«MYU»-«Liverpul» o‘rtasidagi bahs davomida Mourinyo va Kloppning mushtlashib ketishlariga sal qoldi. Bombardir.ru mazkur holatga nazar solarkan, uchrashuv paytida bir-biriga behurmatlik qilgan murabbiylar haqida maqola tayyorlab, ular ishtirokidagi voqealarni esga oldi.
Mourinyo - Klopp
Bu eng so‘nggi to‘qnashuv. Joze o‘z uslubiga sodiq qolgan holda jahl otiga mingan hamkasbining harakatlarini mazax qilgancha kuzatarkan, hissiyotlarning yanada junbushga kelishiga sabab bo‘ldi. Bunga Erreraning Firmino bilan to‘qnashib ketgani ham sabab bo‘ldi va natijada, Klopp zaxiradagi hakamga baqira boshladi. Mourinyo esa gap nimadaligini aniqlashga urindi. «U mening futbolchimga kamida sariq kartochka ko‘rsatilishini xohlagandi!» - dedi nemis murabbiyi o‘yindan keyin norozi ohangda. «Hech nima talab qilishni istamagandim, hammasi ko‘ngildagiday ketayotgandi», - dedi portugaliyalik mutaxassis o‘ziga bildirilgan ayblarni inkor etib. Umuman olganda, bu ikki shaxs ishtirokisiz mazkur o‘yin zerikarli bo‘lishi aniq edi.
Mourinyo - Venger
Mazkur voqea ham ko‘pchilikning yodida bo‘lsa kerak. Mourinyo va Venger, mana o‘n yildirki, bir-birlariga nisbatan iliq fikr birdirishmasa-da, 2014 yilning kuzigacha ochiq «muhoraba»ga kirishishmagandi. Ikki jamoa o‘rtasidagi uchrashuvda ro‘y bergan navbatdagi tortishuv esa «Arsenal» murabbiyini aqldan ozdirayozdi - hamkasbining texnik zonadan tashqariga chiqib ketganini ko‘rgan «Chelsi» ustozi uni tartibga chaqirishga urindi. Ikki o‘rtada gap talashish boshlandi, so‘ng Mourinyo raqib jamoasi ustozini turtib yubordi va bu ham yetmaganday, uning bo‘yinbog‘idan ushlab oldi. Oqibatda, ushbu olishuv muhrlangan kadrlar butun dunyoga tarqaldi.
«U mening texnik zonamga kirdi. Agar o‘yinchilariga yo‘l-yo‘riq ko‘rsatganida hech qanday muammo yo‘q edi. Arsen esa hakamdan Ivanovichni maydonda chiqarib yuborishni so‘radi. Bu adolatdan emas. O‘ylashimcha, mazkur holatda siz haqiqiy Vengerni - «adolat kurashchisi»ni ko‘rdingiz», - dedi Joze. «Arsenal» ustozining javobi ham shunga yarasha bo‘ldi: «Qo‘pollik ishlatilgan vaziyatdan so‘ng Sanchesning ahvolidan xabar olmoqchi edim, xolos. Ammo kutilmaganda nojo‘ya munosabat qarshisidan chiqdim. Mourinyoni turtmadim. Agar chindan shunday qilsam, uning qanday ahvolga tushishishini tasavvur qilish qiyin. Aslida, Mourinyoga qo‘lim tegib ketdi, xolos».
Mourinyo - Vilanova
Ispaniya superkubogi uchun kechgan bahsning oxirlarida ko‘ngilni xira torttiradigan voqea ro‘y berdi - futbolchilarning o‘zaro orani ochiq qilishga kirishib ketishlari natijasida bir nechta chetlatish kuzatildi. Mourinyo esa fursatdan foydalanib, Vilanovaning ko‘zlariga barmog‘ini tiqib oldi. Taniqli murabbiyning obro‘-e’tiboriga yarashmagan bu harakat javobsiz qolmadi, albatta - aybdor shapaloq qabul qilib oldi. Keyinroq portugaliyalik mutaxassis nojo‘ya qilig‘i uchun uzr so‘radi. Shundan so‘ng ikki murabbiy o‘rtasida muammo kuzatilmadi. «Men xohlagan 3 istak? Birinchisi, Vilanova tezroq sog‘ayib ketsin», - dedi Mourinyo kataloniyalik hamkasbining xastaligidan xabar topgach. Afsuski, «Benazir»ning xohishi amalga oshmadi...
Pardyu - Venger
Bu voqea chamasi 10 yil oldin sodir bo‘lgandi. O‘shanda Alan Pardyuning «Vest Xem»i so‘nggi daqiqalarda «Arsenal» darvozasiga g‘alaba to‘pini kiritib, shu tariqa har ikki murabbiyni esidan og‘dirgandi. Pardyu xursandchilikdan o‘zini yo‘qotib qo‘ydi va kutilmaganda, Venger tomon yo‘l oldi. «To‘pchilar» ustozi esa hamkasbini turtib yubordi. «Agar g‘alabani nishonlash chog‘ida haddimdan oshishni istaganimda, buni albatta, uddalardim. Men faqat Arsen va «Arsenal»dan uzr so‘ramoqchi edim, xolos», - degandi o‘shanda Pardyu. Bugunga kelib, barcha tushunmovchiliklar ortda qolgan: Venger Pardyuning faoliyatiga yuqori baho bermoqda. Alan esa, o‘z o‘rnida, fransuzni Angliya termasi murabbiyligiga eng munosib nomzod, deb biladi.
Lennon - Makkoyst
Shotlandiyada «Seltik» va «Reynjers» o‘rtasidagi bahs juda asabiy o‘tishi odatiy holga aylangan. Shunday uchrashuvlarning birida, «keltlar» bosh murabbiyi Nil Lennon «jers»lar ustozining yordamchisi Elli Makkoystni jilmaygancha olqishladi. O‘yindan keyin esa hamkasbining ta’zirini berishga shaylandi. Yaxshiyamki, buning oldi olindi. Oqibatda, Lennon to‘rt, Makkoyst esa ikkita uchrashuvga chetlatildi. Eng qizig‘i, bu ikki mutaxassis - yaqin do‘stlar. Ro‘y bergan voqea esa ularning keyingi munosabatlariga zarracha ta’sir o‘tkazmadi.
Manchini - Fergyuson
Manchester derbisi ishtirokchilari ham ikki yil avval g‘alati ahvolga tushib qolishgandi. «Manchini butun o‘yin davomida hakamlarga nima qilish kerakligini uqtirib turdi, muntazam ravishda norozilik bildirdi. Yana qancha shikoyat qilish mumkin?» - dedi fig‘oni falakka chiqqan Fergyuson. Italiyalik esa kinoyadan o‘zini tutolmadi: «Fergyuson hech qachon referilar bilan muloqotga kirishmaydi. Yo‘q-yo‘q, hech qachon! Qanday voqea yuz berdi? Zaxiradagi hakam bilan gaplashayotganimda, Fergyuson oldimga kelib, bir nechta «shirin» gaplarini menga «ilindi». Negaligidan bexabarman».
Jezush - Lopetegi
«Sporting»ning hozirgi ustozi Jorje Jezush to‘g‘risida ozgina bo‘lsa-da taniganlar portugaliyalikning bugungi ro‘yxatimizdan o‘rin olganiga ajablanmasliklari aniq. «Benfika»ni boshqargan kezlari uning raqib jamoa futbolchilari va murabbiylari bilan yuz bergan to‘qnashuvlaridan butun bir to‘plam qilish mukin edi. Jezush «burgutlar» boshqaruvidagi so‘nggi mavsumida o‘z uslubiga xos ravishda, ashaddiy raqib - «Portu» bosh murabbiyi Xulen Lopetegining familiyasini aytishga qiynalishini ta’kidlab, hamkasbining jig‘iga tega boshladi.
Jamoalar «Da Lush»da o‘zaro ro‘baro‘ kelishgan, o‘shanda «Benfika» strategik jihatdan muhim durang(0:0)ga imzo chekkandi. Bu esa klubning mavsumni chempion sifatida nihoyalashida qo‘l keldi. Uchrashuvdan so‘ng har ikki murabbiy o‘zaro qo‘l siqishishdi, keyin esa mushtlashib ketishlariga bir bahya qoldi. Jezush keyinroq hamkasbi nima demoqchi bo‘lganini yaxshi tushunmagani, biroq shaxsiga nisbatan bildirilgan yomon so‘zlardan keyin o‘zini bosib turolmaganini aytdi. Lopetegi esa ism-sharifini bunchalik xijjalab aytilishidan ranjigani va yana «Lotopegi» degan so‘zni eshitsa, mushtiga zo‘r berishini ta’kidladi.
Rahimov - Otero
2014 yili «Spartak» va «Terek» klublari o‘rtasida o‘tkazilgan uchrashuv juda og‘ir kechgan, o‘shanda poytaxtliklar final hushtagi yangrashiga sanoqli daqiqalar qolganidagina hisobni tenglashtirishgandi. Buni esa grozniyliklar bosh murabbiyi Rahimov tribunadan kuzatdi - u «spartakchilar» murabbiylar shtabi vakillari Markos Otero va Xarun Gyulenlar bilan janjallashgani uchun o‘yindan chetlatilgandi. Darvoqe, uchovlon keyingi uchrashuvda ham diskvalifikasiya tufayli ishtirok etolmadilar.
Darvoqe, Rahimov va Otero o‘yindan keyinoq yarashib olishdi, o‘zlariga nisbatan belgilangan jazo va jarimani ham xotirjam qabul qilishdi. «Ko‘pchilik mening harakatlarimni tushunsa kerak, ammo professional sifatida o‘zimni tuta bilishim shart edi», - dedi «Terek» ustozi. «Spartak» vakillari esa voqeaga izoh berib o‘tirishmadi.
Moyes - Manchini
«Manchester Siti» kutilmaganda «Everton»ga 0:2 hisobida yutqazib qo‘ydi, Roberto Manchini esa o‘zini nomunosiblarcha tutdi - Devid Moyes maydonni tark etgan to‘pni ushlamoqchi bo‘lganida, italiyalik mutaxassis unga tashlandi. «Shaharliklar» ustozi shu qadar qo‘pol harakat qildiki, natijada uning hamkasbi bir muddat TV kadridan yo‘qolib qoldi. Uchrashuv hakami esa gap nimadaligini aniqlashni ham xohlamay, ikkovlonni tribunaga haydadi. «To‘pni qo‘limga olganimda Robertoning men tomon yaqinlashayotgani e’tiborimni tortdi. Ushbu harakati bilan u futbol va jamoasiga naqadar sodiqligini ko‘rsatdi. Hamkasbimga hech qanday da’vom yo‘q, zero bu futbolning bir qismi, xolos. Shunga qaramay, Manchini mendan uzr so‘radi, u shunchaki, jamoasini yaxshi ko‘radi va hammasini o‘z foydasiga hal qilishni istaydi», - dedi Moyes o‘yindan so‘ng bergan intervyusida.
Grigorchuk - Ramos
Shunga o‘xshash voqealar Ukraina chempionatida ham kuzatilgan. O‘shanda «Chernomores» va «Dnepr» chindan ham o‘ta kuchli klublar hisoblanishar va yevrokuboklarda mamlakat nomini munosib himoya qilishardi. Odessaliklar bosh murabbiyi Roman Grigorchuk «Dnepr»ning hisobga olinmagan golidan keyin kutilmaganda Xuande Ramosga tashlandi, ammo keyinroq hamkasbiga qarshi da’vosi bo‘lmaganini ta’kidladi: «Ramos masalasiga kelsak, unga hech qanday savolim yo‘q. Shunchaki, birinchi navbatda «feyr-pley»ga rioya etish lozimligini aytdim, xolos. Agar aybdor bo‘lsam, uzr so‘rashga tayyorman. Ramosga hurmatim juda baland».