Kirish Ro'yxatdan o'tish
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted

Sergey Lushchan: “CHempionlar ligasida munosib ishtirok etishga harakat qilamiz”

Sergey Lushchan: “CHempionlar ligasida munosib ishtirok etishga harakat qilamiz”

Baho:
+ | -

"Al-Jaish” – “Bunyodkor” uchrashuvidan keyin “qaldirg‘ochlar” ustozi Sergey Lushchan intervyu berdi.

Dohadagi g‘alaba ahamiyati
G‘alaba qozonish doimo yoqimli. Ayniqsa, kuchli jamoaga qarshi mehmondagi yutuq ikki karra xursandchilik ulashadi. “Al-Jaish”ning 2016 yilgi mavsumda Osiyo Chempionlar ligasi yarim finaliga qadar yetib borganini unutmaslik kerak. Yoshlarimizdan mamnunman. Hozircha oldimizga qo‘yilgan minimum vazifa – guruh bosqichiga chiqishni uddaladik. Guruh bosqichida qizg‘in kurash va og‘ir bahslar kutib turibdi. Musobaqada munosib ishtirok etishga va muxlislarimizni g‘alabalar bilan quvontirishga harakat qilamiz. Qit’amizning kuchli klublari bilan bo‘ladigan o‘yinlarda orttiriladigan tajriba yoshlarimizning keyingi faoliyatlari yanada yorqinroq bo‘lishiga yordam beradi. Bu esa nafaqat futbolchilarimizning o‘ziga, balki O‘zbekiston terma jamoalari uchun ham foydali bo‘ladi.

Raqib haqida
“Al-Jaish”ning bir nechta uchrashuvini o‘rganib chiqqandik. Qatarliklar bizga qarshi o‘zlarining oxirgi vaqtlardagi eng yaxshi o‘yinlaridan birini namoyish etishdi. Masalan, biz bilan bahs davomida tajribali Seydu Keyta juda faol bo‘ldi. Sabri Lyamushi boshchiligidagi murabbiylar biz bilan uchrashuvda o‘yin uslublarini, ayrim futbolchilarning pozisiyasini o‘zgartirishdi. Milliy chempionatdagi ishlari u qadar yaxshi emasligi uchun asosiy e’tiborni Chempionlar ligasiga qaratishgan edi. “Al-Jaish” bir nechta golli vaziyatlar yaratdi. Yaxshiyamki, baxtimizga ulardan foydalana olmadi.

Bizning tarkib haqida
“Bunyodkor”ning asosini futbol sir-asrorlarini o‘z maktabimizda o‘rganayotganlar tashkil etayotganidan mamnunmiz. “Al-Jaish”ga qarshi bahsda o‘ynagan futbolchilarning aksariyati o‘zimizning tarbiyalanuvchilar edi. 1997 yilda tavallud topgan Nurillo To‘xtasinov va Javohir Esonqulov ilk bor “Bunyodkor” safida rasmiy uchrashuvda maydonga tushishdi. Ular xuddi boshqa jamoadoshlari singari ishonchimizni oqlashdi. Asosiy tarkibimizga kirish uchun yoshlar orasida sog‘lom raqobat yuzaga kelganidan xursandman. “Zayavka”mizdan kimlarni tushirib qoldirish haqida o‘ylaydigan vaziyatga tushib qoldik va bu jihat murabbiylar shtabi uchun yaxshi ma’noda “bosh og‘rig‘i” bo‘lmoqda. Qatar klubi vakillari tarkibimizdagi yoshlarni ko‘rib hayron qolishdi.... O‘sha yoshlar zafar quchgani esa bizni xursand qildi.

O‘yin haqida
Umuman olganda, rejamiz ish berdi. O‘yin boshlaridanoq ishonchli o‘yin namoyish etib, raqibga hujum qilish uchun imkon bermadik. Mudofaa qo‘rg‘onimizga yuklatilgan vazifani himoyachilarimiz boshqa chiziqlardagi sheriklari qo‘llab-quvvatlagani holda a’lo darajada bajarishdi. Balki shuning uchun ham hujumlarga o‘tishda biroz ishimiz yurishmadi. “Al-Jaish”ning tajribali futbolchilari bosimiga chidam bilan dosh berib, vaqti-vaqti bilan oldinga o‘tishga harakat qildik. Kerak paytda, to‘pni o‘z nazoratimizda ushlab turib, jamoaviy tarzda hujum uyushtirdik va mezbonlarni ko‘pchilik bo‘lib himoyalanishga majbur qila oldik.

Penaltilar seriyasi haqida
Penaltilar seriyasi – bu juda katta mas’uliyat va ruhiy bosim. Hamma ham dosh bera olmaydi. Futbolchilarimiz mashg‘ulotlardan keyin 11 metrlik nuqtadan zarba berish borasida muntazam ravishda alohida mashq qilishadi. Tarkibimizdagi bir nechta futbolchi O‘zbekiston o‘smirlar va yoshlar terma jamoalaridagi ishtiroki orqali penaltilar seriyasida qatnashib, tajriba orttirgan. Shularni inobatga olgan holda dastlabki zarbalarni berishni Hamdamov, Ashurmatov, Shomurodov kabi futbolchilarga topshirdik. Darvozabon Murodjon Zuhurov ishonchimizni oqladi. Tajribali posbonimiz o‘ta muhim paytda jamoa joniga oro kirdi.

Sardor Rashidov haqida
Rashidov, shak-shubhasiz, kuchli futbolchi, “Bunyodkor”ning iqtidorli tarbiyalanuvchisi. Hozirda u “Al-Jaish”ning haqiqiy yetakchisi. Sardor Rashidov “Al-Jaish”ning muhim gollarini urish bilan birga jamoadoshlarini qulay vaziyatga chiqarishni ham qoyilmaqom qilib uddalaydi. Biroq, bizga qarshi uchrashuvda u o‘zi xohlagandek o‘yin ko‘rsata olmadi. U bizga qarshi katta ishtiyoq bilan o‘ynamoqchi ekanligini yashirmadi, lekin Rashidovni biznikilar yopib qo‘yishni uddalashdi. Tarkibimizdagi yoshlar nafaqat Sardor, balki raqibning boshqa futbolchilaridan cho‘chishmadi, ularning erkin harakat qilishiga imkon berishmadi.

Chempionlar ligasi guruh bosqichi oldidan o‘zgarishlar xususida
Hozirgi vaqtda tarkibimizda ikkita xorijlik futbolchi bor. Dushan Michich markaziy himoyada ham, tayanch yarim himoyasida ham bemalol o‘ynay oladi. Vadim Chemirtan tibbiy ko‘rikdan o‘tish davrida muammolarga duch keldi. Shuning uchun ham u hali optimal formaga kirganicha yo‘q. Jamoamiz hujumkor o‘yin ko‘rsatadigan bahslarda, pozision hujumlar va standart vaziyatlarda Chemirtan foyda keltirishi mumkin. Lekin himoyadan o‘ynaydigan uchrashuvlarga u hali tayyor emas. O‘ylaymanki, Vadim tez orada jamoamizga moslashib, bizga yordam bera oladi. Guruh bosqichi uchrashuvlari boshlanishiga juda oz vaqt qoldi. Bunday pallada kimnidir tarkibga qo‘shib olish yoki ro‘yxatdan o‘tkazishga ulgurmasligimiz mumkin. Balki, yozgi transfer paytida safimizda xorijlik futbolchilar paydo bo‘lishar. Shunda ham legionerlar biznikilardan bir bosh baland bo‘lsa. Futbol maktabimiz samarali faoliyat yuritmoqda. Demak, asosiy e’tiborni birinchi navbatda o‘zimizning tarbiyalanuvchilarga qaratish maqsadga muvofiq bo‘ladi. Bu nafaqat klubimiz, balki butun o‘zbek futboliga foyda keltiradi.

 

Manba: fcbunyodkor.com
Kiritildi: 17:48, 11.02.2017.
O'qildi: 8788 marta.
Fikrlar: 5 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.