Kirish Ro'yxatdan o'tish
26/12 17:30 Manchester Siti 1-1 Everton
26/12 20:00 Bornmut 0-0 Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi 1-2 Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl 3-0 Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest 1-0 Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted
27/12 01:00 Liverpul - Lester

Obameyangning yashirin sirlari

Obameyangning yashirin sirlari

Baho:
+ | -

Dortmundning «Borussiya»sida to‘p surayotgan Pyer-Emerik Obameyang shubhasiz, sayyoramizning ayni damdagi eng kuchli hujumchilaridan biri sanaladi. U bundesliganing 15 o‘yinida raqiblar darvozasiga naq 16 ta gol urdi. Bu esa tabiiyki, Pyerni «Oltin butsa»ning navbatdagi tanlovida yetakchilar safida bo‘lishini ta’minlaydi. Demak, Obemeyang bilan yaxshiroq tanishib olish vaqti keldi, bizningcha...

«Gavdani qo‘lda ko‘tarish»

Shu yilning 19 noyabr kuni «Borussiya» o‘z maydonida «Bavariya»ni qabul qildi. Obameyang esa o‘yindagi yagona golni urganidan so‘ng maydonga yuztuban yotib olib, xalq orasida «gavdani qo‘lda ko‘tarish» deb nom olgan mashqni uch marta bajardi va keyin tribuna tomon chopib borib, u yerdagi qaysidir bir muxlisga ishora qildi. Hujumchining aytishicha, bu harakatlar Obemeyangning yaqin do‘sti, fransiyalik taniqli reper Gradurga atalgan ekan. O‘zi umuman olganda, Obameyang golni nishonlash borasida uncha-muncha hamkasblariga «saboq» berishga qodir. Masalan, u «Sent-Etyen»da to‘p surib yurgan kezlaridayoq gollaridan birini yuziga mashhur kinoqahramon - O‘rgimchak-odamning niqobini kiyib olib nishonlagandi. Aytishlaricha, bu qiliq Pyerning do‘sti, sobiq darvozabon Jeremi Janoga atalgan bo‘lib, golkiper mazkur kartinani juda yaxshi ko‘rarkan. Qizig‘i shundaki, Obemeyang «Borussiya»ga kelganidan keyin ham darrov o‘z uslubiga sodiq qolib, 2014 yili «Bavariya»ga qarshi o‘tgan Germaniya superkubogidagi golini yana o‘sha «O‘rgimchak-odam» niqobida nishonladi. Oradan bir yil o‘tgach u «Shalke» darvozasiga kiritilgan to‘pni Betmen, jamoadoshi Marko Roys esa Robin qiyofasida nishonlagandi.

Butsalar

Obemeyang Fransiya chempionatida to‘p surib yurgan paytlardayoq bosh­qalarga o‘xshamaslikka intilardi. Masalan, u «Lion»ga qarshi o‘yin oldidan mashg‘ulotlarga kiyib chiqqan butsa hammani birdek hayratga solgandi. To‘g‘rida, axir to‘q yashil rangdagi, buning ustiga uch mingta «Svarovski» kristallari bilan bezatilgan poyafzalda to‘p tepib bo‘larmidi?! Aytishlaricha, bunday matohning narxi uch ming yevrodan ortiq ekan. To‘g‘ri, Pyer mazkur butsalarda rasmiy o‘yinlarda maydonga chiqmadi. Lekin u shunaqa yaltiroq kiyimlarga qiziqishi rost. Masalan, Pyer-Emerik do‘stining to‘yiga oq shim va tillarang kamzulda tashrif buyurgan. Obemeyangga tushlikni o‘z vaqtida qilgandan ko‘ra, sartarosh qabulida o‘tirish ko‘proq yoqadi. Misol uchun, u yaqinda Gabon terma jamoasining navbatdagi o‘yinidan so‘ng Dormund­ga qaytayotib, shartta Parijga burilib, taniqli sartarosh huzuriga yo‘l oldi. U esa tabiiyki, qaychi va tarog‘ini ishga solib, futbolchining boshiga yulduzlar suratini chizdi. Xullas, Omemeyang - mana shunaqa inson.

Afrika

2015 yil yakunlariga ko‘ra Obameyang Afrikaning eng yaxshi futbolchisi deb topildi. Ayni paytda esa u Gabon milliy terma jamoasining sardori. Pyer-Emerikning otasi katta Pyer Obameyang ham o‘z vaqtida professional futbolchi bo‘lib, u Gabon termasi tarkibida to‘p surgan. Aytgancha, uning akalari Villi va Katilinlar ham terma libosini kiyishgan. Eng qizig‘i, ular xuddi Pyer-Emerik singari, o‘z vaqtida «Milan» klubi sharafini himoya qilishgan. Pyer-Emerikning onasi Margarita Krespo - ispaniyalik. Pyer-Emerik esa 1989 yilning 18 iyunida Fransiyada dunyoga kelgan. U fransuz tilidan tash­qari, italyan va ingliz tillarida ham erkin so‘zlasha oladi. Pasportlari soni uchta: otasi tufayli - Gabon, onasi sababli - Ispaniya, tug‘ilgan joyi tufayli Fransiya fuqaroligiga ega. Obameyanglar oilasi hech qachon moliyaviy muammolarga duch kelmagan. Pyer-Emerik esa maktabda a’lo baholarga o‘qigani uchun futbol haqida ortiqcha o‘ylamas, kelajakda yirik biznesmen bo‘lish haqida orzu qilardi. Biroq u otasining xohishi va qat’iy talabi tufayli sport maktabiga kelib qoldi.

Mashinalar

Obemeyang Fransiya chempionatida o‘ynab yurgan kezlari uning garajida AstonMartin (620 ot kuchi) va AudiQ7 ulovlari turardi. Kunlarning birida bu garajga o‘g‘ri tushib, mashinalar olib qochildi. Obemeyang esa bu vaqtda Fransiya Liga kubogi finalida jamoasi uchun ter to‘kayotgandi. Yaxshiki, o‘sha vaqtda polisiya juda ustamon bo‘lgan shekilli, oradan ko‘p o‘tmay, mashinalar topilib, egasiga qaytarildi. Hujumchi Dortmundga ko‘chib o‘tganidan keyin uni ko‘chada qizil Ferrarida, tillarang Lamborghini Aventadorda, Porsche Panamerada va AudiR8 V10 plus rusumidagi avtoulovlarda ko‘rishdi.

Evropa

Bilamizki, Obameyang aynan mana shu qit’ada dunyo yuzini ko‘rdi va faoliyatini ham faqat Yevropa klublarida o‘tkazmoqda. Fransiyaning turli yoshdagi bolalar va o‘smirlar jamoalarida to‘p surganidan so‘ng u 2007 yili «Milan» klubining yoshlar jamoasida paydo bo‘lib qoldi. Keyin esa «Dijon», «Lill» va «Monako» klublarida o‘tgan ijara davri boshlandi. 2011 yilning yanvarida Pyer «Sent-Etyen» klubi a’zosiga aylandi. Dekabrda esa futbolchiga uzoq muddatga mo‘ljallangan to‘laqonli shartnoma taklif qilishdi. Shu tariqa, u 2012G‘13 yillar mavsumida oliy divizionda 37 o‘yin o‘tkazib, ularda 19ta  gol urdi. Bundan ko‘p natijaga faqat «PSJ» forvardi Ibragimovich erishgandi, xolos. Tabiiyki, bunday sermahsullik Pyer-Emerikni keyingi mavsumda Dortmund klubiga taklif etilishi bilan yakunlandi.

Yamayka

Barchaga yaxshi ma’lumki, bu mamlakatda dunyoning eng chopag‘on insoni - Useyn Bolt yashaydi. Ammo buyuk sprinterning Dortmundda yaxshigina raqobatchisi bor. Deylik, yamaykalik sportchi 100 metrlik masofani 9,58 soniyada bosib o‘tib, dunyo rekordini o‘rnatganida, dastlabki 30 metr uchun 3,78 soniya vaqt sarflagandi. Obameyang esa bu masofani 3,7 soniyada bosib o‘tganiga guvohlar bor. Aftidan, bu ikki tezkor sportchilar yaqinda yashil maydonda ko‘rishib qolishsa ham, ajabmas. Zero nemis va ingliz nashr­larida aytilishicha, bolaligida futbolga astoydil qiziqqan Bolt «Borussiya»ning bir nechta mashg‘ulotlarida ishtirok etganmish. Bu qanchalik haqiqat bilmadigu, ammo Obameyangning o‘ta yuqori tezligini biz CHLning «Real»ga qarshi o‘tgan o‘yinida ham ko‘rdik. Yodingizda bordir, «sariq-qoralar» qarshi hujumga o‘tishganida, Obemeyang tajribali Ramosni osongina ortda qoldirib, Roysga golli uzatma berdi. Qolaversa, tezlik - Obameyang maqtana oladigan yagona ustunlik emas: u to‘p bilan muomalada mushukdek chaqqon, maydonni ko‘rishi ham a’lo darajada. Aytgancha, Pyerda hujumchilar uchun noyob yana bir xislat bor - u to‘pni sheriklaridan aslo qizg‘anmaydi.

Jazo

Tezlik - Obemengning ustun taraflaridan biri. Ammo shunisi ham borki, tezlikka intilish ba’zida futbolchi bilan qo‘pol tarzda hazillashib ham turadi. Misol uchun, avtomobillarni olaylik: Bild nashrining ma’lum qilishicha, futbolchi 2013 yilning iyulida Dormundning yuqori tezlik soatiga 60 kilometrgacha chegaralangan hududini 117 km|soat tezlikda bosib o‘tadi. O‘sha yil oktyabrida esa 30 km tezlik belgilangan joydan 77 km tezlikda o‘tib, polisiya qo‘liga tushadi. Albatta, futbolchini qoidabuzarlik uchun jarimaga tortib, ikkinchi bor tezlikni oshirgani uchun ikki oyga haydovchilik guvohnomasidan mahrum qilindi. 2015 yilning oktyabrida esa u tillarang «Lamborjini»sini nogironlar uchun mo‘ljallangan joyga to‘xtatib qo‘ydi. Yaxshiyamki, mashinani evakuatorda olib ketib qolishmadi. Lekin bu voqealar shu yil oktyabr oyi oxiridagi hodisa oldida hech narsa emas. Chunonchi, Obemeyang «Shalke»ga qarshi o‘yindan keyin hech kimning ruxsatisiz shartta Milanga ketib qoldi. Ushbu noo‘rin qiliq forvardni CHLning «Sporting»ga qarshi o‘yinidan mahrum qilibgina qolmay, 40 ming yevrolik jarimaga ham sabab bo‘ldi. Gamburg maydonidagi yarashish o‘yinida esa Pyer-Emerik raqib darvozasini 4 marta aniq nishonga olib, («Borussiya» o‘sha o‘yinni 5:2 hisobida o‘z foydasiga hal qilgandi) o‘zini Tomas Tuxelning quchog‘iga otdi va shu tariqa, ustozidan kechirim so‘radi. Darvoqe, jamoa bosh murabbiyi o‘yindan so‘ng aytdiki, «Borussiya» o‘z maqsadlariga faqat Obameyang bilan birga erisha oladi, xolos.

Gollar

Pyer-Emerik joriy mavsumning rasmiy o‘yinlarida 20 marta o‘z hisobiga gol yozib qo‘ydi. Jumladan, Madridning «Real»i darvozasini CHL doirasida uyda ham, safarda ham ishg‘ol qilishni uddaladi. Biz bu ikki golni bejizga alohida ko‘rsatmayapmiz. Negaki, futbolchining Madriddan atigi 100 km. uzoqlikda yashagan bobosi «Real»ning ashaddiy muxlisi bo‘lgan. 2014 yili bobosi bu yorug‘ olam bilan xayrlashayotgan vaqtda Pyer-Emerik unga qachonlardir albatta, «Qirollik klubi» o‘ynashini aytib, va’da bergandi. 7 dekabr kuni bo‘lgan o‘yinda Obameyang «Real» darvozasiga gol urib, yana bir golga hammualliflik qilgach, Instagramdagi sahifasida shunday yozuv qoldirdi: «Umid qilamanki, sen golimni ko‘rding, buvajon». Boz ustiga, Pyer-Emerikning o‘zi ham bolalik chog‘larida faqat shu klubga muxlislik qilgan. Mana, bugunga kelib o‘sha orzular ushalish arafasida turibdi. Zero dormundliklar mish-mishlarni qanchalik rad qilishmasin, Pyerga «Real» tomonidan jiddiy qiziqish bor. Shuningdek, unga «Manchester Siti», «Arsenal» klublari ham xaridor sanalishadi. Futbolchining taxminiy bahosi 70 - 90 million yevro atrofida ekan. Agar dormundliklar Obameyangni «Sent-Etyen»dan atigi 13 millionga xarid qilishganini eslasak, uning transferi tufayli klub ancha-muncha foyda ko‘rishi aniq. Biroq «Borussiya» shunday sermahsul hujumchini sotadimi-yo‘qmi, hamma gap ana shunda...

Manba: interfutbol.uz
Kiritildi: 19:16, 18.01.2017.
O'qildi: 10192 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.