Kirish Ro'yxatdan o'tish
28/12 00:30 Brayton 0-0 Brentford
28/12 01:15 Arsenal 1-0 Ipsvich
28/12 19:00 Empoli 1-2 Jenoa
28/12 19:00 Parma 2-1 Monsa
28/12 22:00 Kalyari 0-3 Inter
29/12 00:45 Lasio 1-1 Atalanta
29/12 16:30 Udineze - Torino
29/12 19:00 Napoli - Venetsiya
29/12 19:30 Lester - Manchester Siti
29/12 20:00 Tottenhem - Vulverhempton
29/12 20:00 Kristal Pelas - Sautgempton
29/12 20:00 Everton - Nottingem Forest
29/12 20:00 Fulhem - Bornmut
29/12 22:00 Yuventus - Fiorentina
29/12 22:15 Vest Xem - Liverpul
30/12 00:45 Milan - Roma
30/12 22:30 Komo - Lechche

Maksimilian Fomin: «Afsuski, Oliy ligada kelishilgan o‘yinlar saqlanib qolyapti»

Maksimilian Fomin: «Afsuski, Oliy ligada kelishilgan o‘yinlar saqlanib qolyapti»

Baho:
+ | -

Oliy liga jamoalari yangi mavsumga tayyorgarlikning ikkinchi bosqichini davom ettirishmoqda. Moliyaviy tomondan baquvvat, o‘ziga to‘q jamoalar xorijda, qolgan klublarimiz esa Toshkent­da, nari borsa, o‘z bazalarida o‘quv-mashg‘ulot yig‘iniga kirishishdi.

Birinchilardan bo‘lib «Lokomotiv» klubi BAAda xorij yig‘inini o‘tkazmoqda. «Temiryo‘lchilar» 8 yanvardan e’tiboran ikki hafta mobaynida Dubay shahrida yig‘in tashkil etishdi. Xorijda yig‘in o‘tkazishi kutilayotgan jamoalarimizdan yana biri bu «Buxoro»dir. Ko‘hna shahar jamoasi oldiga yangi mavsumda yanada jiddiy vazifalar qo‘yilmoqda. O‘tgan mavsum «Buxoro» oliy ligada 4-o‘rinni egallagan edi.

Ular bu borada 2015 yilgi chempion «Paxtakor»ni ham ortda qoldirishga muvaffaq bo‘lishgandi. Lekin OCHL­dagi o‘rinlarimizning kamaytirilgani bois «Buxoro» o‘z tarixida ilk bor qit’aning nufuzli musobaqasida ishtirok etishdan bebahra qolgan edi. Shundan kelib chiqqan holda jamoa rahbariyati mavsum tadorigiga alohida e’tibor qaratishni maqsad qilgan. Bilmadik, bu qanchalik haqiqatga yaqin, lekin uzunquloq gap-so‘zlarga qaraganda, «Buxoro» jamoasi rahbariyati tarkibga yulduz futbolchilarni jalb qilishni rejalashtirgan. Hatto, chaqirilishi kutilayotganlar ro‘yxatida milliy terma jamoamiz darvozaboni Ignatiy Nes­terov, o‘tgan mavsum yorqin o‘yin namoyish etgan Jaloliddin Masharipov kabi futbolchilarning ism-sharifi ham borligi aytil-yapti.

Lekin katta ehtimol bilan bu transferlar amalga oshmasa kerak. Ayniqsa, Masharipovning o‘tishi. Boisi, bizdagi ma’lumotlarga ko‘ra bu futbolchiga xorij klublaridan ham aniq takliflar bor. Bir so‘z bilan aytganda, mavsum yaqinlashgani sari bunday xabarlarni eshitaveramiz. Biz «Buxoro» himoyachisi Maksimilyan Fomin bilan uchrashib, undan o‘tgan yil yakunlari va yangi mavsumga tayyorgarlik yuzasidan intervyu oldik.

- Maksimilyan, o‘tgan 2016 yil «Buxoro» uchun ancha yaxshi keldi. Jamoa so‘nggi turlargacha chempionat medallari uchun kurash olib bordi. Shundan kelib chiqib, o‘tgan mavsumni «Buxoro» uchun omadli o‘tdi, deyish mumkinmi?

- Albatta. 2016 yilgi futbol mavsumi biz uchun omadli keldi. Agar «Buxoro» jamoasining avvalgi yillardagi qatnashuvi bilan taqqoslaydigan bo‘lsak, o‘tgan mavsum chempionat va kubok bahslaridagi ishtiroki ancha ijobiy ko‘rinishda ekanligi oydinlashadi. Shunday vaziyatlar ham bo‘lganki, biz oliy ligada o‘z o‘rnimizni saqlab qolish uchun kurash olib borganmiz. So‘nggi turda kuchlilar safida jon saqlab qolish vazifasini uddalagan mavsumlar ham bo‘lgan. Lekin afsus bilan shuni aytish mumkinki, biz hatto OCHLning «pley-off» saralash bosqichida qatnashish huquqini ham qo‘lga kirita olmadik. Ayrim o‘yinlarda kutilmaganda ochkolarni boy berib qo‘ydik. g‘alaba qozonishimiz shart bo‘lgan uchrashuvlarda raqiblarga ochko ulashdik. Bu esa yakunda, aynan ochkolar suv va havodek zarur bo‘lgan bir paytda bizga pand berdi. Qolaversa, O‘zbekistonga berilgan kvotalar sonining 4tadan 3tagacha tushirilishi ham bizning zararimizga ishladi. Bundan avvalgi ikki mavsumda mamlakatimizning 4ta jamoasi OCHLda ishtirok etgan edi. Jamoamiz uchun bir pog‘ona yetmay qoldi. Bitta g‘alaba bizni sovrinli o‘rinlardan bebahra qoldirdi. Shunga qaramay, klub rahbariyati, jamoamiz muxlislari «Buxoro» jamoasining o‘tgan mavsumdagi ishtirokidan qoniqish hosil qilishdi. Aks holda, bizni bu darajada qo‘llab-quvvatlamagan bo‘lardilar. Oliy ligadagi eng ko‘p tomoshabinga ega jamoa ham aynan «Buxoro» bo‘ldi. O‘z maydonimizdagi o‘yinlarimizga deyarli 10 mingdan kam muxlis kelmadi. Qolaversa, O‘zbekiston kubogida ham yomon qatnashmadik. Ikki o‘yin natijasiga ko‘ra o‘sha paytda amaldagi chempion bo‘lib turgan «Paxtakor»­ni musobaqadan chiqarib yubordik. Sobiq jamoamni chempionat bahslarida ham mag‘lubiyatga uchratdik. Umuman olganda, «Buxoro» uchun mavsum omadli keldi.

- Shaxsan o‘zingiz uchun 2016 yilgi futbol mavsumi qanday o‘tdi?

- O‘ylashimcha, yomon emas. Mavsum jamoamga omadli kelgan ekan, demak shaxsan men uchun ham muvaffaqiyatli o‘tdi. To‘g‘ri, har doim ham bir maromda o‘yin namoyish etavermaysiz. Ayniqsa, bizning yoshda ko‘tarilish, aksincha, pastlash holatlari uchrab turadi.

- Nima deb o‘ylaysiz, murabbiylar sizga maydonda yetarlicha o‘ynash imkonini berishdimi?

- Ha, menga taqdim etilgan imkoniyatlardan ko‘nglim to‘ldi. Jamoamizda raqobat juda ham kuchli. Buning natijasida zaxira o‘rindig‘ida qolib ketgan o‘yinlarim ham bo‘ldi. Lekin murabbiylar eng muhim va hal qiluvchi ahamiyatga ega bahslarda menga ishonch bildirishdi. Asosiy tarkibda maydonga tushirishdi. O‘sha uchrashuvlarda jamoadoshlarimga yordam bera olganimdan xursandman.

- «Buxoro» bilan shartnomangiz yakunlandimi?

- Xuddi shunday. 30 dekabr kuni shartnomam yakunlandi va erkin agent­ga aylandim.

- Yangi mavsumda ham «Buxoro» sharafini himoya qilasizmi? Bu borada bir to‘xtamga keldingizmi?

- Shunday desa ham bo‘ladi.

Buxoroda qolishni maqsad qilganman. Agar qandaydir g‘ayritabiiy holatlar bo‘lib qolmasa, yangi mavsumni ham «Buxoro» jamoasi tarkibida boshlayman.

- Oliy liganing boshqa klublaridan takliflar bo‘lmadimi?

- Takliflar hamisha ham bo‘lgan. Bu galgi mavsumlar oralig‘ida ham bir nechta klubdan takliflar bo‘ldi. Lekin ularning hech biri bilan muzokaraga kirishmadim. Asosiy maqsadim - «Buxoro» jamoasida qolish, yakuniga yetgan shartnomam muddatini uzaytirish. Ammo hozircha klub rahbariyati va jamoa murabbiylar shtabining fikrini bilmayman.  

- Oliy liganing yangi mavsumiga qur’a tashlanganidan so‘ng jamoalar o‘z raqiblarini bilib olishdi. To‘g‘ri, har qanday holatda ham barcha jamoalar bilan o‘yin o‘tkaziladi. Lekin dastlabki turlardagi raqiblar nomini bilish tayyorgarlik ko‘rishda ancha qo‘l keladi. Umuman, qur’a haqida qanday fikrdasiz?

- Menimcha, qur’a har doimgidek ssenariy asosida o‘tkazildi. Men shunchaki, qur’a natijalariga tezda ko‘z yugurtirib chiqdim. Meni o‘ziga jalb qilgan tomoni shunda bo‘ldiki, «Buxoro» ketma-ket ikkita uchrashuvda mamlakatimizning ikki grand klubini o‘z maydonida qabul qilar ekan. Bu esa ajoyib imkoniyat. Ya’ni chempionlik uchun kurashda ikki favorit jamoadan muhim ochkolarni tortib olishimiz mumkin. Faqat bundan qanchalik foydalanib qolish boshqa masala. Bu jamoalarga qarshi kechadigan o‘yinlarda stadionimiz qay darajada muxlislar bilan to‘lishini tasavvur qilyapsizmi? Muxlislarimiz katta uchrashuvlardan bahramand bo‘lishadi.

- «Buxoro» jamoasidan asosiy tarkib futbolchilari ketishi mumkin ekan. Har holda bizda shunday ma’lumotlar bor. Bu xabarlar qanchalik haqiqatga yaqin?

- Bilasizmi, bu haqda tayinli hech qanday ma’lumot yoki xabar eshitmadim. Ishoning, chin so‘zim. Bilganim, asosiy tarkibning deyarli barcha futbolchilari ilk yig‘inda jamoamiz bilan birga mashg‘ulot o‘tkazishdi. Faqat Shavkat Salomov Malayziya klubida ko‘rikdan o‘tish maqsadida jo‘nab ketgandi. Aziz Ibragimov boshqalarga nisbatan ta’tildan kechroq safimizga kelib qo‘shilishi kerak. Qolgan barcha futbolchilar mavsumga tayyorgarlikni davom ettirishyapti. Hali chempionat boshlanishiga ikki oy vaqt bor. Tarkibda ko‘plab o‘zgarishlar ro‘y beradi. Murabbiylar shtabi yangi futbolchilarni ko‘rikdan o‘tkazadi. Shunday ekan, tarkib borasida hozir bir narsa deyish mushkul. Bilganim, klub rahbarlari va murabbiylar o‘tgan yilgi asosiy tarkibni to‘laligicha saqlab qolishni maqsad qilishgan. Albatta, tarkibni to‘liq saqlab qolishning imkoni yo‘q. Turli sabablar bilan asosiy tarkibning kamida 2-3 nafar yetakchi futbolchisi klubni tark etadi. Futbol qonuniyati shunday. O‘ylaymanki, asosiy tarkibning negizi saqlab qolinadi.

- Umuman, o‘tgan yilgi chempionat sizda qanday taassurot qoldirdi? Kamchiliklar qay holatlarda ko‘zga tashlandi? Chempionatimizning umumiy muammolarini nimalarda ko‘ryapsiz?

- Shaxsiy fikrim, chempionatimiz ancha qiziqarli kechdi. Chempionlik uchun kurash so‘nggi turlargacha davom etdi. Agar so‘nggi tur oldidan «Bun­yodkor» o‘z maydonida «Navbahor» bilan kutilmaganda durang o‘ynamaganida, chempion nomi oxirgi turda aniqlanardi. Shunga qaramay, chempionlik uchun kurash ancha qizg‘in kechdi. Shuningdek, oliy ligani tark etadigan jamoa nomi ham so‘nggi turda aniqlandi. Eng katta kamchiliklardan biri sifatida oliy ligada kelilishgan o‘yinlarning saqlanib qolayotganini aytgan bo‘lardim. Bunga qarshi kurash davom etayotgan bo‘lsada, uni ildizi bilan qo‘porib tashlashning imkonini topa olishmayapti. Lekin avvalgi yillar bilan taqqoslaganda, bunday o‘yinlar nisbatan kamaygan. Chempionatimizda kelishilgan o‘yinlar saqlanib qolar ekan, stadionga muxlislarning tashrifi ham ko‘paymaydi. Bu jarayonda televideniyening roli ham katta bo‘ladi. Kelishilgan o‘yinlarni fosh qilishda aynan televideniyega suyanish kerak. Buning uchun sof futbolga ixtisoslashgan telekanal ochilishi shart. Masalan, «Bizning futbol» nomli ko‘rsatuv tashkil qilib, unda futbolimizdagi unsurlar, kamchiliklar, muammolar va albatta, kelishilgan o‘yinlar ro‘y-rost ochib tashlanishi lozim. Keyin tahliliy ko‘rsatuvlar, onlayn reportajlar, oliy liga va kubok o‘yinlaridan jonli efirlarni berish kerak. Turli yosh toifasidagi terma jamoalarimizning o‘yinlari, uning tarkibidagi futbolchilarning holati, musobaqalardagi raqiblari haqida ma’lumot beruvchi analitik ko‘rsatuvlarni tayyorlash lozim. Professional futbol ligasi esa har bir jamoaga professional darajadagi suratga olish kameralari bilan ta’minlashni majburiy qilib qo‘yishi shart. Shunday jamoalar borki, xatto bitta professional videokamerasi ham yo‘q. Bu birinchi galda o‘sha jamoa murabbiylari uchun ham qo‘l keladi-ku! O‘yinning  turli epizodlarini tahlil va muhokama qilish uchun eng yaxshi yordamchi bu o‘yin video tasmasi-ku! Bizda televideniye o‘yinlarni olib bersa ham mayli edi. Bunday holat saqlanib qolar ekan, jamoalar hech bo‘lmasa shu tomondan o‘zlari harakat qilishlari kerak.

- Yangi mavsumda «Buxoro» jamoasi oldiga qanday vazifalar qo‘­yilyapti?

- Ayni damda aniq vazifa va maqsadlar haqida gapirishga erta bo‘lsa kerak, nazarimda. Ammo shunisi aniqki, chempionatda sovrinli o‘rinlar uchun kurash olib boramiz. Jamoamiz oldiga faqat maksimal vazifalar qo‘yilishi aniq. Eng oliy maqsadimiz OCHLda ishtirok etish bo‘ladi. Muxlislarimiz bu onlarni orziqib kutishyapti.

- Xorij klublaridan, masalan, Malayziya yoki Tailanddan taklif tushsa, uni qabul qilarmidingiz?

- Fikrimcha, O‘zbekiston klublari orasida eng tushunadigan va futbolchilar bilan hamfikr ish yuritadigan murabbiylar shtabi aynan bizda. Bu gaplarni ishonch bilan ayta olaman. Jamoamizda hamisha futbolchilarning manfaatlari birinchi o‘ringa qo‘yiladi. Agar istalgan futbolchiga xorij klublaridan har ikki tomon uchun manfaatli taklif tushsa, jamoamiz rahbarlari va murabbiylar bundan faqat xursand bo‘lishadi. Futbolchini qanday bo‘lmasin jamoada olib qolishga intilishmaydi. Endi shaxsan o‘zimga kelsak, hozircha xorij klublaridan takliflar bo‘lmadi. 

- Maksimilyan, 2017 yildan nimalarni kutyapsiz?

- Birinchi galda milliy terma jamoamiz uchun hal qiluvchi mavsum bo‘ladi. Jahon chempionati final bosqichiga chiqish uchun harakat qilayotgan terma jamoamizni jiddiy sinov kutib turibdi. Futbolchilarimiz guruh bosqichining qolgan 5ta o‘yinida ham ijobiy natijaga erishib, muxlislarimizning ko‘p yillik orzularini ro‘yobga chiqarishlarini istayman. Qolaversa, OCHLda ishtirok etadigan klublarimizga ham zafar yor bo‘lishini xohlayman. Jamoalarimiz orasidan birgina «Lokomotiv» o‘z ishtirokini to‘g‘ridan-to‘g‘ri guruh bosqichidan boshlaydi. «Pley-off»da qatnashadigan «Bunyodkor» va «Nasaf» jamoalariga muhim uchrashuvlarda omad tilayman. Oliy ligamizda o‘tkinchi o‘yinlar bo‘lmasin. Stadionlarga muxlislarning tashrifi ko‘paysin, deb tilak bildiraman.

Manba: interfutbol.uz
Kiritildi: 19:02, 19.01.2017.
O'qildi: 10644 marta.
Fikrlar: 12 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.