"Chelsi"ning argentinalik darvozaboni Emiliano "Dibu" Martines og‘ir jarohat sabab jarrohlik amaliyotini boshdan kechirdi va uzoq muddat maydonga tusha olmasligi mumkin.
Argentinalik jurnalist Xerman Garsiya Grovaning xabar berishicha, 34 yoshli futbolchining singan jag‘ suyagi muvaffaqiyatli operasiya qilingan. Hozirda Martines uyida tiklanish jarayonini o‘tamoqda.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, darvozabonning sog‘ayishi uchun 45 kundan 60 kungacha vaqt talab etiladi.
Martines shanba kuni Angliya Premyer-ligasi doirasida "Everton"ga qarshi o‘tkazilgan va "Chelsi"ning 2:0 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlangan uchrashuvda jarohat olgan.
Bahs davomida u raqib himoyachisi Jarrad Brantueyt bilan to‘qnashib ketgan. Tibbiyot xodimlari futbolchiga maydonning o‘zida uzoq vaqt yordam ko‘rsatishgan, shundan so‘ng darvozabon shifoxonaga olib ketilgan.
"Chelsi" klubi Martinesning operasiyasi muvaffaqiyatli o‘tganini tasdiqlab, tiklanish davrida unga har tomonlama yordam ko‘rsatilishini ma’lum qildi.
Argentinalik futbolchi esa o‘ziga dalda bildirgan muxlislarga minnatdorchilik izhor etib, bir necha hafta ichida maydonga qaytishga umid qilayotganini aytdi.













