Bugun, 16 oktyabr kuni futbol bo‘yicha O‘zbekiston Superligasining 24-tur uchrashuvlari davom ettiriladi. Navbatdagi o‘yin kunida uchta bahs o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Kunning markaziy uchrashuvlaridan biri Qo‘qonda bo‘lib o‘tadi. Unda chempionlik uchun kurashayotgan Farg‘onaning "Neftchi" klubi "Qo‘qon-1912" mehmoni bo‘ladi.
"Neftchi" peshqadamlikni qo‘lga kiritishi mumkin
Ayni paytda "Neftchi" 23 uchrashuvda 52 ochko jamg‘arib, turnir jadvalida ikkinchi o‘rinni egallab turibdi. Farg‘onaliklar peshqadam "Paxtakor" bilan bir xil ochkoga ega.
Shu bois "Neftchi" bugun g‘alaba qozonsa, ochkolari sonini 55 taga yetkazib, kamida "Paxtakor"ning 24-tur uchrashuvi yakunlanguniga qadar turnir jadvalida yakka peshqadamga aylanadi.
"Qo‘qon-1912" esa 23 ochko bilan 13-o‘rinda bormoqda. Mezbonlar ham turnir jadvalidagi mavqeini yaxshilash uchun muhim ochkolarni qo‘lga kiritishga harakat qiladi.
"Bunyodkor" va "So‘g‘diyona" o‘zaro to‘qnash keladi
Poytaxtning "Bunyodkor" klubi o‘z maydonida Jizzaxning "So‘g‘diyona" jamoasini qabul qiladi.
Har ikki jamoa ham turnir jadvalining quyi qismida joylashgan. "So‘g‘diyona" hisobida 28, "Bunyodkor" hisobida esa 22 ochko mavjud.
Kunning yana bir uchrashuvida "Surxon" va "Xorazm" kuch sinashadi. Termizliklar 27 ochko bilan 12-o‘rinda, xorazmliklar esa 22 ochko bilan 15-pog‘onada bormoqda.
24-turning dastlabki natijalari
15 oktyabr kuni o‘tkazilgan ikkita uchrashuvda mehmon jamoalar g‘alaba qozondi.
"Qizilqum" safarda "Andijon"ni 1:0 hisobida mag‘lub etdi. Shuningdek, OKMK ham "Mash’al" mehmoni bo‘lib, xuddi shunday hisobda zafar quchdi.
Ushbu g‘alabadan so‘ng OKMK 39 ochko bilan to‘rtinchi o‘ringa ko‘tarildi. "Qizilqum" esa 33 ochko jamg‘arib, sakkizinchi pog‘onani egalladi.
Superliga. 24-tur
15 oktyabr. Natijalar:
"Andijon" — "Qizilqum" — 0:1
"Mash’al" — OKMK — 0:1
16 oktyabr. Bugungi uchrashuvlar:
19:00 — "Bunyodkor" — "So‘g‘diyona"
19:00 — "Qo‘qon-1912" — "Neftchi"
19:00 — "Surxon" — "Xorazm"
17 oktyabr. Navbatdagi uchrashuvlar:
18:00 — "Lokomotiv" — "Nasaf"
19:00 — "Dinamo" — "Buxoro"
19:00 — "Navbahor" — "Paxtakor"














