Fransiya Liga 1 musobaqasining dastlabki yettita turidan so‘ng turnir jadvalida tarixiy holat yuzaga keldi.
Chempionatda birdaniga beshta jamoa — «Lion», «Pari Sen-Jermen», «Parij», «Lill» va «Monako» bir xil ochko jamg‘argan holda peshqadamlik uchun kurashmoqda.
Ushbu klublarning har biri hisobida 14 ochkodan bor. Bu jamoalar o‘tkazilgan yettita uchrashuvda o‘rtacha ikki ochkodan qo‘lga kiritganini anglatadi.
Qayd etilishicha, Fransiya oliy divizioni tarixida mavsumning yettinchi turidan so‘ng birdaniga beshta klubning bir xil ochko bilan yetakchilar qatorida bo‘lishi ilk bor kuzatilmoqda.
Jamoalarni faqat kiritilgan va o‘tkazib yuborilgan to‘plar nisbati ajratib turibdi.
Aynan shu ko‘rsatkich bo‘yicha «Lion» ayni paytda Fransiya chempionati turnir jadvalida birinchi o‘rinni egallab turibdi.
E’tiborlisi, navbatdagi turda peshqadamlar o‘rtasida muhim to‘qnashuv bo‘lib o‘tadi.
25 oktyabr, yakshanba kuni «Lion» amaldagi mamlakat chempioni «PSJ»ga qarshi maydonga tushadi.
Mazkur uchrashuv Fransiya chempionatidagi peshqadamlik kurashiga bevosita ta’sir ko‘rsatishi mumkin.













