Kirish Ro'yxatdan o'tish
22/12 00:45 Lechche 1-2 Lasio
22/12 01:00 Barselona 1-2 Atletiko
22/12 16:30 Roma 5-0 Parma
22/12 18:00 Valensiya 2-2 Alaves
22/12 19:00 Fulhem 0-0 Sautgempton
22/12 19:00 Lester 0-3 Vulverhempton
22/12 19:00 Man. Yunayted 0-3 Bornmut
22/12 19:00 Everton 0-0 Chelsi
22/12 19:00 Venetsiya 2-1 Kalyari
22/12 20:15 Real Madrid 4-2 Sevilya
22/12 21:30 Tottenhem 3-6 Liverpul
22/12 22:00 Atalanta 3-2 Empoli
22/12 22:30 Leganes 2-5 Vilyarreal
22/12 22:30 Las-Palmas 1-0 Espanyol
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina - Udineze
24/12 00:45 Inter - Komo

Terma jamoalar markazi nega doim tanqid ostida?

Terma jamoalar markazi nega doim tanqid ostida?

Baho:
+ | -

Terma jamoalar markazi faoliyati ko‘p tanqid qilinadi va bunga yetarlicha asos bor. Xususan, qoldirilgan o‘rtoqlik o‘yinlari soni hisoblab chiqilsa, sanoqda adashib ketish hech gapmas.

Ba’zan markaz xodimlari tanqidlar uchun matbuotdan ranjishadi. Biroq ular bir narsani tushunib olishlari lozim, toki TJM o‘z ishini risoladagidek qilmas ekan, hali ko‘p xafa bo‘lishadi. OAV esa hammasini ko‘rib turibdi va ishi faqat tanqiddan iborat emas. Masalan, o‘tgan hafta tarqalgan bir xabar borasida ijobiy fikr bildirib o‘tmoqchimiz.

O‘FF rasmiy sayti O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi rossiyalik tengqurlari bilan o‘rtoqlik o‘yini o‘tkazishi haqida xabar berdi. Va eng muhimi - uchrashuv Toshkentda bo‘lib o‘tadi. Bu esa ishoning, yuksak ahamiyatga molik yangilik.

Zero o‘zbek futbolining kelajagi aynan mana shu jamoa qo‘lida va Jasur Abduraimov shogirdlarining imkoniyatini yana bir bor ko‘rib olish hech qachon zarar qilmaydi. Ha, bu uchrashuv uchun TJMga istagancha rahmat aytish mumkin. Agar Rossiya yoshlari bilan bo‘ladigan bahs ham avvalgilari singari qoldirilmasa, albatta...

Shu vaqtga qadar juda ko‘p yoshlarga umid bildirib keldik. 1984 yilda tug‘ilgan futbolchilardan iborat jamoa kichik mundialga yo‘l olgan kundan boshlab, to Dilshod Nuraliyev shogirdlari Osiyo chempionatida g‘olib chiqqunga qadar ham ishonch so‘nmadi. Biroq ular orasida oqlanganidan oqlanmagani ko‘proq, desak qarshi chiqadiganlar ko‘p topilmasa kerak.

O‘zbekiston milliy terma jamoasi tarkibi, mana 10 yildirki, deyarli o‘zgarmay kelmoqda. Biz ishongan yoshlar esa qancha tez porlab chiqsalar, shunday shiddat bilan so‘nishmoqda. Shu bois ham Server Jeparov, Odil Ahmedov, Aziz Haydarov, Vitaliy Denisov va Aleksandr Geynrixga raqobat tug‘dira oladiganlar topilmayapti. To‘g‘ri, har yili qaysidir futbolchi termada debyutini o‘tkazadi. Ammo hozircha ulardan hech biri asosiy tarkibning doimiz a’zosiga aylanganini ko‘rmadik. Igor Sergeev mustasno, albatta. Bu hujumchi garchi 10talab o‘yinda gol ura olmasa-da mudom asosiy tarkibda.

Samvel Babayan terma jamoa boshqaruviga kelgach, asosan, «Paxtakor»­dan bir qator futbolchilar muntazam chaqirilmoqda. Ammo Yegor Krimesning asosiy tarkibga qay darajada «munosib»ligini oxirgi ikki uchrashuvda ko‘rdik.

Davron Hoshimov esa doim bahs-munozaraga sabab bo‘lgan. Hozirgi mavjud vaziyat esa, shundan iboratki, birgina Vitaliy Denisovning jarohati katta muammo keltirib chiqarishi mumkinligini ko‘rdik. Birgina futbolchining o‘rnini bosish shunchalik qiyin ekan, demak qachondir boshlanadigan avlodlar almashuvidan qo‘rqishga asos bor. Masalan, Temur Kapadze allaqachon termadan ketgan, ammo hozir ham qaytgudek bo‘lsa, Javohir Sohibov yoki Otabek Shukurovdan yaxshiroq o‘ynay olishiga ishonamiz.

Mabodo, O‘zbekiston terma jamoasi jahon chempionati yo‘llanmasini qo‘lga kiritgan taqdirda, kimlar bilan mundialda ishtirok etishi mavhum. Avval ham aytganmiz, Server Jeparov 35 yoshda, Aziz Haydarov va Anzur Ismoilov 31, Odil Ahmedov hamda Vitaliy Denisov esa 30ga qarab ketishmoqda. Xo‘sh, Rossiyaga borilsa, kim maydonga tushadi va bu musobaqa bizga nima beradi?

Modomiki, hozir JCH saralashida o‘ynayotgan futbolchilarning hech bo‘lmasa yarmi kelasi mundial uchun ham kurashmasa, demak muammolarga duch kelishimiz muqarrar. Chunki istaymizmi yoki yo‘q, ikki yildan so‘ng Server Jeparov tugul Odil Ahmedov ham termadan ketib qolishi hech gap emas. Xo‘sh, ularning o‘rnida kim o‘ynaydi? Aynan shu sababga ko‘ra, 27 mayda O‘zbekiston va Rossiya yoshlar terma jamoasi o‘rtasida kechadigan o‘yin bizni qiziqtirishi turgan gap.

Jasur Abduraimov shogirdlarini yaxshi tanib ulgurdik. Hammasidan ham jamoa namoyish etadigan hujumkor o‘yin bizga juda xush yoqqan. Tarkibda Xushnud Avilov, Aziz G‘aniyev, Saidjamol Davlatjanov, Sharof Muhiddinov, Doston Ibragimov, Jasur Yaxshiboyev, Suhrob Nurulloyev va Bobur Abduxoliqov kabi iqtidorlar bor. Eng muhimi - ularning aksariyati o‘z klubida asosiy tarkibda to‘p suradi. Bu esa bir vaqtlari Abbos Maxstaliyev va Temur Hakimovlar bilan bo‘lgani singari yoshlar futbolidan kattalar darajasiga o‘tishda muammolar kamayishiga umid uyg‘otadi.

Aynan shu futbolchilar ikki yildan so‘ng boshlanadigan JCH saralashida terma jamoaning asosini tashkil etishi lozim. Aks holda, juda qiyin bo‘ladi. Chunki Rossiya-2018 saralashi tugagach, MTJdagi futbolchilarning kamida yarmi xalqaro faoliyatini yakunlaydi. Boshqachasiga iloji yo‘q. Ularning o‘rnini bosadiganlar esa hozirdan o‘zini ko‘rsatishi shart. Rossiya yoshlari 2012 yili o‘smirlar o‘rtasida o‘tkazilgan Yevropa chempionatida g‘olib chiqqandi.

Hozir ularda ham vaziyat shundayki, aksariyat yetakchilarning yoshi o‘tib bormoqda. Shunday ekan, 27 may sanasida O‘zbekiston yoshlariga qarshi maydonga tushadigan futbolchilardan kimdir JCH-2018da Rossiya terma jamoasida o‘ynasa, aslo ajablanmagan bo‘lardik. Bu o‘yinni ko‘rish uchun stadionga albatta, keling. Kim biladi deysiz, balki unda O‘zbekiston va Rossiya futboli ertaga qay holatda bo‘lishini ko‘rarmiz?! Endi ayting-chi, shunday o‘yinni o‘tkazib yuborib bo‘ladimi?

Manba: interfutbol.uz
Kiritildi: 21:02, 12.04.2017.
O'qildi: 7774 marta.
Fikrlar: 2 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.