Britaniyalik yengil atletikachi Nik Kous ruhiy salomatlik muammolari va o‘z joniga qasd qilish holatlariga jamoatchilik e’tiborini qaratish maqsadida o‘ziga xos marafon o‘tkazdi. U “Sukunatni buz” shiori ostida sentyabr oyining ilk haftasida Albaniyadan yugurishni boshlab, Gresiya orqali Turkiyaga yetib keldi.
Kous 37 kun davomida qariyb 1700 kilometr yo‘l bosib, Turkiyaning Urgup shahriga yetib keldi. Uning asosiy maqsadi — dam olish kunlari o‘tkaziladigan “Salomon Kapadokya Ultra Trail” xalqaro musobaqasida ishtirok etish. Ingliz sportchisini musobaqa start oladigan Urgupdagi Respublika maydonida shahar meri Ali Ertug‘rul Bul va turnir tashkilotchilari tantanali ravishda kutib olishgan.
Nik Kous ushbu uzoq safar davomida ham jismoniy, ham ruhiy tomondan jiddiy qiyinchiliklarga duch kelganini yashirib o‘tirmadi:
“Kuniga o‘rtacha 45-50 kilometr masofa bosib o‘tdim. Ayniqsa, so‘nggi kun men uchun sinovlarga boy bo‘ldi. Oxirgi 20 kilometrda kuchim butunlay tugaganini his qildim. Bir devor ustiga o‘tirib qoldim va endi davom eta olmasam kerak deb o‘yladim. Bir oz tamaddi qilib, suv ichgach, o‘zimda kuch topib yana yo‘lga tushdim hamda manzilga yetib keldim”, deydi Nik.
Sportchining ta’kidlashicha, ushbu og‘ir safarda unga nafaqat oilasi va do‘stlari, balki Albaniya, Gresiya va Turkiyadagi mutlaqo notanish insonlarning yordami hamda ijtimoiy tarmoqlardagi obunachilarining qo‘llab quvvatlashi cheksiz kuch bag‘ishlagan.













