«Galatasaroy» Fransiyada davom etayotgan norozilik namoyishlari fonida UYEFAdan «Lill»ga qarshi uchrashuvda xavfsizlik choralarini kuchaytirishni so‘radi.
Jamoalar o‘rtasidagi Chempionlar ligasi umumiy bosqichining 3-tur uchrashuvi 21 oktyabr, chorshanba kuni bo‘lib o‘tadi.
Shanba kuni Parij va Fransiyaning boshqa yirik shaharlarida yashash xarajatlarining qimmatlashishiga qarshi norozilik namoyishlari o‘tkazildi. Ko‘plab aksiyalar ommaviy tartibsizliklarga aylanib ketdi.
Bezorilar do‘konlarni talon-toroj qildi, avtomobillar va binolarga o‘t qo‘ydi. Shaharlarning tarixiy markazlariga katta moddiy zarar yetkazildi.
Namoyishchilar bilan to‘qnashuvlarda 600 nafardan ortiq polisiya xodimi, jandarm va o‘t o‘chiruvchi jarohat oldi. Ikki ming kishi qo‘lga olindi.
Fransiya ichki ishlar vaziri Loran Nunyes avvalroq norozilik namoyishlariga qaramay, «PSJ» — «Barselona» va «Lill» — «Galatasaroy» uchrashuvlarini boshqa sanaga ko‘chirish masalasi ko‘rib chiqilmayotganini ma’lum qilgan edi.
Fanatic nashrining xabar berishicha, «Galatasaroy» rahbariyati UYEFAga murojaat qilib, uchrashuvdan oldin, o‘yin davomida va undan keyin xavfsizlik choralarini kuchaytirishni so‘ragan.
Turkiya klubi Fransiya elchixonasi va Turkiya Tashqi ishlar vazirligi bilan doimiy aloqada bo‘lib turibdi. Shu bilan birga, bahsni boshqa stadionga ko‘chirish varianti ko‘rib chiqilmayapti.
«PSJ» va «Barselona» o‘rtasidagi uchrashuvda ham kuchaytirilgan xavfsizlik choralari amal qilishi kutilmoqda.













