Ispaniya chempionatining 24-turi doirasida «Atletiko» o‘z uyida «Barselona»ni qabul qildi.
"Ko‘k-anorranglilar" yuzaga kelgan inqirozdan chiqib ketishga urinishayotgani bu o‘yinda ko‘ringan bo‘lsa, Simeone jamoasi juda yaxshi formada ekanini o‘yin boshidan namoyish qildi. "Matraschilar" dastlabki daqiqalardanoq nomdor raqib nafaqat hujum qilishga imkonini bermadi, hattoki ularga to‘pni erkin nazorat qilishga yo‘l qo‘yishmadi. Ular raqibning xato qilishini poylab o‘tirmasdan, katta kuch bilan oldinga tashlanishdi. Tanaffusga qadar "Barselona"ning germaniyalik darvozaboni Mark-Andre ter Shtegen kamida 3 marta o‘ta xavfli zarbalarni qaytarishga muvaffaq bo‘ldi.
Bo‘limning 35-daqiqalariga kelibgina "Barsa" vaziyatlar yarata boshladi. Bu safar Yan Oblak qahramonlik ko‘rsatishiga to‘g‘ri keldi. Jumladan, shundoqqina jarima maydonchasi chizig‘i ustida belgilangan jarima zarbasini Messi tepdi. Oblak to‘pni yuqoriga ko‘tarib yubordi. Burchakdan yetkazilgan uzatmani Pike bosh bilan darvoza tomon burdi. Posbon chiziq ustida to‘pni egallab oldi.
Ikkinchi bo‘limning starti tengkurashlar ostida boshladi. O‘yinning 49-daqiqasida Luis Suares o‘ta qulay imkoniyatni ko‘kka sovurdi. Neymardan uzatmani qabul qilgan Messi Suaresni birga-bir vaziyatga chiqarib yubordi. Urugvaylik hujumchi aniq zarba bera olmadi. Oradan 3 daqiqa o‘tib Grizmann hisob ochish uchun yaxshi imkoniyatdan foydalana olmadi. U jarima maydonchasiga chap tomondan kirdi va yakkama-yakka vaziyatda o‘tkir burchak ostida zarba berdi. Ter Shtegen oyog‘i bilan xavfni bartaraf etdi.
Vaqt o‘tgan sari "ko‘k-anorranglilar" bosimni oshirib borishdi va bahsning 64-daqiqasiga kelib esa hisob ochildi. Enrike shogirdlari navbatdagi hujum paytida raqib jarima maydonchasi ichida ketma-ket zarbalar berishdi hamda Rafinyaning zarbasidan so‘ng to‘p to‘rga borib tushdi!
Oradan ko‘p o‘tmasdan hisob tenglashdi. Chap qanotda belgilangan jarimadan yetkazilgan uzatmani Diyego Godin darvozabon maydonchasi ichida bosh bilan darvozaga joylab qo‘ydi.
Uchrashuvning so‘nggi 10 daqiqasi kataloniyaliklar ustunligi ostida kechdi. Bu vaqt davomida Messidan ikkita imkoniyatga ega bo‘ldi va u vaziyatlarning birini golga aylantirdi. Dastlab autdan otib berilgan to‘pni Suares gavdasi bilan yaxshi himoyalagancha raqibdan olib o‘tdi va darvozabon maydonchasiga o‘ng qanotdan yaqinlashib, Messiga uzatma berdi. Lionel bergan zarba yo‘liga himoyachi oyoq qo‘yishga ulgurdi. O‘yin tugashiga 4 daqiqa qolganida, jarima zarbasi "Barsa" omad keltirdi. Kataloniyaliklar raqib jarima maydonchasi ichida kombinasiya tashkil qilishdi. Suaresning uzatmasidan keyin Messi zarba berdi. Dastlabki zarbani himoyachi qaytardi, ikkinchi zarbani Oblak qaytara olmadi!
Shu tariqa, "Barselona" o‘ta qiyin raqib ustidan safarda g‘alaba qozondi va o‘z ochkolarini 54taga yetkazib, vaqtinchalik bo‘lsa-da jadvalda 1-o‘ringa ko‘tarilib oldi. Bu orqali "ko‘k-anorranglilar" inqirozdan chiqayotganini isbotlashdi.
Ispaniya chempionati, 24-tur.
ATLETIKO – BARSELONA - 1:2 (0:0)
Gollar: 0:1 – 64 Rafinya, 1:1 – 70 Godin, 1:2 – 86 Messi.
Atletiko – Oblak, Savich, Filipe Luis, Vrsalko, Godin, Gabi, Saul, Koke, Ferreyra Karrasko (Torres, 68), Grizmann, Gameyro (Korrea, 72).
Barselona – ter Stegen, Umtiti, Pike, Matye (Din, 77), Serdji Roberto (Andre Gomesh, 85), Rafinya, Buskets, Inyesta (Rakitich, 71), Neymar, Messi, Suares.
Ogohlantirishlar: Buskets (55), Saul (56), Savich (65), Gabi (73), Korrea (74), Messi (82).