Kirish Ro'yxatdan o'tish
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted
27/12 01:00 Liverpul - Lester

"Yangi Ibrohimovich" yoki shvesiyalik javohir haqida

"Yangi Ibrohimovich" yoki shvesiyalik javohir haqida

Baho:
+ | -

"Yangi Ibrohimovich" laqabini olgan Aleksander Isak futbol olamida biroz shov-shuv ko‘tarishga muvaffaq bo‘ldi.

Solna - Shvesiya poytaxti nomini olishga munosib shahar. Garchi Stokgolmga barcha ko‘nikib ulgurgan bo‘lsada, mamlakat tarixida o‘zidan yorqin iz qoldirgan hududni ham unutmaslik darkor. Solnani dunyoga tanitgan voqealar asosan mahalliy zavodlar hamda bugungi kundagi yirik stadionlardan biri - «Rosunda» atrofida ro‘y bergan. Qahramonimiz Aleksander Isak aynan shu shaharda tug‘ilgan.

Eritreyalik muhojirlar oilasida tavallud topgan Aleksander olti yil mobaynida AIK akademiyasida tahsil oldi; Solnada mahalliy klubni sevishadi, shu bois yigitcha tezda mashhurlikka erishdi. Ta’lim maskani murabbiylari orasida asli kelib chiqishi eritreyalik bo‘lganlar ham bor edi. Aynan o‘shalar Isakni muntazam qo‘llab-quvvatlab, shug‘ullantirishdi. Afrikaliklarga xos jismoniy quvvat, shvedlarga xos tartib-intizom va eritreyaliklarga xos mehnatsevarlik uy-g‘unlashtirilgach, Aleksander AIKning haqiqiy javohiriga aylandi.

Kuchli jihatlari

Tezlik. Uzun oyoqli va tashqi ko‘rinishi biroz beso‘naqay Isakka tezlik olish uchun bir necha soniya talab etiladi. Agar shuni uddalasa, hech qaysi himoyachi unga yeta olmaydi. Uning bitta odimini uchta oddiy qadamga tenglashtirish mumkin, shu bois Aleksander ko‘z ochib-yumguncha raqibini g‘aflatda qoldira biladi.

Qayishqoqlik. Novcha futbolchiga chetdan nazar solsangiz, xuddi plastilindan yasalgandek tasavvur uyg‘otadi. To‘pni egallashda qo‘l keladigan jihatlari bisyor. Ko‘p hollarda Isak raqibiga kurashni boy bergandek tuyuladi, ammo u uzun oyoqlarini ishga solib, kutilmagan harakatlar orqali vaziyatni o‘z tomoniga og‘diradi - natijada to‘p aynan unga bo‘ysunadi. Afrikaliklarga xos ustunliklar Aleksanderga yashil maydonda asqotmoqda.

Moslashuvchan, epchil, diqqatni bir joyga jamlay olishni yaxshi o‘zlashtirgan shvesiyalik futbolchi yakkakurashlarda benazir. Bunday pallalarda uning ozg‘in ekani ahamiyatini yo‘qotadi. Bo‘yi baland, qolaversa, sakrashni ham ajoyib tarzda uddalashi tufayli «ikkinchi qavat»dagi murakkab kurashlarda ustunlikka ega bo‘ladi, bosh bilan yaxshi o‘ynaydi. Qo‘shimchasiga, texnika, to‘p bilan nafis harakatlanish hamda 17 yoshlilarda kam kuzatiladigan qoyilmaqom zarbani ham e’tirof etish darkor.

Kuchsiz jihatlari

Mushaklarni chiniqtirishga katta e’tibor qaratishi lozim, buni Aleksanderning o‘zi ham tan oladi. Trenajyor zalida shug‘ullanish orqali vaznini orttirib, uni tabiiy sifatlari bilan uyg‘unlashtirsa, raqib jarima maydonchasida xavfli «mashina»ga aylanishi tayin.

Isakning chap oyog‘i kam ishlaydi, eng muhim pallalarda ko‘pincha o‘ngidan foydalanadi. Bu borada ham biroz bosh qotirishi kerak: top-ligalarda to‘pni asosiy oyoqqa moslash uchun vaqt har doim ham topilavermaydi.

O‘yin uslubi

Isak - novcha, biroz orqaroqdan o‘ynashni xush ko‘radigan markaziy hujumchilar toifasidan. Aynan shu sababli ham uni Ibragimovichga qiyoslashadi. Zlatan navqiron paytida jarima maydonchasidan ko‘ra chap qanotga yaqinroq hududda ko‘proq ko‘rinish berardi. Aleksander yetarlicha tezlik olish uchun bo‘sh hududga ehtiyoj sezadi, shu bois hujumga orqaroqdan qo‘shilib, to‘pni imkon qadar darvozaga teskari holda qabul qilmaslikka intiladi. Raqib jarima maydonchasida yo‘qolib qolmaydi, havodagi kurashda faol, qanotdan oshiriladigan kuchli uzatmalarga yetib borishni yaxshi uddalaydi.

O‘tgan yil Isak uchun omadli tarzda kechdi. Klubining eng yaxshi to‘purariga aylandi, skautlar guruhi e’tiborini o‘ziga qaratdi, yanvarda milliy rekord muallifiga aylanib, «Borussiya» safiga qo‘shildi. Hammasi fevralda boshlangandi. 16 yoshli yigitcha «Tenxult»ga qarshi kechgan kubok bahsi yakunlanishiga 15 daqiqa qolganda maydonga tushib, o‘z nomini tabloga yozdirib qo‘ydi.

 

Bir oydan so‘ng Alssvenskan tarixidagi eng yosh goleadorga aylanib, o‘yindan so‘ng bu haqda shunday fikr bildirdi: «Juda charchadim, ertaga esa maktabga borishim kerak». Sermulohazalik va xotirjamlik - Isakning jamoadoshlari vunderkinddagi shu xususiyatlarni alohida e’tirof etishadi. Ayni sabab Dortmund va Madriddan birini tanlashda asosiy omil vazifasini o‘tadi. «Real» yozdan oldin transferlarni amalga oshirolmaydi, futbolchining faoliyati esa shundoq ham uzoq davom etmaydi. Aleksander yarim yil ichida ko‘p foydali ish qilish mumkinligini tushunib, mantiqan to‘g‘ri qarorga keldi.

Yutuqlari

17 yoshli hujumchi kattalar futbolida 31ta o‘yinda maydonga tushib, 14ta gol urdi

Shvesiyaning 2016 yilgi kashfiyoti

Shvesiya termasi tarixidagi eng yosh gol muallifi (17 yoshu 3 oylik)

Shvesiya chempionatidagi eng yosh gol muallifi

Manba: interfutbol.uz
Kiritildi: 10:59, 08.03.2017.
O'qildi: 7305 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.