«Manchester Yunayted» bosh murabbiyi Maykl Karrik klub manfaatlari har qanday futbolchi yoki murabbiyning shaxsiy manfaatlaridan ustun turishi kerakligini ta’kidladi.
Angliyalik mutaxassis matbuot anjumanida «qizil iblislar» tarixida muhim o‘rin tutgan shaxslarni misol qilib, klubning asosiy qadriyatlari haqida fikr bildirdi.
«Men bu klub tarixining bir qismi bo‘lgan ayrim insonlarni shaxsan taniyman va ular bilan yaxshi tanishman.
«Manchester Yunayted» har doim har qanday alohida shaxsdan ustun bo‘lgan va shunday bo‘lib qoladi. U mendan ham, istalgan futbolchidan ham muhimroq. Bu yerda doim shunday bo‘lgan.
Menga klubning ayrim buyuk futbolchilarini shaxsan tanish va ular bilan birga o‘ynash baxti nasib etgan.
Rayan Giggz, ehtimol, «Manchester Yunayted» tarixidagi eng buyuk futbolchilardan biridir. Ammo gap hech qachon Rayan Giggz haqida bo‘lmagan. Birinchi o‘rinda doimo «Manchester Yunayted» turgan.
Ueyn Runi klub tarixidagi eng yaxshi to‘purar hisoblanadi. U uchun eng muhimi jamoa manfaati yo‘lida o‘ynash, kerak bo‘lsa, o‘zini qurbon qilish va «Manchester Yunayted» uchun eng to‘g‘ri ishni bajarish edi.
Ser Aleks Fergyuson esa barcha davrlarning eng buyuk murabbiyi. Shaxsan men uchun u eng zo‘ri hisoblanadi. Uning qo‘l ostida ishlaganimda, Fergyuson uchun ham eng asosiy ustuvor vazifa «Manchester Yunayted» manfaatlari ekanini ko‘rganman.
Biz hech qachon bu fazilatlarni yo‘qotmasligimiz kerak. Men ham ularning yo‘qolishiga yo‘l qo‘ymayman. Aynan shu maqsadga erishish istagi meni yanada qattiqroq ishlashga undaydi», — dedi Karrik.
Qayd etish joiz, «Manchester Yunayted» Angliya Premyer-ligasining dastlabki yetti turida 7 ochko jamg‘arib, musobaqa jadvalida 13-o‘rinni egallab turibdi.
Mankunianliklar navbatdagi uchrashuvini 25 oktyabr kuni o‘z maydonida «Bornmut»ga qarshi o‘tkazadi.













