Ispaniya Milliy sport kengashi (CSD) rahbari Xose Manuel Rodriges Uribes La Liga prezidenti Xavyer Tebasni «Real Madrid TV» telekanali faoliyatini Yozef Gebbelsning nasistlar targ‘iboti usullariga qiyoslagani uchun uzr so‘rashga chaqirdi.
Eslatib o‘tamiz, Tebasning ushbu bayonotidan so‘ng «Real» rahbariyati uning zudlik bilan iste’foga chiqishini talab qilgan va Negreyra ishini ham eslatib o‘tgan edi.
«Bu mutlaqo qabul qilib bo‘lmaydigan holat. Ayniqsa, La Liga prezidenti bo‘la turib, ushbu musobaqada ishtirok etayotgan klub haqida gapirayotganda nasistlar yoki Gebbelsni qiyoslash uchun misol sifatida keltirish mumkin emas. Menimcha, bunday bayonotlar so‘z erkinligi chegarasidan chiqib ketadi.
Yaxshiyamki, Ispaniyada so‘z erkinligi keng himoya qilinadi. Ammo bu kimnidir nasistlar yoki Gebbelsga qiyoslash orqali muayyan chegaradan o‘tish mumkinligini anglatmaydi. Bu mutlaqo yo‘l qo‘yib bo‘lmaydigan holat va men Tebas uzr so‘rashi kerak, deb hisoblayman.
Bundan tashqari, u sport sohasidagi rahbar sifatida muayyan mas’uliyatni ham o‘z zimmasiga olgan. Biz doimo sport qadriyatlari va halol o‘yin tamoyillarining ahamiyati haqida gapiramiz. Shuning uchun boshqalarga o‘zimiz namuna bo‘lishimiz kerak.
Bunday bayonotlar mutlaqo noo‘rin. Intizomiy chora ko‘rish uchun asos bor-yo‘qligi esa alohida masala. Bu borada qaror qabul qilish mening vakolatimga kirmaydi», — deya Uribesning so‘zlarini Eurosport nashriga tayanib The Athletic keltirmoqda.













