Fransiya Liga 1 musobaqasining 7-turida «Parij» va «Renn» o‘rtasidagi uchrashuvda o‘ziga xos tarixiy natija qayd etildi.
«Parij» 4:3 hisobida g‘alaba qozongan mazkur bahsda jami yettita gol urildi. E’tiborlisi, ularning to‘rttasi penaltidan kiritildi.
«Renn» safidagi barcha uchta golga Esteban Lepol mualliflik qildi. Futbolchi uchala golini ham 11 metrlik jarima zarbasidan kiritib, xet-trik qayd etdi.
Bu Fransiya chempionatida 1992 yildan buyon kuzatilmagan natija bo‘ldi.
O‘sha yili «Tulon» futbolchisi Leonardo Rodriges yanvar oyida «Nansi»ga qarshi uchrashuvda uchta penaltini golga aylantirgan edi.
Shu tariqa, Esteban Lepol Liga 1da bir uchrashuv davomida penaltilardan xet-trik qayd etgan 1992 yildan keyingi ilk futbolchiga aylandi.
Navbatdagi turda «Parij» 24 oktyabr kuni safarda «Lans»ga qarshi maydonga tushadi.
«Renn» esa o‘z maydonida «Strasbur»ni qabul qiladi.













