«Manchester Siti» bosh murabbiyi Xosep Gvardiola o‘zining jamoadagi kelajagi borasida so‘z yuritdi. Ispaniyalik mutaxassisning so‘zlariga ko‘ra, bu uning biror sovrin yutishiga bog‘liq. «Bavariya» bilan ketma-ket uch mavsumda Bundesliga chempionligiga erishgan Pep Angliyada ham sovrin yutishda davom etishi zarurligini ta’kidladi.
«Biror sovrin yutmasam, bu yerda uzoq qololmayman. Murabbiy bo‘lish natijalarga bog‘liq, lekin men har doim ichimda natijalar o‘yin uslubiga bog‘liqligi haqida o‘ylab kelaman. Shuning uchun men biz har doim yaxshi o‘ynashimizga amin bo‘lishim kerak. Sovrin bo‘lmasa, bu yaxshi mavsum bo‘lmaydi. Men buni avgustdayoq bilardim», – dedi Gvardiola.
Premyer Ligada ayni paytda uchinchi o‘rinda borayotgan «Manchester Siti»ning ushbu musobaqada chempionlik uchun imkoniyatlari hozirda juda kam, zero peshqadam «Chelsi» hozirda ikkinchi o‘rindagi «Tottenhem» va «Siti»dan 10 ochkoga oldinda bormoqda. Biroq hali hammasi yo‘qotilgani yo‘q.
Gvardiola jamoasi hozirda Anglia Kubogi chorak finalida va Chempionlar Ligasi nimchorak finalida ishtirokini davom ettirmoqda. Dastlabki o‘yinda «Monako»ni o‘z maydonida 5:3 hisobida mag‘lub etgan «shaharliklar» Chempionlar Ligasi chorak finaliga chiqish uchun yaxshi imkoniyatga ega, biroq buning uchun javob o‘yinida ham yirik mag‘lubiyatga uchramasligi kerak.
Shunday ekan, oldindagi bir hafta «Manchester Siti» uchun juda muhim va Gvardiola buni biladi. «Bu muhim hafta. Biz shu paytgacha yaxshi ishladik, ayniqsa shu ikki musobaqada. Premyer Ligada qiyinchiliklarni yengmoqdamiz, lekin ushbu hafta juda, juda muhimdir. Shu uch o‘yin oldindagi ikki oy davomida nima bo‘lishini aniqlab beradi», – dedi Gvardiola. Demak, kelasi yakshanbada Premyer Liga 29-turi doirasidagi «Liverpul»ga qarshi o‘yindan keyin dastlabki xulosalarni chiqarsa bo‘ladi.