"Manchester Yunayted" bosh murabbiyi Maykl Karrik jamoa qanot hujumchisi Markus Reshfordning o‘yinlari haqida o‘z fikrlarini bildirdi.
28 yoshli futbolchi joriy mavsumda sakkizta uchrashuvda maydonga tushgan bo‘lsa-da, hozircha birorta ham samarali harakatni amalga oshira olmadi. U mazkur bahslarning oltitasini asosiy tarkibda boshlagan.
"Markus ko‘p jihatdan to‘g‘ri harakat qilmoqda. Ha, u jarohat olgani sababli terma jamoa qarorgohini tark etishga majbur bo‘ldi va o‘zini ehtiyot qilishi kerak edi. Ammo hozir u to‘g‘ri yo‘lda ketmoqda.
Hozircha unga shunchaki omad yetishmayapti. Shunga qaramay, u maydonda to‘g‘ri pozisiya tanlamoqda va gol urish uchun imkoniyatlarga ham ega bo‘ldi. U shu tarzda ishlashda davom etishi kerak. Ertami-kechmi uning sa’y-harakatlari o‘z samarasini beradi", — deya Karrikning so‘zlarini keltiradi Centredevils.
Bugun "qizil iblislar" Angliya Premyer-ligasi doirasida safarda "Lids"ga qarshi maydonga tushadi. Uchrashuv Toshkent vaqti bilan soat 18:00 da boshlanadi.













