Kirish Ro'yxatdan o'tish
04/01 01:00 Valensiya 1-2 Real Madrid
04/01 17:30 Tottenhem 1-2 Nyukasl
04/01 19:00 Venetsiya 1-1 Empoli
04/01 20:00 Bornmut 1-0 Everton
04/01 20:00 Aston Villa 2-1 Lester
04/01 20:00 Kristal Pelas 1-1 Chelsi
04/01 20:00 Sautgempton 0-5 Brentford
04/01 20:00 Manchester Siti 4-1 Vest Xem
04/01 22:00 Fiorentina 0-3 Napoli
04/01 22:30 Brayton 1-1 Arsenal
05/01 00:45 Verona 0-0 Udineze
05/01 16:30 Monsa - Kalyari
05/01 19:00 Fulhem - Ipsvich
05/01 19:00 Lechche - Jenoa
05/01 21:30 Liverpul - Man. Yunayted
05/01 22:00 Torino - Parma
06/01 00:45 Roma - Lasio

Andrea Pirlo: «O‘zimga zarurini AQSHda topdim»

Andrea Pirlo: «O‘zimga zarurini AQSHda topdim»

Baho:
+ | -

«Maestro» - bu ta’rif futbol olamida asosan aqlga tayanib o‘ynagancha yuksaklikka ko‘tarilgan italiyalik faxriy - Andrea Pirloga nisbatan qo‘llaniladi. U yaqinda La Repubblica nashriga maxsus intervyu berishga ko‘ndi va Italiya futboli istiqboli xususida fikr bildirishdan tashqari, kelajak rejalarini oshkor qildi. Umuman, «Maestro» suhbat davomida ko‘plab mavzularga «tegindi».

-  «Maestro»,  MLSning yangi mavsumi mart oyida start oladi. Yoshingiz 37ga yetganini hisobga olsak, bunisi siz uchun oxirgisimi?

- Hali ko‘ramiz. Hozircha futboldan chinakamiga rohatlanishni istayman. Umid qilamanki, bo‘lajak mavsumni munosib o‘tkazaman. Qolgani vaqtning hukmidagi masala. O‘zimni yaxshi his qilsam, balki yana o‘ynarman...

- Oldinroq faoliyatingizni qachon tugatishingizdan qat’iy nazar, futbolda qolishingiz haqida gapirgandingiz...

- Buni hozir ham tasdiqlashim mumkin. Chunonchi, hamon ishtiyoqim baland, his-tuyg‘u, ehtiroslarga to‘laman. Muhimi - futbol jonu dilim. Bu sport turi haqida gapirish yoki o‘yinlarni tomosha qilishdan sira zerikmayman. Oddiy aytganda, futboldan hali to‘yganimcha yo‘q. Qolaversa, hayotda men eng yaxshi uddalaydigan ish ham shu futbol. Ammo ayni payt aynan qaysi rolda qolishimni o‘zim ham bilmayman. Ehtimol, funksioner bo‘larman, balki murabbiy... Axir voqealar rivojini oldindan ko‘rish ilojsiz. To‘g‘ri, ko‘plab sobiq jamoadoshlarim murabbiylikka qo‘l urib bo‘lishdi.

- Deylik, qadrdon do‘stingiz Alessandro Nesta.

- Ha, u «Mayami»ni shug‘ullantirmoqda va biz tez-tez ko‘rishib turibmiz. Aslida Nesta hech qachon murabbiylik qilmasligini aytgandi, endi esa shu ish bilan band. Jennaro Gattuzoni ayting, u «Piza»da nihoyat baxtiyor.

- Sobiq jahon chempionlari Italiya  futboliga alohida nimadir berishga qodirmilar?

- Paolo Maldini Amerikaga kelganida, o‘zaro uchrashib, rosa chaqchaqlashdik. Uning miyasi turli-tuman yangi g‘oyalarga to‘la ekanligini yaxshi bilaman. To‘g‘ri, Paolo kabi chempionlar sanoqli. Shaxsan men «Milan» uning boy tajribasidan to‘laqonli foydalanishini xohlardim.

- Fassone siz bilan ham «Milan»ga qaytishingiz masalasida gaplashibdi...

- Eshitdim, biroq barchasi mish-mish, xolos. Umuman, futbolchilik faoliyatimni davom ettiryapman va taklif tushgan taqdirda ham, uni qabul qilolmasdim. Qaysi klub - «Milan» yoki «Inter», «Yuventus» yoki «Breshiya»dan chorlov bo‘lishi ham ahamiyatsiz. Bu masala kelajak ishi...

- Italiya futbol federasiyasida ham 2006 yilgi jahon chempionlariga joy topilmadi hanuz...

- Mamlakat terma jamoalariga qarasak, barchasida o‘z murabbiyi bor, biz esa 23 nafarmiz. Agar kimdir Italiya termasida ishlashni xohlasa, avvaliga o‘zini yoshlar jamoasida sinab ko‘rishi kerak, menimcha. O‘ylaymanki, uning oldiga katta to‘siqlar qo‘yilmaydi. Biroq insonning real salohiyatiga tayanib, ish ko‘rish maqsadga muvofiq. Demoqchimanki, qaysidir birimizga JCH-2006da g‘olib chiqqanimiz yuzasidangina hurmat ko‘rsatib, ishonch bildirishlari shart emas.

- Andrea, AQSHga ko‘chib o‘tib, nimalarni o‘rgandingiz, kashf etdingiz?

- Eh, juda ko‘p narsani. Bu yerda mutlaqo boshqacha hayot tarzi hukmron. Inglizcha yondashuv. Xususan, futbolga nisbatan ancha shafqatsiz munosabat shakllangan. Menga aynan shu narsa kerak edi. Asosiysi, maydonda hammasi o‘ta jiddiy. Qisqasi, kimdir agar MLSni yengil sayr joyi sifatida ko‘rayotgan bo‘lsa, qattiq adashadi.

- Nyu-York haqida nima deysiz?

- O, Nyu-York! Jahon markazi. Shahar xohlagan kishini ulkan quvvat bilan tuyintiradi, tashabbuskorlikka undaydi. Ya’ni bu yerda sen uchun yangi-yangi imkoniyatlar ochiladi. Nyu-York o‘zgacha g‘oyalar manbai, go‘yo.

- Siz istiqomat qilayotgan rayonchi?

- Chelsi - qiyosi yo‘q muhit makoni. Deylik, art-galereyalar behisob. Milanda Aryedo Braida ta’sirida san’at asarlariga oshufta bo‘lib qolgandim. Xay-Layn — osma xiyobon. Xadson sohili. Bu yerda US Open va MBA o‘yinlarini tomosha qildim. Yana Madison Square Gardenga ham bordim, albatta. Sportga amerikacha qarash nisbatan yengilroq. Deylik, mudom ortingdan quvib yuradigan gazeta va televideniye vakillari yo‘q. O‘yin tugadimi, tamom, sen butun hafta xotirjam yurasan.

- Ehtimol, shuning uchun futbol birinchi raqamli sport turi emasdir?

- Yo‘q. Millionlar o‘yinining jadal sur’atda rivojlanayotganini ko‘rib turibman va ommaviylik masalasida basketbol hamda amerikancha futboldan keyin 3-o‘ringa ko‘tirilishga ulgurdi. Ayni payt mamlakatda futbol bilan shug‘ullanayotganlar juda ko‘p, xususan, bolalar va qizlar orasida ham.

- Biroq oxirgi vaqtlarda eng katta «silkinish» Xitoyda kuzatilmoqda.

- Men Xitoy futboli bilan tanish emasman. Aytishim mumkinki, AQSHda futbolchilarga bunchalik katta mablag‘ sarflamaydilar. Amerikacha professionallik xarajat barobarida daromadni ta’minlashga qaratilgan. Misol uchun, milliy ligada maoshning ma’lum me’yori mavjud. Umuman, barchasi futbolni rivojlantirish yo‘lida amalga tatbiq etilgan.

- «Siti»da sizdan tashqari, David Vilya bor. Klub esa «Yuventus» vakili Sami Xedirani ham o‘z tomoniga og‘dirishni o‘ylayapti.

- Transferlar bozoridagi holat xususida tushuncham yo‘q - futbolchiman-ku axir. Aslida tarkibimizda raqobat ancha kuchli. Mana, klubga asos solinganidan 2 yil o‘tib, «pley-off» bosqichiga chiqdik. Tabiiyki, oldimizga eng yuqori maqsadlar qo‘yilgan va ularni bajarish uchun yaxshigina ishlash talab etiladi.

- Antonio Konte esa MLS kuchiga ishonmadi. Harqalay, Yevro-2016ga na siz va na Sebastyan Jovinkoni chaqirdi...

- Futbol hamma joyda bir xil o‘ynaladi, shunchaki, MLS biroz olisda. Aytishim joiz, Konte bilan o‘rtamizda hech qanday sir yo‘q edi. Ya’ni u Yevro-2016ga borish men uchun asosiy maqsad emasligini yaxshi bilardi. Aks holda, «Yuventus»dan ketmasdim-ku. Jovinkoga kelsak, u «Toronto»da chindan ham, zo‘r o‘ynadi. Ha, Konte Xitoy va Belgiya chempionatlarida o‘ynaydigan futbolchilarni ham Italiya termasi safiga chorladi. Lekin shaxsiy fikrimcha, bu ligalar MLSdan kuchli emas.

- Jampyero Ventura qo‘l ostidagi «Skuadra Adzurra» jahon chempionatiga chiqa oladimi?

- O‘ylashimcha, ha. Zero, italyan futboli oxirgi yillarda sezilarli darajada o‘sdi. Deylik, klublarda yosh sohiblar ish boshlashdi. Futbolimizni yuqori saviyaga qaytayotganiga shubha yo‘q. Qarang, «A» seriyasidagi kuchli klublar soni 6-7tadan oshdi. Ayrimlar Italiya termasining «pley-off»da o‘ynashiga to‘g‘ri kelishini aytyaptilar, biroq oldinda yetarlicha o‘yinlar borligini unutmaslik kerak. Yaxshisi, ispanlar bizdan cho‘chishsin...

- Biroq italyanlardan faqat murabbiylar sovrin yutishyapti.

- Italiyada azaldan taktikaga e’tibor baland. Italyanlar bolalik chog‘iyoq bu borada bilimga ega bo‘lishadi. Shaxsan men yosh futbolchilarimiz ham yaqin kelajakda muvaffaqiyat qozonishlariga ishonaman.

- Deylik, sizdan keyin biror hamyurtingiz «Oltin to‘p»ga loaqal chinakamiga da’vogarlik qilmadi.

- Men so‘rovning final raundiga 30 yillik tanaffusdan keyin jamoaviy natijalar tufayli qo‘shilgandim. Ayni payt ko‘plab salohiyatli futbolchilarni ko‘ryapman - Verratti, Belotti, Bernardeski, «Atalanta»dagi yigitlar.

- «Yuventus» batamom tiklandimi?

- Klub ixtiyorida chinakam chempionlar ko‘p. Hozir Italiyada undan kuchli jamoa yo‘q. Turinliklar shunchaki, o‘z maromlarida o‘ynasalar, bas, yevroarenada ham ancha uzoqqa borishlari mumkin. Hattoki, CHLda g‘alaba qozonish imkoniyatiga egalar.

- «Inter»chi?

- U ham avvalgi mavqeini tiklash harakatida. Tarkibida ajoyib o‘yinchilar yetarli.

- «Milan» haqida ham shunday fikr bildira olasizmi?

- Yaqin oylarda jiddiy muzokaralar bo‘lishi kerak. O‘yin bo‘yicha gapirsam, «rossonerlar»ning  kelajagi porloq ko‘rinmoqda. Tan olish joiz, Vinchenso Montella katta ko‘lamda ish bajardi. Quvonarlisi, «Milan» safida mahalliy yigitlar ko‘p.

- Endi «Breshia»ga to‘xtalsangiz...

- Umid qilamanki, do‘stim Kristian Brokki jamoani to‘g‘ri yo‘lga boshlaydi.

- «Instagram» tarmog‘idagi sahifangizda Klinton va Tramp o‘rtasidagi debat jarayonidan olingan suratni ko‘rish mumkin...

- Nima bo‘lishini bilmaymanu, ammo Trampga ishonch bildirish va ishlashiga imkon berish zarur.

- Yana bitta foto: Pirlo dengiz sohilida quyoshni yengilgina tepki bilan  ufqqa kuzatmoqda...

- Omadli surat. Odatda jarima zarbalarini shunday ijro etaman. Futbol esa hayotim mazmuni.

Manba: interfutbol.uz
Kiritildi: 12:38, 03.02.2017.
O'qildi: 6233 marta.
Fikrlar: 2 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.