Kirish Ro'yxatdan o'tish
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted

Fletcher: «Himoyaga yordamlashmaganim otamga yoqmagan»

Fletcher: «Himoyaga yordamlashmaganim otamga yoqmagan»

Baho:
+ | -

«Vest Bromvich» yarim himoyachisi Darren Fletcher The Daily Mail nashriga bergan intervyusida «Manchester Yunayted»dagi faoliyati va hozirgi jamoasining imkoniyatlari haqida gapirib o‘tdi.

1999 yilning may oyi 15 yoshli Darren maktab o‘quvchilari o‘rtasidagi Shotlandiya kubogining finalidan so‘ng otasi bilan uyga qayt­moqda. «Uchrashuvda bir nechta gol urishlariga yordam berdim. Barcha do‘stlarim o‘yinni bevosita stadionda kuzatishgandi,-deb eslaydi Fletcher. - O‘shanda o‘zimni ko‘rsatmoqchi bo‘lib, to‘pni raqib oyog‘i orasidan o‘tkazib yubormoqchi bo‘lgandim. Lekin otam buni ma’qullamadi. U menga ishlamaganim va himoyaga yordam bermaganimni aytdi. «Agar shunday o‘ynasang, hech qachon futbolchi bo‘lmaysan. To‘pni oldingmi, pas ber. Axir jamoada o‘ynaysanku», degandi. Bu gaplar miyamga bir umrga muhrlanib qolgan. 5:0 hisobida yutib, uyga medal bilan qaytsamu otam meni sirk ponisiga o‘xshatyapti. Vaholanki, u haq edi».

To‘pni oldingmi, pas ber. Hozirda Darren 32 yoshda. Ammo bu so‘zlarga hamon amal qiladi.

«Vest Brom»da menejer intizomli o‘yin ko‘rsatishimni istaydi. O‘zimni butun maydon bo‘ylab yugura oladigandek his qilaman. Lekin murabbiy tajribamni ishga solishimni xohlaydi»,-deydi shotlandiyalik futbolchi.

Fletcherning «Manchester Yunayted» asosiy tarkibidagi debyuti jarohat tufayli ikki yilga cho‘zilib ketgandi.

«Meni o‘ng qanot hujumchisi sifatida maydonga tushirishdi. Ronaldu o‘shanda tryuklarni bajarardi, himoyaga qaytmasdi va barchani g‘azablantirardi. Men esa himoyaga qaytaman, umuman, buyurgan ishlarini qilaman. Pol Skoulz, Roy Kin kabi ajo­yib futbolchilar bilan bir jamoada o‘ynaganimdan faxrlanaman.

Bir safar Roy menga «Yana 10 yil o‘ynashim mumkin. Chunki mening o‘rnimga ham sen yugurasan», degandi. Bu men uchun qanchalik ta’sir qilganini tasavvur ham qila olmaysiz. qisqasi, qilgan ishim o‘zimga yoqardi. Hozir ham yoqadi»,-deydi Fletcher.

U «Vest Bromvich»da ikki yildan buyon to‘p surmoqda. E’tiborli tomoni, «Manchester Yunayted»dan o‘tganidan so‘ng «Vest Brom»ning APLdagi barcha 74 uchrashuvida boshlang‘ich tarkibda maydonga tushdi. Bu esa yo‘g‘on ichagida «yazva» qiynayotgan futbolchi uchun yomon emas.

«Xayriyatki, bu o‘tib ketdi. O‘shanda qattiq og‘riqni his qilardim. Shu bilan birga maydonga qayta olmasmikanman, deb qo‘rqardim.

Yaqinda quyi ligada o‘ynaydigan bir yigit bilan gaplashdim. Uni kasallikni yengib, yuqori marralarni zabt eta olishiga ishontirdim. Hamma menda pul ko‘pligi uchun kasallikdan xalos bo‘lgan, deb o‘ylaydi. Aslida esa, men ham oddiy odamlar singari kasallikka yo‘liqqanman. Shu bilan birga, boshqalarga yordam berishni istayman. Ularga bu kasallikdan xalos bo‘lishning yo‘li borligini aytaman»,-dedi Darren.

«Manchester Yunayted»da faoliyat olib borganida Fletcher yetakchilikning turli yo‘llariga guvoh bo‘lgan. Masalan, Roy Kin norozi bo‘lsa, kutib o‘tirmay yuziga aytgan. Skoulz va Rayan Giggzlar esa buni mashg‘ulotlar orqali tushuntirishga harakat qilishgan.

«Men mashg‘ulotlarda boshqalarga tanbeh bermayman. Bu ishni Skoulz qilardi va men aralashmasdim. Barchaga o‘z harakatlarim orqali o‘rnak bo‘lishni istayman. Agar zarur bo‘lsa, vaziyatga qarab kiyinish xonasida yoki shaxsan aytaman.

Ser Aleks Fergyuson hamisha «Asosiy jamoa futbolchilariga qaranglar. Ular nima deyishayotganini eshitinglar», derdi. Men shu narsaga ishonaman»,-deydi Fletcher.

Darren «MYU» bilan besh marta Angliya chempioni bo‘lgan va jamoa safida 350dan ortiq o‘yin o‘tkazgan.

«Ko‘pchilik Roy menga yuqori baho bermagan, deb hisoblaydi. Shu gaplarni eshitsam, jahlim chiqadi. Vaholanki, hozirgi darajamga chiqishimda boshqa futbolchilarga qaraganda Kinning xizmatlari yuqori. To‘g‘ri, u menga nisbatan qattiqqo‘l bo‘lgan. Shu bilan birga, chin yurakdan gapirardi. Misol uchun, Roy bilan 10 marta gaplashsam, shundan 9tasida maqtov eshitardim.

To‘g‘ri, barcha uning mojaroli voqealarini eslaydi. Lekin boshqa vaqtlarda u hamisha to‘g‘riso‘z bo‘lgan. Misol uchun, bir safar jarohatimni 2 oy davolatib maydonga qayt­ganimdan so‘ng Roy «Bu yigitning qaytganidan xursandman. U bizga yetishmayotgandi», degan.

Manba: interfutbol.uz
Kiritildi: 12:18, 07.02.2017.
O'qildi: 4516 marta.
Fikrlar: 2 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.