Kirish Ro'yxatdan o'tish
27/12 01:00 Liverpul 3-1 Lester
28/12 00:30 Brayton 0-0 Brentford
28/12 01:15 Arsenal 1-0 Ipsvich
28/12 19:00 Empoli - Jenoa
28/12 19:00 Parma - Monsa
28/12 22:00 Kalyari - Inter
29/12 00:45 Lasio - Atalanta
29/12 16:30 Udineze - Torino
29/12 19:00 Napoli - Venetsiya
29/12 19:30 Lester - Manchester Siti
29/12 20:00 Tottenhem - Vulverhempton
29/12 20:00 Kristal Pelas - Sautgempton
29/12 20:00 Everton - Nottingem Forest
29/12 20:00 Fulhem - Bornmut
29/12 22:00 Yuventus - Fiorentina
29/12 22:15 Vest Xem - Liverpul

Sanjar Tursunov: «Terma jamoaga qaytishimga ishonch bor, umidni uzganimcha yo‘q»

Sanjar Tursunov: «Terma jamoaga qaytishimga ishonch bor, umidni uzganimcha yo‘q»

Baho:
+ | -

Qatar Yulduzlar ligasida mavsum yakunlanishiga bir tur qoldi. Finish marrasidagi o‘yinlar 14-15 aprel kunlariga belgilangan.

Lekin chempion nomi ma’lum: «Lahviya 62 ochko jam­g‘argan holda, muddatidan avval oltin medalni naqd qildi. Jasur Hasanovning sobiq klubi 25-tur yakuniga ko‘ra, eng yaqin ta’qibchisi - «Al-Sadd»dan 4 ochko o‘zib ketdi. Bunga Xavi jamoa­sining o‘zi sababchi. Boisi, «Sadd» o‘tgan hafta o‘z maydonida «Al-Sayliya»ga qarshi o‘ynab, 2:2 hisobi bilan cheklandi. Xabaringiz bor, «Sayliya» safida hamyurtlarimiz Sanjar Shoahmedov va Temurxo‘ja Abduxoliqov to‘p surishyapti. «Sayliya»ning birinchi goli muallifiga aylangan Sanjar ham  qaysidir ma’noda «Al-Sadd»­ning chempionlikdan umid uzishiga bevosita hissa qo‘shdi. Yana bir vakilimiz Sanjar Tursunovning jamoasi - «Al-Huraytiyat» esa 25-turda «Al-Muaydar» mehmoni bo‘lib, zafar quchdi - 2:0. Quvonarlisi, o‘yinda to‘liq harakatlangan Tursunov jamoasining 2-golini o‘z hisobiga yozib qo‘ydi. «Al-Huraytiyat» ayni payt 31 ochkoga ega va 7-o‘rinni egallab turibdi. Chempionat yakuniga ko‘ra, 3ta klub Qatar Yulduzlar ligasini tark etadi. Demak, «Al-Huraytiyat» so‘ng­gi turda qanday natija qayd etishidan qat’iy nazar, kuchlilar safida qoladi. Biz 25-tur o‘yin­lari qahramonlari qatoriga qo‘shilgan Sanjar Tursunovdan eksklyuziv intervyu oldik. Terma jamoamiz bosh murabbiyi Samvel Babayan yaqin orada ushbu yarim himoyachimizga ham e’tibor qaratsa, ajabmas. Chunonchi, Sanjarning o‘zi milliy jamoada o‘ynash ishqida yonmoqda.

- Sanjar, avvalo, klubingiz g‘alabasiga gol urish asnosida hissa qo‘shganingiz bilan tabriklaymiz. Mana, Qatar Yulduzlar ligasida mavsum  yakunlanishiga 1ta tur qoldi. Rahbariyat va murabbiylar shtabi jamoangiz ishtirokiyu, o‘yinidan qoniqish hosil qilyaptimi?

- Ha, juda muhim g‘alabani qo‘lga kiritdik va finishga yaqin kelganida, kuchlilar safidagi o‘rnimizni saqlab qoldik. Yangi qoidaga binoan, bu yil 3ta klub Qatar Yulduzlar ligasi bilan xayrlashadi. Yana bitta jamoa esa quyi divizionda 2-o‘rinni egallagan klub bilan «pley-off» o‘yinida maydonga tushadi. Shu bois, chempionatning so‘nggi turlari keskin kurashlar ostida kechyapti. Endi savolingizga kelsak, men jamoa safiga qo‘shilgan payt rahbariyat oldimizga Yulduzlar ligasida qolish vazifasini qo‘ygandi. Mana, buni shunchaki, uddalamadik, balki kutilganidan ham yaxshiroq o‘yin namoyish qildik. Tabiiyki, rahbarlar ham, murabbiylar ham natija va o‘yin sifatidan xursandlar. 15 aprel kuni chempionat yakunlanadi. Shundan so‘ng mavsum yakunlari bo‘­yicha alohida yig‘ilish o‘tkaziladi. Klub rahbariyati o‘sha majlisda barchasini sarhisob qilib, jamoa o‘yiniga rasman baho bersa kerak.

- Yevropa, ya’ni Ukraina chempio­natidan Qatarga qaytganingizdan keyin Osiyo futboliga moslashib ketishda qiynalmadingizmi?

- Moslashish jarayoni ortiqcha vaqt olgani yo‘q. Sababi, bu chempionat men uchun begona emasdi. Bilasiz, «Vorsk­la»ga qaytishdan oldin Qatarda «Umm Salal» sharafini himoya qilgandim. Xullas, Yulduzlar ligasining o‘ziga xos jihatlariyu, past-balandliklarini bilardim. Qolaversa, «Al-Huraytiyat» safida menga tanish 2-3 nafar futbolchi ham o‘ynamoqda.

- Xususan, Qatar chempionatida ham­yurtlarimiz ham bor. Bu holat ham sizlarga har tomonlama qo‘l kelayotgandir...

- Albatta. Legioner uchun eng muhimi - yolg‘izlikni his etmaslik. Musofirlikda yoningizda hamyurtlaringizni ko‘rish kuchingizga kuch qo‘shadi qaysidir ma’noda. Qisqasi, biz imkon qadar bir-birimizni qo‘llab-quvvatlab turibmiz. Deylik, hamyurtlarimiz ishtirokidagi bir qator o‘yinlarni bevosita stadionda kuzatdim. Rashidov, Abduxoliqov va Shoahmedov ham xuddi shunday qilishadi.  

- «Al-Huraytiyat» bilan 1,5 yil muddatga shartnoma tuzgan edingiz. Mana, jamoa Yulduzlar ligasida qoladigan bo‘ldi. Endi kelishuvga muvofiq, yangi mavsumda ham shu klubda o‘ynaysizmi yoki...?

- Ha, yana bir yillik shartnomam bor va kelasi mavsum ham «Al-Huraytiyat»da qolsam kerak. Lekin hali bu haqda obdon o‘ylab ko‘rganim yo‘q. Chempionat tugasin, barchasiga oydinlik kiritamiz. To‘g‘ri, rahbariyat yoki murabbiylar shtabi o‘zgarmasa, klubda qolishim ehtimoli katta.

- Balki boshqa jamoalardan ham takliflar tushayotgandir...

- Hozircha hech qanday chorlov yo‘q. Bosh­qa tomondan, hali transferlar oynasi ochilmadi. Ehtimol, o‘sha vaqt takliflar ham bo‘lib qolar...

- Xo‘sh, kuchliroq va o‘z oldiga jiddiy maqsadlarni qo‘ygan jamoa o‘z safiga chorlasa, qanday yo‘l tutasiz?

- Tabiiyki, kuchli jamoalar taklifi hamisha qiziqarli va yoqimli bo‘ladi. Agar shunday taklif tushsa, o‘ylab ko‘raman, albatta. Axir har bir futbolchi o‘z oldiga yuksak marralarni zabt etish vazifasini qo‘ygan jamoada o‘ynashni xohlaydi.

- Qatar Yulduzlar ligasida chempionlik uchun kurash so‘nggi turgacha davom etishi kutilgandi. Biroq «Al-Sadd» 25-turda durangga rozi bo‘lib, oltin medaldan umid uzdi va «Lahviya» chempionlikni tantana qildi. Qiziq, shaxsan siz qaysi jamoaning g‘olib chiqishini kutgandingiz?

- Chempionat o‘rtalaridayoq «Lahviya»ning bu boradagi imkoniyatlari ko‘proq ekanligi yaqqol sezilgandi. Sababi, jamoa joriy mavsum ham hujumkorlik masalasida bosh­qalardan ajralib turdi, o‘yini sifati chakki emas. Menimcha, «Lahviya» haqli ravishda chempion bo‘ldi. Agar «Sadd» ochko yo‘qotmaganida ham, «Lahviya» so‘nggi turda o‘z maqsadiga erishardi, menimcha.

- Endi mavzuni o‘zgartiramiz: Qatar termasining Toshkentdagi mag‘lubiyatini Doxada qanday qabul qilishdi? Matbuotda nimalarni yozishdi?

- Gazetalar asosan arab tilida, telekanallar ham. Shu bois, o‘yin qanday muhokama qilinganidan bexabarman. Ammo bir narsani aniq bilaman: qatarliklar O‘zbekiston terma jamoasining kuchliroq ekanligini tan olishadi. Buni tanishlarim o‘zimga ham aytishgan.

- O‘yinni o‘zingiz ham ko‘rdingizmi? Taassurotlaringiz qanday?

- Afsuski, to‘liq kuzatish nasib etmadi. Chunki ayni o‘sha vaqtga klub mashg‘uloti belgilangandi. Mashg‘ulotlar tugashi hamono televizor qarshisidan joy oldim va ikkinchi bo‘limni katta hayajonda tomosha qildim. Eng muhimi, vakillarimiz 3 ochko olishdi. O‘yin uchun qo‘yilgan vazifa ham shu edi. Umuman, hozirgi holatda jamoamizning qanday o‘yin namoyish etishi ikkinchi darajali masala. Asosiysi - natija. Albatta, Qatar termasi mag‘lubiyatga uchratilganidan so‘ng mundial yo‘llanmalari uchun kurashni davom ettirish imkoniyati saqlab qolinganidan xursandman.

- Ammo JCHga borish imkoniyati asosiy raqiblarimizda nisbatan yaxshi. Deylik, jamoamiz qolgan 3ta o‘yindan 2tasini safarda o‘tkazadi. Umuman olganda, saralash bahslarini nechog‘li kuzatyapsiz va jamoamiz imkoniyatini qanday baholaysiz?

- Avvalgi mundiallar saralashida so‘nggi turgacha umid uzmagandik. Bu safar ham xuddi shunday bo‘lyapti. Eng muhimi, barchasi o‘z qo‘limizda. Qolgan o‘yinlarda ijobiy natijaga erishsak, bas, JCH-2018 final bosqichi yo‘llanmalaridan biri bizga nasib etadi. Mana, guruhda Xitoy termasi ham ancha jonlandi. Xitoyliklar Janubiy Koreya termasini yengishdi va Eronda mag‘lubiyatga uchragan bo‘lsalarda, yaxshi taassurot qoldirishdi. Demak, Xitoy termasi ham so‘nggi turgacha kurashni davom ettiradi. Umuman, hech qaysi jamoaga oson bo‘lmaydi.

- O‘ylaymizki, siz ham hali terma jamoadan chaqiruv olasiz. Muhimi, o‘zingizda bu masalada ishonch so‘nmasin.

- Ishonch har doim bor. Umid uzganim ham yo‘q. Oldinda 3ta o‘yin bor. Agar terma jamoadan chaqiruv olsam, Vatan uchun jonimni berib o‘ynashga tayyorman. Boshqacha bo‘lishi mumkin emas.

«Vorskla» qarzni uzdi

Ukrainaning «Vorskla» klubi 3 nafar sobiq futbolchisi maoshidan qolgan qarzni uzdi. Ular orasida Sanjar Tursunov ham bor. «Hozir Ukraina iqtisodiyoti juda og‘ir ahvolda va bu futbolga ham ta’sir qilmay qolmaydi. Shunday murakkab davrda shartnomaga amal qilgani uchun «Vorskla» rahbariyatiga minnatdorchilik bildiraman»,-dedi Sanjar bu borada.

Manba: interfutbol.uz
Kiritildi: 11:36, 14.04.2017.
O'qildi: 6287 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.