Kirish Ro'yxatdan o'tish
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted

Ulug‘bek Baqoyev: «Muammolarimizni o‘zimiz hal qilishimiz kerak»

Ulug‘bek Baqoyev: «Muammolarimizni o‘zimiz hal qilishimiz kerak»

Baho:
+ | -

Barcha oliy liga klublari qatori «Buxoro» ham yangi mavsum taraddudiga zo‘r bermoqda. Jamoa tayyorgarligining yakuniy bosqichi Toshkentda o‘tkazilyapti. Klubni Ulug‘bek Baqoyev bosh murabbiy sifatida qabul qilib olganidan xabaringiz bor. Futbolchilik faoliyatini yakunlaganiga hali ko‘p vaqt bo‘lmagan Baqoyev juda ham qiyin va murakkab vaziyatda «Buxoro» ustozi etib tayinlandi. Birinchidan, unda hali murabbiylik sohasida tajriba kam. Ikkinchidan, o‘tgan yilgi asosiy tarkibdan deyarli hech kim hozir jamoada emas. Qisqa fursat ichida yangi jamoani shakllantirish esa oson ish emas. Biz yig‘in doirasida o‘tkazilgan navbatdagi nazorat uchrashuvidan so‘ng «Buxoro» jamoasi murabbiylari Ulug‘bek Baqoyev va Baxtiyor Ashurmatovni suhbatga tortdik.

- Ulug‘bek aka, oliy liga jamoasida bosh murabbiy lavozimida ish boshladingiz. Nima deb o‘ylaysiz, hali biroz ertaroq emasmidi?

- Ochig‘ini aytsam, bu o‘zgarish kutilmaganda amalga oshdi. Lekin murabbiylik faoliyatini boshlash uchun anchadan beri o‘zimni tayyorlab kelayotgandim. Hech narsaga osonlik bilan erishilmaydi. Bu borada ishlayapmiz, ustozlarimizdan o‘rganyapmiz. Tan olishim kerak, murabbiylik faoliyatimning ilk davri juda ham qiyin vaziyatga to‘g‘ri keldi. Biz jamoani deyarli noldan shakllantiryapmiz. Asosiy tarkibning deyarli barcha futbolchilari boshqa klublarga o‘tib ketishdi. Taklif etilayotgan o‘yinchilar esa ularning o‘rnini bosa oladigan darajada emas.

- Murabbiylar shtabida sizga kimlar yordam beradi? Bu masalada yakuniy qarorga keldingizmi?

- Ha, murabbiylar shtabidagi yordamchilarimni aniqlab oldim. Baxtiyor Ashurmatov, Shuhrat Fayziyev hamda darvozabonlar murabbiyi Nurillo Habibov menga yaqindan ko‘mak berishadi.

- Bunday murakkab vaziyatda klub rahbariyati jamoa oldiga qanday vazifa qo‘ydi?

- To‘g‘risi, bu o‘zgarishlar kutilmaganda va juda tez amalga oshdi. Jamoani qabul qilib olgan paytimda o‘tgan yilgi tarkibdan deyarli hech kim qolmagandi. Klub rahbarlari bilan uchrashuvda bu masalani muhokama qildik. Qisqa fursatda imkon qadar raqobatbardosh jamoa shakllantirishimiz kerak. Bu jarayon oson kechmaydi. Qolaversa, o‘tgan yilgi 4-o‘rinni takrorlash ham qiyin bo‘ladi.

Shundan so‘ng biz jamoa murabbiyi Baxtiyor Ashurmatovni ham suhbatga tortdik.

- Mashg‘ulotlar reja asosida o‘tkazilyapti, - deya so‘z boshladi B.Ashurmatov. - Biz Toshkentda chempionat oldidan tayyorgarlikning so‘nggi bosqich vazifasini o‘tab beruvchi o‘quv-mashg‘ulot yig‘inini olib boryapmiz. Yig‘in doirasida o‘rtoqlik uchrashuvlari ham tashkil etilyapti. Ayni payt nazorat bahslari biz uchun suv va havodek zarur. Chunki tarkibimizda juda ham ko‘p yangi futbolchilar bor. Ular orasida yoshlar oz emas. O‘rtoqlik uchrashuvlari esa yangi futbolchilarni ko‘rikdan o‘tkazish, deyarli qaytadan tuzilayotgan klubda jamoaviy o‘yinni yanada shakllantirish uchun xizmat qiladi. O‘tgan mavsum jamoa sharafini himoya qilgan ko‘plab futbolchilar «Buxoro»ni tark etishdi. Ularga boshqa klublardan har tomonlama yaxshi takliflar tushgandi. Buning natijasida biz murabbiylar shtabi jamoani qaytadan tuzishga majbur bo‘lyapmiz. Hozirda muxlislarning xavotirini tushunib turibmiz. Lekin chempionat boshlanguniga qadar raqobatbardosh jamoa shakllantirib, yangi mavsumni munosib tarzda o‘tkazishga harakat qilamiz.

- O‘tgan yilgi tarkibdan kimlar jamoa bilan rasman xayrlashishdi?

- Deyarli butun tarkib desa ham bo‘ladi. Asosiy futbolchilardan Salamat Qutiboyev, Ruslan Melziddinov, Aleksandr Merzlyakov, Bahodir Pardayev hamda legionerimiz Vadim Chemirtan jamoani tark etishdi. Suhrob Ne’matov, San’at Shixov, Bobur Omonov, Artyom Filiposyan, Jasur Hasanov kabi futbolchilar bu yil ham «Buxoro»da qolishga qaror qilishdi. Ular bilan amaldagi shartnomalar muddati uzaytirildi. Jamoani tark etganlarning o‘rnini munosib nomzodlar bilan to‘ldirishga harakat qilyapmiz. Tan olish kerak, bu jarayon biz uchun oson kechmayapti.

- Siz sanab o‘tgan futbolchilarning o‘rnini bosa oladiganlar bormi? Kimlarni taklif qildinglar?

- Ha, siz aytgandek, bu futbolchilarning o‘rnini bosadiganlarni topish mushkul. Bo‘lsa ham, ularning aksariyati klublar bilan shartnoma imzolab bo‘lishgan. Chunki chempionat boshlanishiga ikki haftacha vaqt qoldi. Jamoa bosh murabbiyi Ulug‘bek Baqoyev bilan maslahatlashgan holda tarkibni kuchaytirishga harakat qilyapmiz. Klub rahbariyati ham qarab turgani yo‘q. Imkon qadar yordam berishyapti. O‘tgan mavsumni «Lokomotiv» jamoasida o‘tkazgan tezkor hujumchi Ivan Nagayevni taklif qildik. Tajribali Bahriddin Vahobov ham biz bilan mavsumga tayyorgarlik ko‘ryapti. Legionerlardan Ukraina oliy ligasida o‘ynagan Vladimir Bayenko bilan shartnoma imzoladik. Shu kunlarda yana ikki nafar legioner ham jamoamiz safiga kelib qo‘shilishi kerak. Mutaxassislarimiz ularning vizalari bilan shug‘ullanishyapti. Bundan tashqari, yana mahalliy futbolchilar ham mashg‘ulotlarimizda qatnashishadi. Shu o‘rinda muxlislardan bizni to‘g‘ri tushunishlarini so‘rayman. Yuqorida aytganimdek, saviyali futbolchilarning aksariyati allaqachon klublar bilan shartnoma imzolab bo‘lishgan. Ayrimlari kelishuvni uzaytirishgan. Bunday holatda jamoa o‘yinini sezilarli darajada kuchaytira oladigan futbolchini topish amrimahol. Shu sababli ham kadrlar masalasida ko‘plab muammolarga duch kelyapmiz. Vaziyatdan chiqib ketish maqsadida «Buxoro» futbol maktabi tarbiyalanuvchilariga ham suyanishga majbur bo‘lyapmiz. Yoshlarga ko‘proq e’tibor beryapmiz. Bu yoshlarni bosqichma-bosqich oliy liga darajasida bemalol o‘ynay oladigan saviyaga olib chiqishimiz kerak. Oldinda turgan eng asosiy vazifalarimizdan biri ham aynan shu.

- Aslida, yoshlar ligasida ishtirok etuvchi jamoa asosiy tarkibga futbolchilarni yetkazib berishi kerak. Buxoroning o‘tgan yilgi yoshlar jamoasidan asosiy tarkibga tortadigan futbolchilar yetishib chiqqanmi? Shunday iste’dodlar bormi?

- Ochig‘ini aytganda, bu borada muammolar bor. Ha, o‘tgan yili «Buxoro» oliy ligada 4-o‘rinni egalladi. Bu ajoyib natija. Lekin bu natijaga qaysi futbolchilar sa’y-harakati evaziga erishildi? Hamma gap shunda. Ko‘zga ko‘ringan o‘yinchilar «Buxoro»ni tark etganidan so‘ng klubdagi muammolar yaqqol ko‘zga tashlanib qoldi. Bizning hozirgi asosiy vazifalarimizdan biri - buxorolik mahalliy yoshlarni yuzaga chiqarish. Ayni payt «Buxoro»ning kelajagini belgilab beradigan iste’dodli yoshlar juda ham kam. Ulug‘bek Baqoyev klub rahbarlari bilan uchrashganda aynan yoshlarga e’tibor berish kerakligini aytgan. Bu borada jamoani bosqichma-bosqich shakllantirib borish, iste’dodli yoshlarni yuzaga chiqarish taklifini bergan. O‘z o‘rnida klubimiz rahbarlari ham bu tashabbusni qo‘llab-quvvatlashgan. Hozirda mahalliy yoshlardan 10-11 nafarini mashg‘ulotlarga jalb qilganmiz. Ammo ochig‘ini aytish kerak, ulardan bor-yo‘g‘i 2 yoki 3 nafarigina asosiy tarkibga sekin-asta qo‘shilib ketishi mumkin. Bu esa Buxoro viloyati futboli uchun juda kam. Buni ham tan olish lozim. O‘zbekistonda «Nasaf» va «Bunyodkor» klublarigina kadrlar masalasida muammolarga duch kelishmaydi. Masalan, «Bunyodkor»ni mavsumlar oralig‘ida juda ko‘p futbolchi tark etdi. Legionerlar to‘laligicha klub bilan xayrlashishdi. Lekin ularning o‘rni jamoa akademiyasidan yetishib chiqqan yosh futbolchilar evaziga to‘ldirildi. «Nasaf» misolida ham ayni fikrni bildirishim mumkin. Biz shu darajaga qarab borishimiz kerak.

Biz aralash tarkib bilan muxlislarbop futbol namoyish etishga harakat qilamiz. Ishqibozlarimizning eng katta orzusi bu - OCHL. Vaziyatga real qarasak, ushbu vazifani bir-ikki yilda uddalash mushkul. Lekin bosqichma-bosqich orzuning ro‘yobiga ham erishamiz. Buning uchun yoshlar futboliga e’tiborni o‘zgartirish kerak.

«Biz aralash tarkib bilan muxlislarbop futbol namoyish etishga harakat qilamiz. Ishqibozlarimizning eng katta orzusi bu - OCHL. Vaziyatga real qarasak, ushbu vazifani bir-ikki yilda uddalash mushkul. Lekin bosqichma-bosqich orzuning ro‘yobiga ham erishamiz. Buning uchun yoshlar futboliga e’tiborni o‘zgartirish kerak».

Manba: interfutbol.uz
Kiritildi: 21:06, 21.02.2017.
O'qildi: 9952 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.