Londonning "Arsenal" klubi yarim himoyachi Deklan Rays bilan hamkorlikni uzaytirish arafasida turibdi.
Now Arsenal nashrining ijtimoiy tarmoqlarda tarqatgan ma’lumotiga ko‘ra, klub va futbolchi o‘rtasida yangi shartnoma bo‘yicha muzokaralar yakuniy bosqichga yetgan. Kelishuv rasman yaqin vaqt ichida e’lon qilinishi kutilmoqda.
Angliyalik yarim himoyachi 2023 yil yozidan buyon "Arsenal" sharafini himoya qilib kelmoqda. U jamoa markaziy chizig‘ining asosiy futbolchilaridan biri hisoblanadi va Angliya Premyer-ligasi hamda Chempionlar ligasidagi deyarli barcha uchrashuvlarda muntazam maydonga tushmoqda.
Raysning londonliklar bilan amaldagi shartnomasi 2028 yil yoziga qadar mo‘ljallangan.
Eslatib o‘tamiz, yarim himoyachi hafta o‘rtasida o‘tkazilgan Chempionlar ligasining "Bavariya"ga qarshi uchrashuvida ham muhim rol o‘ynadi.
Myunxenda kechgan bahsning ikkinchi bo‘limi oxirlarida Rays gol urib, "Arsenal"ga 2:2 hisobidagi durangni ta’minladi. Shu tariqa, "kanonirlar" Germaniya safaridan bir ochko bilan qaytdi.













