Kirish Ro'yxatdan o'tish
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted

«Real» yana Ispaniya chempionligidan quruq qoladimi?

«Real» yana Ispaniya chempionligidan quruq qoladimi?

Baho:
+ | -

Bu holat «Real» uchun notanish emas. So‘nggi 8 mavsumda faqatgina bir marta Ispaniya chempionligini qo‘lga kirita olgan madridliklar La Liga 25-turidan o‘rin olgan «Las Palmas»ga qarshi o‘z maydonida kechgan o‘yinda 3:3 hisobida durang qayd etib, bu safargi chempionlikni ham tahdid ostida qoldirdi.

Atigi bir hafta oldin «Real» raqiblaridan ikkita kam o‘yin o‘tkazganiga qaramay ikkinchi o‘rindagi «Barselona»dan bir ochko ko‘p jamg‘argan holda yetakchilik qilayotgandi. Biroq «Valensiya»dan qabul qilingan mag‘lubiyat va «Las Palmas» bilan o‘yindagi kutilmagan durang tufayli endi «Qirollik klubi» «Barselona»dan bir ochko jam jamg‘arib, ikkinchi o‘rinda bormoqda va jamoa zaxirasida ham faqat bitta o‘yin qoldi.

Shu tariqa, zaxiradagi ikki o‘yin hisobidan ehtimoliy 7 ochkolik ustunlik endi eng ko‘pi bilan ikki ochkoni tashkil etishi mumkin. Zaxiradagi o‘yinlardan biri aynan «Valensiya»ga qarshi edi va u boy berildi. «Selta»ga qarshi o‘yin sanasi esa hali ma’lum emas, biroq Vigoda ham madridliklarga oson bo‘lmasligi aniq.

Bundan tashqari, «Real» so‘nggi o‘yinlarda juda ko‘p gol o‘tkazib yubormoqda. «Valensiya»ning ikki goliga bitta javob qaytarildi, «Vilyarreal»ning ikki golidan keyin esa uchta gol bilan irodali g‘alabaga erishildi. «Las Palmas» o‘z tarixida birinchi marta «Santyago Bernabeu»da uchta gol urishga erishdi – Beylning raqibiga tashlanib qizil kartochka olishi, Ramos va Navasning xatolari bunga imkon yaratgani tabiiy.

Bundan bir muddat oldin «Barselona» inqirozda ekanligi aytilayotgandi. Chempionlar Ligasida «PSJ»dan qaqshatqich mag‘lubiyatga uchragan ko‘k-anorranglilar La Ligada ham sezilarli darajada ortda edi. Biroq keyingi o‘yinlarda «Leganes» va «Atletiko» qiyinchilik bo‘lsa ham mag‘lub etildi, «Sporting» esa «Kamp Nou»da 6:1 hisobida taslim etildi.

O‘sha inqirozning asosiy aybdori sifatida keskin tanqidlarga uchragan jamoa bosh murabbiyi Luis Enrike esa ushbu yirik g‘alabadan keyin mavsum so‘ngida iste’foga chiqishini e’lon qildi. Jamoasining formasini tiklashga urinayotgan murabbiy bu haqida ma’lum qilgan va barcha buni muhokama qila boshlagan bir pallada esa «Real» La Ligada yana bir marta qoqilib, Enrikega uchinchi chempionlik uchun imkoniyat eshigini ochdi.

Zidanning jamoasi uchun esa o‘yin bundan ham yomonroq tugashi mumkin edi. 3:1 hisobida oldinda borayotgan «Las Palmas»da hisobni yanada yiriklashtirish uchun imkoniyatlar bo‘lgandi. «Real»ga esa vaziyatni o‘nglashi uchun penalti kerak bo‘ldi, uni muvaffaqiyatli amalga oshirgan Ronaldu keyinroq boshi bilan darvozani aniq nishonga olib, jamoasini mag‘lubiyatdan qutqarib qoldi. Buni yaxshi natija deb bo‘lmaydi, biroq shu vaziyat nuqtayi nazaridan qaralsa, hechdan ko‘ra bir ochko qo‘lga kiritildi. Ammo endi «Real»ning xato qilishga haqqi qolmadi.

Ikkinchi bo‘limda Zidan Iskoni maydondan olganda «Santyago Bernabeu»dagi muxlislar norozilik bildirdi, so‘nggi paytlarda yaxshi o‘yin ko‘rsata olmayotgan Keylor Navas ham muxlislarning hushtaklaridan o‘z nasibasini oldi. 71-daqiqada o‘yinga qo‘shilgan Karim Benzema ham.

«Real»ning kelayotgan to‘rt o‘yinidan uchtasi safarda «Eybar», «Napoli» va «Atletik»ka qarshi bo‘ladi, shuningdek «Selta»ga qarshi o‘yin ham yaqin orada o‘tkazilishi mumkin. «Barsa» esa Luis Enrike murabbiylikka kelganidan buyon o‘zining eng yomon davrini o‘tkazayotganiga qaramay hozirda La Ligada peshqadamlik qilmoqda va ayni paytda «Real»da imkoniyatlar pasaygan.

Albatta, «Santyago Bernabeu»da bo‘lib o‘tadigan «El Klasiko»ning ahamiyati ham yanada oshadi. «Barsa» javob o‘yinida «PSJ»ga qarshi mo‘’jiza ko‘rsatmagan taqdirda Chempionlar Ligasi yukidan holi bo‘lib, barcha e’tiborini La Ligaga qaratishi mumkin bo‘ladi. Bu esa «Real» juda qattiq ter to‘kishi kerakligini anglatadi. Jamoa hozirda yetarlicha kuchli emas. Anchelottining ikkinchi mavsumidagi kabi chempionlikni «Barselona»ga topshirib qo‘ymaslik uchun madridliklar hozirgidan anchagina yaxshi o‘ynashiga to‘g‘ri keladi.

Manba: muhokama.com
Kiritildi: 17:41, 02.03.2017.
O'qildi: 15792 marta.
Fikrlar: 16 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.