Kirish Ro'yxatdan o'tish
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted
27/12 01:00 Liverpul - Lester

Jefferson Farfan: «Raul – haqiqiy afsona»

Jefferson Farfan: «Raul – haqiqiy afsona»

Baho:
+ | -

Moskvaning «Lokomotiv» klubi perulik Jefferson Farfan bilan shartnoma imzoladi. 32 yoshli futbolchi faoliyati davomida Gus Xiddink qo‘l ostida PSVda o‘ynagan. Shuningdek, «Shalke»da Raulning jamoadoshi hisoblangan.

«Temiryo‘lchilar» Farfanni «Spartak»ka o‘tib ketgan Aleksandr Samedovning o‘rniga xarid qilishdi. «Lokomotiv»ning yangi a’zosi jamoa bilan kelishuvga erishganidan so‘ng «Sport-Eks­press» nashriga interv­yu berdi.

- O‘zimni baxtli his qilyapman, - deydi Farfan. - Men yana futbol bilan birgaman. O‘z tarixi, urf-odatlariga ega ajoyib klub a’zosiga aylandim. Bu yerda meni jamoadoshlarim, klub xodimlari yaxshi kutib olishdi. Shuningdek, muxlislar ham internetda iliq fikrlar bildirishgan. To‘g‘risi, bunday e’tiborni kutmagandim.

- Hozir «Lokomotiv» Ispaniyada mashg‘ulot o‘tkazmoqda. U yerda sizning ona tilingizda gaplashishadi. Mazkur holat jamoaga moslashishingizda qo‘l kelyaptimi?

- Albatta. Aslida, boshqa yerda jamoaga tezroq moslashgan bo‘larmidim. Shunchaki, Ispaniyada mashg‘ulotlar o‘tkazish uchun sharoitlar yaxshi. Rossiyada esa hozir shug‘ullanish qiyin. Albatta, atrofimdagilarning ispan tilida gaplashishayotgani - qo‘shimcha bonus.

- «Loko» mashg‘ulotlari paytida eshitgan ilk gapingiz nima bo‘ldi?

- «Sen oilangga kelding». Bu jamoada ajoyib insonlar yig‘ilgan ekan, hech kim ko‘maklashishdan bosh tortmaydi.

- «Lokomotiv» sizni «Spartak»­ka sotilgan futbolchining o‘rniga taklif qilganidan xabardormisiz?

- Bu haqda eshitdim. Rossiya terma jamoasi futbolchisi ekan. Nima de­yishim mumkin? Kimdir ketadi, boshqasi keladi.

- Nima deb o‘ylaysiz, Samedovdan kuchlimisiz?

- Mening ishim - mehnat qilib, o‘ynash. Kim yaxshi yoki kim yomonligini o‘ylamasligim lozim.

- Oktyabrda «Al-Jazira»ni tark etgandingiz. O‘tgan to‘rt oy nimalar bilan mashg‘ul bo‘ldingiz?

- Individual tarzda mashq qilib, formamni ushlab turdim va faoliyatimni davom ettirish uchun ish o‘rni izladim.

- «Lokomotiv» bilan muzokaralar qiyin kechmadimi?

- Unday bo‘lmadi. Chunki barchasini vakillarim bajarishdi. Men esa rozilik berib, muzokaralar qanday tugashini kutdim, xolos. «Lokomotiv» varianti qiziqroq tuyulgani uchun kelishuv payti muammolar kuzatilmadi.

- Oldin ham Moskvada bo‘lgansiz...

- Ha, o‘sha kunni yaxshi eslayman. Chunki YECHL doirasidagi o‘yinda to‘p kiritganman. Bunga o‘n yil bo‘ldi. O‘shanda PSV safida SSKAga qarshi to‘p surganmiz. Mening yagona golim evaziga g‘alaba qozongandik.

- 2007 yilning noyabrida bo‘lib o‘tgan o‘sha uchrashuvdagi yana qaysi jihatlar xotirangizga muhrlangan?

- Sovuq havo. Shu tufayli ko‘proq yugurishimizga to‘g‘ri kelgan.

- Mazkur bahsda to‘p surgan aksariyat futbolchilar faoliyatlarini yakunlashgan yoki shunga yaqin turishibdi. Sizning ham yaxshi davrlaringiz ortda qolganini aytayotganlarga qanday javob berasiz?

- Hech nima demayman. Shunchaki, hammasini maydonda isbotlayman. Odamlar vaziyatga to‘g‘ri baho bermay xulosa chiqarishga o‘rganishgan. Lekin bu ularning ishi. Mening vazifam esa maydonda javlon urish.

- PSVda Gus Xiddink tufayli paydo bo‘lgansiz...

- Xiddink Yevropa futboliga qadam qo‘yishimda yordamlashgan. To‘g‘risini aytaman, avvaliga juda qiyin bo‘lgan. U menga ishongan, maslahatlar bergan, ko‘p narsa o‘rgatgan. Aynan Gus tufayli «ko‘hna qit’a»dagi faoliyatim ko‘ngildagidek kechdi, desam mubolag‘a bo‘lmaydi.

- Eng muhimi, u sizni nimaga o‘rgatgan?

- Yevropada o‘zligimni topishga. Qolaversa, gollandiyalik mutaxassisning yordami bilan Janubiy Amerikadan so‘ng Yevropa futboliga tezda moslashdim. Bu narsa hammaga ham nasib etavermaydi. Hattoki, o‘ta iqtidorli yigitlar ham okeanni kechib o‘tgandan so‘ng katta muammolarga yo‘liqishadi. Qolaversa, Xiddink ajoyib motivator. U meni to‘g‘ri yo‘lga boshlagan.

- Buyuk Raul bilan ham birga o‘ynagansiz...

- U haqiqiy afsona. Raul bilan «Shalke»da birga to‘p surganim men uchun sharaf.

- Aytishlaricha, «Loko» taklifini qabul qilishdan oldin Kurani bilan maslahatlashgansiz. U aynan nima dedi?

- Rossiyadagi vaziyat, futbol va iqlim haqida gapirdi. Mahalliy chempionatga tezroq moslashib olishim uchun ayrim maslahatlarni berdi.

- Nima deb o‘ylaysiz, Peru termasiga qaytib, JCH-2018da o‘ynashga ko‘zingiz yetadimi?

- Shunga harakat qilaman. Buning uchun «Lokomotiv»da yaxshiroq o‘ynashim kerak. Masadim - jamoa bilan g‘alabalarni qo‘lga kiritib, yangi darajaga chiqish.

Manba: interfutbol.uz
Kiritildi: 12:08, 16.02.2017.
O'qildi: 5257 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.