Ispaniya chempionatining 26-turi doirasida "Barselona" o‘z uyida "Selta"ni qabul qildi hamda o‘ta yirik hisobda g‘alaba nashidasini surdi.
Kataloniyaliklar Chempionlar ligasi doirasida "PSJ"ga qarshi bo‘ladigan o‘yin oldidan juda yaxshi formaga kirishganini namoyish qilib berishdi. "Selta" esa "Kamp Nou"da maydon egalarining yuqori saviyali o‘yini oldida ojiz qoldi.
"Ko‘k-anorranglilar" o‘yin boshidanoq birin-ketin hujum tashkil qila boshladilar. Hujumlarning birida qiziq vaziyat yuzaga keldi — bir hujum paytida to‘p bir ustunga ikki marta tegdi. Suares markaziy himoyachini aldab o‘tdi hamda yakkama-yakka vaziyatda zarba berdi. To‘p ustunga tegib qaytdi va Messi yana zarba berdi. Bu safar ham to‘p o‘sha ustunga tegdi.
Bahsning 24-daqiqasida Messi individual mahorati evaziga hisobni ochdi. U maydon markaziga yaqin joyda to‘pni egallab, bir himoyachini aldagancha oldinga intildi, yo‘l-yo‘lakay yana bir futbolchidan o‘tdi va 17 metrlardan chap oyoqda aniq zarba bilan darvozani ishg‘ol qildi.
Ikkinchi gol ham chiroy borasida birinchisidan qolishmadi. Messi jarima maydonchasiga kirayotgan Neymarni to‘p bilan ta’minladi. Braziliyalik futbolchi "parashyut" uslubida to‘pni darvozabonning ustidan to‘rga tashlab qo‘ydi.
Vigoliklar ikkinchi taymda vaziyatni o‘nglash uchun harakat qilishdi. Ammo bugungi "Barsa" to‘xtatib qolishning iloji yo‘q edi. To‘g‘ri, maydon egalari ikkinchi bo‘limda urgan 3ta golning bittasida ofsayd bor edi. Buni laynsmen qayd eta olmadi. "Selta" esa raqib darvozasini hech bo‘lmaganda bir marta ishg‘ol qilishi mumkin edi. Ammo ularning zarbalariga aniqlik yetishmadi.
Lionel Messi uchrashuv qahramoniga aylandi. U o‘z hisobiga ikkita gol va ikkita assistentlik yozishdan tashqari, beshinchi goldagi kombinasiyada ham bevosita ishtirok etdi.
Mazkur g‘alaba tufayli "Barsa" o‘z ochkolarini 60taga yetkazdi va yana jadvalda peshqadam bo‘lib oldi.
Ispaniya chempionati, 26-tur. 00:45
"BARSELONA" - "SELTA" - 5:0 (2:0)
Gollar: 1:0 – 24 Messi, 2:0 – 40 Neymar, 3:0 – 57 Rakitich, 4:0 – 61 Umtiti, 5:0 – 64 Messi.
Barselona – ter Shtegen, Umtiti, Pike, Alba, Serdji Roberto (Inyesta, 67), Rakitich, Buskets (Maskerano, 61), Rafinya, Neymar (Denis Suares, 70), Messi, Suares.
Selta – Alvares, Gomes, Kabral, Kastro, Ronkalya, Vass (Dias, 68), Radoya, Bongonda (Sisto, 51), Malyo, Gvidetti (Xosabed, 62), Aspas.
Ogohlantirishlar: Buskets (20), Kabral (36), Radoya (38), Gomes (49).