Iroqning "Eyr Fors" klubi bosh murabbiyi Rashid Jobir OFK Elit Chempionlar ligasi 3-turidan o‘rin olgan "Paxtakor"ga qarshi uchrashuv oldidan o‘z fikrlarini bildirdi.
Ummonlik mutaxassis raqibning imkoniyatlarini yuqori baholab, jamoasi muvaffaqiyatsiz natijalardan keyin g‘alabali yo‘lga qaytishni maqsad qilganini ta’kidladi.
"Paxtakor" O‘zbekiston chempionati va Osiyo Chempionlar ligasida yaxshi o‘yin ko‘rsatayotgan kuchli jamoa. Shu bois yuqori darajadagi konsentrasiyani saqlashimiz va avvalgi uchrashuvlarda yo‘l qo‘ygan xatolarimizni takrorlamasligimiz kerak.
So‘nggi mag‘lubiyatlarga qaramay, jamoamizning imkoniyatlariga to‘liq ishonaman. Futbolchilarning ko‘zida ijobiy natijaga erishish istagi va qat’iyatni ko‘rib turibman.
Muxlislarimizni xursand qilish — asosiy maqsadimiz. Hozirgi vaziyatdan chiqib ketish va g‘alabali yo‘lga qaytish uchun astoydil harakat qilamiz", — dedi Jobir.
Shuningdek, murabbiy o‘z kelajagi borasida tarqalgan mish-mishlarni rad etib, klubdagi faoliyatini davom ettirishini bildirdi.
Eslatib o‘tamiz, "Eyr Fors" musobaqaning dastlabki ikki turida mag‘lubiyatga uchragan. Iroqliklar avval "Neftchi"ga 0:1, keyin esa "Al-Ayn"ga 1:4 hisobida imkoniyatni boy bergan.
"Eyr Fors" – "Paxtakor" uchrashuvi bugun, 26 oktyabr kuni Bag‘doddagi "Al-Madina" stadionida o‘tkaziladi. Bahs Toshkent vaqti bilan soat 23:15 da boshlanadi.













