Madridning «Real» klubi muxlislari Ispaniya La Ligasining 9-turida «Sevilya»ga qarshi o‘tkazilgan uchrashuvda «Barselona»ga qaratilgan provokasion banner namoyish etishdi.
Yakshanba kuni «Santyago Bernabeu» stadionida bo‘lib o‘tgan bahs madridliklarning 4:1 hisobidagi yirik g‘alabasi bilan yakunlandi.
Madrid Zone nashrining xabar berishicha, uchrashuv davomida «Real» muxlislari tribunalardan biriga «Barselona»ga ishora qiluvchi plakat joylashtirishgan.
Bannerda «Bu futbol emas. Bu Tebas va Negreyra» degan yozuv aks etgan.
E’tiborlisi, Ispaniya La Ligasi prezidenti Xavyer Tebas va sobiq hakamlar qo‘mitasi vise-prezidenti Xose Mariya Enrikes Negreyraning familiyalari «Barselona» klubiga xos ko‘k-anor ranglarda yozilgan.
Ayni paytda «Barselona» Ispaniya chempionati turnir jadvalida 27 ochko bilan peshqadamlik qilmoqda.
Madridning «Real» klubi esa 21 ochko jamg‘argan holda uchinchi o‘rinni egallab turibdi. Ikkinchi pog‘onada 22 ochko bilan «Atletiko» joylashgan.
Qayd etish joiz, 25 oktyabr, yakshanba kuni Ispaniya chempionatining navbatdagi «el-klasiko» uchrashuvi bo‘lib o‘tadi.
Mazkur bahsda «Real» safarda «Barselona»ga qarshi maydonga tushadi.













