Deyarli 10 yildan buyon jahon futboli cho‘qqilaridan birini egallab turgan argentinalik hujumchi Lionel Messi ushbu mavsumda ham hayratlanarli ko‘rsatkichlarni qayd yetmoqda. «Barselona» aynan besh karra «Oltin to‘p» sohibining xizmatlari evaziga qator o‘yinlarda muvaffaqiyatga erisha oldi.
Ispaniyaning Marca nashri tomonidan e’lon qilingan statistika esa Chempionlar ligasi nimchorakfinali dastlabki o‘yinida «Barsa»ni 4:0 hisobida mag‘lub etgan «PSJ»ga ham xotirjamlikka berilmaslikni yana bir bor eslatishi turgan gap. Zero, Messi ushbu mavsumda «Barselona» tomonidan barcha musobaqalarda urilgan gollarning deyarli yarmida ishtirok yetgan.
«Ko‘k-anorranglilar» 2016/2017 yilgi mavsumda barcha musobaqalarda hozirgacha jami 122 ta gol urishga erishgan bo‘lib, Messi ularning 42,8 foizida ishtirok etgan: argentinalik hujumchi jamoasining 37 ta o‘yinida qatnashib 38 ta gol urgan va 13 ta golga hammualliflik qilgan. Jumladan, «Selta»ga qarshi o‘yinda 2 ta gol urib, yana 2 ta golga assistentlik qildi.
Shuningdek, Messi La Ligada ham gol urgan, ham assistentlik qilgan o‘yinlar soni bo‘yicha ham yetakchilik qilmoqda. Argentinalik hujumchi bu ishni to‘qqizta o‘yinda uddalagan bo‘lsa, ikkinchi o‘rindagi jamoadoshi Luis Suares va «Selta» hujumchisi Yago Aspasda bu ko‘rsatkich 7 tadan o‘yinga teng. E’tiborlisi, ushbu mavsumda «Real»ning faqatgina bir futbolchisi bu ishni uddalagan: Karim Benzema.
Albatta, bu «Barselona» Messiga to‘la bog‘liq ekanligini anglatmaydi. Ayniqsa, Luis Suaresning barqaror to‘purarligi va Neymarning so‘nggi paytlarda ochilib borayotgan o‘yinini, shuningdek Luis Enrike tomonidan qo‘llanilayotgan yangi taktik yurishlar muvaffaqiyatini ham unutmaslik lozim.
Shunday ekan, garchi UYEFA tomonidan «Barselona»ning Chempionlar ligasida keyingi bosqichga o‘tish imkoniyatlari 0%ga baholangan bo‘lsa-da, «ko‘k-anorranglilar» bu baho noto‘g‘ri yekanligini isobotlashga harakat qilib ko‘radi. Demak, muxlislarni yana bir o‘ta qiziqarli bahs kutib turibdi.