Kirish Ro'yxatdan o'tish
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted

Vitaliy Legay: "Andijon"ning tayyorgarligidan ko‘nglim qisman to‘lmoqda”

Vitaliy Legay: "Andijon"ning tayyorgarligidan ko‘nglim qisman to‘lmoqda”

Baho:
+ | -

Farg‘onada o‘tkazilgan “Hokim Kubogi-2017” turnirida ishtirok etib, “V” guruhida 2-o‘rinni band etgan “Andijon” musobaqadagi ishtirokini yakunladi.

Bugun jamoaning yig‘ini yakuniga yetdi va futbolchilarga ikki kunlik dam berildi. “Burgutlar”ning navbatdagi tayyorgarlik jarayoni endilikda poytaxtda davom ettiriladi. Vitaliy Legay bilan suhbatlashganimizda, bu haqda uning o‘zi ham aytib o‘tdi. Shuningdek bosh murabbiy yana ayrim savollarimizga ham javob berdi.

- Vitaliy Aleksandarovich, “Andijon”ning ikkinchi yig‘ini ham yakunlandi. Aytingchi tayyorgarlik jarayonidan ko‘nglingiz to‘lmoqdami?
- Xabaringiz bor, ikkinchi yig‘inimiz 5 yanvar kunidan boshlangandi. Bugun ushbu yig‘in yakuniga yetdi. Nima desam bo‘ladi, tayyorgarlik hozircha ishlab chiqqan rejamiz asosida o‘tmoqda. Ko‘rib turganingizdek, joriy mavsumga yangitdan tarkibni shakllantirmoqdamiz. Albatta kamchiliklar ko‘p. Bularni bartaraf etish uchun astoydil ish olib borilmoqda. Menimcha hech qaysi murabbiy tayyorgarlikdan hech qachon to‘liq qoniqmasa kerak. Men ham sizga shuni aytishim mumkinki, yangi mavsumga tayyorgarlikdan qisman qoniqyapman. Chempionat startiga qadar oldimizda yana birmuncha vaqt bor. Shu muddat ichida kamchiliklar ustida ishlab, yanada puxta bo‘lishga intilamiz.

- Farg‘onada o‘tkazilgan “Hokim Kubogi-2017” turnirida “Andijon” garchi guruhdan keyingi bosqichga chiqa olmagan bo‘lsada, yomon natija qayd etmadi deyish mumkin. Ayniqsa oliy liga klublari bo‘lmish – “Mash’al” va “Qo‘qon-1912” jamoalariga qarshi bahslarda futbolchilaringiz yuqori ishtiyoq bilan xarakat qilib, ko‘pchilikda iliq taassurot qoldirdi. Shaxsan siz mazkur chempionatdagi ishtiroklaringni qanday baholaysiz?
- Eng avvalo ushbu turnir jamoamiz uchun foydali bo‘lganini aytib o‘tmoqchiman. Musobaqa tashkilotchilari yaxshi sharoitlarni yaratib berdi. O‘yinlar ham qiziqarli va tomoshabop ruh ostida o‘tdi deyish mumkin. Har bir o‘yinimizga ashaddiy ishqibozlarimiz ham tashrif buyurib, bizni qo‘llab-quvvatlat turishga intildi. Buning uchun barchaga minnatdorchilik bildirgan bo‘lardim. “Hokim Kubogi-2017”dagi o‘yinlar orqali biz o‘zimiz istagan tarkibni shakllantirishga xarakat qildik. E’tibor bergan bo‘lsangiz, biz boshqa taktik sxemani qo‘llab ko‘rishni boshladik. Yigitlarga mashg‘ulotlar chog‘ida nimani istayotganimizni imkon qadar tushuntirib borishga urindik. Farg‘onadagi uchrashuvlarda ular buni birmuncha yaxshi bajardi deya olaman. Asosiysi o‘yin tashkil etish borasida intilish bor. Ushbu turnir orqali tarkib o‘zagini aniqlab olishga xarakat qildik. “Mash’al” va “Qo‘qon-1912” ga qarshi bahslarda yigitlar oxirigacha kurashdi. Aksincha birinchi liga jamoalari bo‘lmish “Sementchi” va “Norin”ga qarshi bahslarda biroz qiynaldik. Asosiy o‘yinlar hali oldinda deb o‘ylayman. Qanchalik tayyorgarlik ko‘rganimizni mavsum ko‘rsatadi.

- Qaysi chiziqlarni yanada kuchaytirish kerakligi borasida ham xulosa chiqargan bo‘lsangiz kerak?
- Albatta. Yuqorida aytib o‘tganimizdek, kamchiliklarimiz ham yo‘q emas. Darvoza, himoya va hujum chizig‘iga nomzodlarni ko‘rib chiqmoqdamiz. Agarda o‘zimizga ma’qul keladigan o‘yinchilarni topa olsak, tarkibga qo‘shib olamiz.

- Ikkinchi yig‘indan so‘ng qaysi futbolchilarga javob berildi?
- Yanvar oyida o‘tkazilgan yig‘inimizga ko‘plab futbolchilar kelib ko‘rikda bo‘ldi. Ularning ko‘plariga javob berildi. Farg‘onadagi turnirdan keyin ham o‘yinchilar bilan xayrlashishga qaror qildik. Ammo ularning nomlarini hozircha ommaga oshkor etmaganim ma’qul.

- U xolda aytingchi, yaqin orada “Andijon” safiga qaysi futbolchilar kelib qo‘shilishi mumkin? Bugungi kunda transferlar muxlislarning diqqat markazida turibdi.
- Ayni damda safimizni kuchaytirishi mumkin bo‘lgan futbolchilar bilan muzokara o‘tkazmoqdamiz. Albatta ko‘z ostimizga olib qo‘ygan o‘yinchilar bor. Lekin ularning safimizga qo‘shilishi faqat bizning istagimiz bilangina amalga oshmaydi. Extimol ular navbatdagi yig‘inimizda kelib qo‘shilar.

- Endigi rejalar qanday?
- 7 fevral kuni futbolchilarni o‘z qarorgohimizda yig‘amiz va ertasi kuni Toshkentga jo‘nab ketiladi. Shu kuni poytaxtda tibbiy ko‘rikdan o‘tiladi. U yerda 17 fevralga qadar yig‘in tashkil etamiz. Asosiy e’tibor ko‘proq sinov-nazorat bahslariga qaratiladi. Shu bois rejamizga ko‘ra Toshkentda to‘rtta uchrashuv o‘tkazamiz. So‘ngra Andijonga qaytamiz va tayyorgarlik yana o‘z qarorgohimizda davom etadi.

- Sparring-raqib jamoalar nomi aniq bo‘ldimi?

- Toshkentdagi raqib jamoalar oliy va birinchi liga ishtirokchilari ekanligini aytishim mumkin. Hozircha ular bilan og‘zaki ravishda kelishib oldik. Ammo o‘yin sanalari aniq bo‘lmadi. Menimcha bu yaqin kunlar ichida to‘liq ma’lum bo‘ladi. O‘ylaymanki poytaxtga borganimizda bu borada ortiqcha muammoga duch kelmaymiz.

- Birinchi liga o‘yinlari aprel oyida start oladi. Lekin “Andijon” uchun mavsum rasman mart oyining so‘nggi kunlarida boshlanadi. Boisi O‘zbekiston Kubogi bahslarini jamoangiz “Neftchi”ga qarshi bahs bilan boshlaydi. Bu raqib to‘g‘risida nima deysiz?

- Kubokda ham imkon qadar uzoqroqqa borishga xarakat qilamiz. “Neftchi” bilan o‘z uyimizda o‘ynaymiz. Yaxshi jamoa. Raqibni xurmat qilaman. Bilasizmi Kubok uchrashuvlarida jamoalarning qaysi ligada ishtirok etishi unchalik ahamiyatli emas. Har qanday raqib bilan jiddiy kurashamiz va muxlislarimizni quvontirishga urinamiz.

- Yaqinda birinchi liga o‘yinlariga qur’a tashlash marosimi ham bo‘lib o‘tdi. “Andijon” chempionatning dastlabki ikkita uchrashuvini safarda o‘tkazadigan bo‘ldi. Bu haqda qanday fikrdasiz?

- Qur’a bu o‘z nomi bilan qur’adir. Biz oliy ligaga chiqish uchun kurash olib boramiz. Shunday ekan qachon va qayerda kim o‘ynashni farqi bo‘lmasligi kerak. Menimcha G‘allaorol va Zominda bizga oson bo‘lmaydi. “Zomin” jamoasi birinchi ligada o‘z o‘rniga ega deyishim mumkin. U yerda har doim yaxshi jamoa shakllanib kelgan. Shuni aytishim mumkinki, oldimizga qo‘yilgan vazifani bajarish uchun har bir uchrashuvda faqat g‘alaba uchun tushamiz.

- Yig‘in chog‘ida yangi futbolchilarni saralab olishda ko‘proq ularning qaysi xususiyatlariga e’tibor qaratmoqdasiz?

- Menga mexnatkash o‘yinchilar yoqadi. Kerak paytda maydonda xarakter ko‘rsata oladigan va jamoa manfaati uchun borini beradigan futbolchilar kerak. Maqsadimiz kurashchan va ahil bir oilani tashkil etishdir. Hamma bir kishi uchun, bir kishi hamma uchun xarakat qilmog‘i lozim. Shunda natijaga erishish birmuncha oson kechadi.

 

Manba: fcandijon.uz
Kiritildi: 22:34, 04.02.2017.
O'qildi: 4338 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.