Portugaliyalik hujumchi Krishtianu Ronaldu mineral suv ishlab chiqarish biznesiga 10 million yevro sarmoya kiritdi.
«An-Nasr» va Portugaliya terma jamoasi hujumchisi Grupo Outeirinho kompaniyasi bilan hamkorlikda Portugaliyaning Bragansa okrugidagi Goshtey hududida qadoqlangan mineral suvning yangi brendini yaratdi. Hozirda yangi zavod qurilishi boshlangan. Loyihadan maqsad — kelgusi yil oxiriga qadar milliy va xalqaro bozorlarga chiqish.
Ispaniyada Ursu9 suv brendini yo‘lga qo‘ygan Ronaldu shunga o‘xshash loyihani o‘z vatanida ham amalga oshirishga qaror qildi.
Loyihaga jami 20 million yevro sarmoya kiritiladi. Shundan 10 million yevroni Portugaliya suv bozorining 45 foizini nazorat qiluvchi Grupo Outeirinho kompaniyasi, qolgan 10 million yevroni esa Krishtianu Ronaldu sarmoya sifatida yo‘naltiradi.
Grupo Outeirinho vakillarining ta’kidlashicha, ushbu investisiyalar Goshtey hududiga ham foyda keltiradi. Xususan, loyiha bosqichma-bosqich yangi ish o‘rinlarini yaratish imkonini beradi.
Zavod qurilishini 2027 yil oxiriga qadar yakunlash rejalashtirilgan.













