsum oldidan qabul qilib olgan. O‘tgan yilning oxirida tashkil etilgan klub uchun joriy chempionat oliy diviziondagi ilk mavsum hisoblanadi.
Kiyevning «Dinamo» klubi Shaskixning futbolchilik faoliyatida alohida o‘rin tutadi. O‘zbekiston terma jamoasining sobiq hujumchisi 1999–2009 yillarda Ukraina jamoasi sharafini himoya qilgan. U klub bilan bir necha bor Ukraina chempioniga aylangan va uzoq vaqt jamoaning yetakchi hujumchilaridan biri bo‘lgan. Faoliyatini yakunlagach, «Dinamo» tizimida murabbiy sifatida ham ishlagan.
Qirg‘izistonga ko‘chib o‘tishidan avval Shaskix O‘zbekistonning «Paxtakor» va «Andijon» klublarida bosh murabbiy bo‘lib ishlagan. U Toshkent jamoasi bilan O‘zbekiston chempionligini qo‘lga kiritgan.













