Kirish Ro'yxatdan o'tish
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted
27/12 01:00 Liverpul - Lester

Parijda ham o‘z «Ronaldu»si bor!

Parijda ham o‘z «Ronaldu»si bor!

Baho:
+ | -

Ma’lumki, «PSJ»ning qatarlik puldor xo‘jayinlari anchadan buyon Krishtianu Ronalduni Parijga chorlamoqdalar. Yodingizdan chiqmagandir, 2016 yilning may oylarida G‘arb OAVda shov-shuvli xabarlar berildi: «PSJ» portugaliyalik uchun «Real»ga 120 mln. yevro taklif qilyapti, futbolchining o‘ziga esa 30 mln. yevroga teng yillik maosh bermoqchi». Biroq kelishuv amalga oshmadi: Ronaldu hamon Madridda. Ammo parijliklar ham to‘xtashmayapti. Deylik, qishki transferlar chog‘i o‘z tarkiblariga «Bo‘lajak Ronaldu» sifatida ta’riflanayotgan portugaliyalik yosh va iste’dodli Gonsalu Guedeshni qo‘shib olishdi.

Gonsalu endigina 20 bahorni qarshiladi. Parijliklar shu yosh yigitcha uchun «Benfika»ga 30 mln. yevro to‘lashdi va futbolchi bilan 4,5 yillik shartnoma tuzishdi. Guedesh so‘nggi 2 yil davomida lissabonlik «burgutlar» safida 68 marta maydonga tushib, 11ta gol urishdan tashqari, 16tasiga assistentlik vazifasini bajardi. Shubhasiz, bunday statistika tajribasi hali oz futbolchi uchun chakki emas. Biroq Ronaldu bu yoshida «Benfika»dan ko‘ra, obro‘li hisoblangan «MYU»da deyarli shunday ko‘rsatkichlarga erishgandi. Shunga qaramay, Guedeshda mashhur vatandoshi kabi chinakam yulduzga aylanish imkoni yo‘q emas. Chunonchi, u Portugaliyaning turli yosh toifasidagi terma jamoalarida to‘p surib, yetarlicha malaka oshirdi. Xususan, 2015 yilning noyabrida mamlakat milliy termasida debyut qildi. Mazkur o‘yin Krasnodarda  Rossiya termasiga qarshi kechgandi - «o‘rtoqlik». Ronaldu yo‘qligidanmi, boshlang‘ich tarkibda maydonga tushgan «Benfika» yulduzchasi o‘sha bahsda aytarli karomat ko‘rsatolmadi va Yevropaning bo‘lajak chempionlari 0:1 hisobida yengilishdi. Oradan yana 3 kun o‘tgach, Gonsalu endi Lyuksemburg termasiga qarshi kechgan o‘yinda zaxiradan maydonga tushdi, ammo yana omadi chopmadi: na gol, na samarali uzatma. Shundan so‘ng portugaliyaliklar ustozi «Yangi Ronaldu»ni Yevro-2016dan chetda qoldirdi. Boshqacha aytganda, Guedeshning Yevropa chempioni bo‘lish orzusi amalga oshmadi.

«PSJ»da esa yigitchaning boshqa bir orzusi ushalishi mumkin - u CHLda muvaffaqiyat qozonishdan umidvor. Aytgancha, Guedesh vaqtida «Benfika» safida o‘smirlar o‘rtasidagi UYEFA ligasida qatnashgan va lissabonliklar yarim finalda «Real» tarbiyalanuvchilarini 4:0 (!) hisobida yengib, hal qiluvchi bahsda Munir al Haddodi, Maksi Rolon kabi yigitlari bor «Barselona»ga 0:3 ko‘rinishida imkoniyatni boy berishgandi. Futbolchi o‘shandayoq «Chelsi» va «Arsenal»dek top-klublar e’tiboriga tushgan. Guedesh negadir CHLning safar o‘yinlarida o‘zgacha ishtiyoq bilan to‘p suradi. Deylik, u 2015|2016 yillar mavsumi guruh bosqichida Madridda «Atletiko» darvozasini nishonga olgandi. Joriy CHLda esa «Napoli» va «Beshiktosh» klublariga gol «tortiq» etdi - yana safarda.

Umuman olganda, Guedesh - hujumkor-universal o‘yinchi. Murabbiylar undan vinger, ikkinchi forvard va hattoki, o‘tkir hujumchi sifatida ham foydalanishlari mumkin. Gonsalu yana o‘ta tezkor, ajoyib zarbaga ega, dribling mahorati ancha baland. Uning CHLning joriy mavsumi guruh bosqichidagi natijalariga e’tibor qarating: 1ta o‘yinda darvozaga o‘rtacha hisobda 3,8ta zarba, 1,3ta samarali uzatma, 2,1 marta aldab o‘tish (muvaffaqiyatli urinishlari 90 foizga teng)... «PSJ»ning yangi a’zosiga eng yaxshi ta’rifni 2010 yilgacha «Benfika» o‘smirlar jamoasida ishlagan ayol murabbiy Xelena Koshta bergandi: «Gonsaluni «Benfika»ga aynan men olib kelganman. O‘shanda 7-8 yoshli bola edi va tengdoshlari orasida ko‘zga yaqqol tashlanib turardi. Keyin asosiy jamoada ham tezda o‘z o‘rnini topdi. Ayniqsa, uning ajabtovur, yo‘q joydan uradigan gollari hayratlanarli. Guedesh mashg‘ulotlarda xuddi hozirgidek quvnoq edi, sheriklariga ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishlardi. Unga bog‘liq bitta voqea kecha bo‘lgandek esimda: bir kuni bolalarga berkinmachoq o‘ynashga ruxsat berdim. Ma’lum vaqt o‘tgach, bolalar yonimga chopib kelib, Gonsaluni hech qayerdan topolmayotganliklarini aytishdi. Shunda o‘zim ham uni qidirishga tushdim. Bir qarasam, Gonsalu katta daraxtning uchiga chiqib olibdi. Yaxshiki, bolakayning egnida «Benfika»ning qizil libosi bor edi. Yo‘qsa, u ayyorni topolmasdim. Xullas, Guedesh o‘zgacha yigit. Bolaligidagi voqea - so‘zlarimga yorqin misol».

Guedesh endi Eyfel minorasiga tirmashib, Parij va umuman, Fransiya chempionatining eng yorqin yulduzi bo‘lmoqchi. Biroq buning uchun o‘ta kuchli raqobatga dosh berishi lozim. Axir Lukas Moura, Yulian Draksler, Anxel di Mariya, Xavyer Pastore - bular oddiy futbolchilar toifasiga kirishmaydi. Yigitcha esa aftidan, kurashlarga tayyor. U «PSJ»dagi tanishtiruv marosimida bosh maqsadi Ronaldu emas, parijliklarning sobiq hujumchisi Pedro Pauletaga o‘xshash ekanligini yashirmadi: «Bu yerda Pauleta kabi muhim shaxsga aylanishni istayman». Nima ham derdik, bunga uning kuchi yetsa kerak.

Manba: interfutbol.uz
Kiritildi: 11:06, 27.02.2017.
O'qildi: 12700 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.