FIFAning sobiq rahbari Yozef Blatter tashkilotning amaldagi prezidenti Janni Infantinoning federasiya kengashi yig‘ilishidagi nutqiga munosabat bildirdi.
«Bir marta omma oldiga chiqishning o‘zida iqror bo‘lish, gunohlardan poklanish va kechirim olish — hammasi bir yo‘la! Rim papasi bundan juda xursand bo‘lgan bo‘lardi. Ammo futbolda ham, cherkovda ham ishonchni sotib olib bo‘lmaydi», — deb yozdi Blatter ijtimoiy tarmoqlarda.
Avvalroq Infantino Syurixda bo‘lib o‘tgan FIFA kengashi yig‘ilishida 2026 yilgi jahon chempionatiga oid translyasiya huquqlarining sotilishi bilan bog‘liq mojaro uchun uzr so‘ragani xabar qilingan edi. Biroq u ko‘plab savollarga javob bermagan va hech qanday hujjat taqdim etmagan.
Janni Infantino 2016 yil fevral oyining oxirida FIFA prezidenti bo‘lgan. Blatter esa 1998 yildan 2015 yilgacha tashkilotni boshqargan. U 2002, 2007, 2011 va 2015 yillarda qayta saylangan hamda yirik korrupsiya mojarosi fonida lavozimini tark etgan.













