«Liverpul» yarim himoyachisi Stefan Baychetich bolalik davrida to‘p surgan «Selta» klubiga qaytishga yaqin turibdi. Ispaniya klubi futbolchining mersisaydliklar bilan shartnomasini muddatidan bir yil oldin bekor qilish bo‘yicha muzokara olib bormoqda.
Faro de Vigo ma’lumotiga ko‘ra, 21 yoshli futbolchining ehtimoliy transferi bo‘yicha muzokaralar ijobiy kechmoqda. Baychetichning «Liverpul» bilan amaldagi shartnomasi 2027 yilga qadar mo‘ljallangan.
So‘nggi mavsumlarda jarohatlar futbolchining rivojlanishiga jiddiy to‘sqinlik qildi va u «Liverpul»ning asosiy tarkibidan mustahkam joy egallay olmadi. Yarim himoyachi ikki yildan ortiq vaqtdan buyon «qizillar»ning asosiy jamoasi safida rasmiy o‘yinda maydonga tushmagan.
Ispaniya U21 terma jamoasi a’zosi bu davr mobaynida «Red Bull Zalsburg» va «Las-Palmas» klublarida ijara asosida to‘p surdi. Ammo yana bir uzoq muddatli jarohat uning «Liverpul» asosiy tarkibiga qaytish imkoniyatlarini yanada kamaytirdi.
«Selta» o‘z akademiyasi tarbiyalanuvchisini Ispaniyaga qaytarish niyatida. Biroq klub Baychetichni dastlab asosiy jamoaga emas, balki «Selta Fortuna» zaxira jamoasiga jalb qilishni rejalashtirmoqda.
Bu reja futbolchiga jismoniy holatini bosqichma-bosqich tiklash imkonini beradi. Keyinchalik u zaxira va asosiy jamoalar o‘rtasida navbatma-navbat o‘ynashi mumkin.
Baychetich 2020 yilda Yurgen Klopp davrida «Liverpul»ga kelib qo‘shilgan va qisqa vaqt ichida klubning eng istiqbolli yosh yarim himoyachilaridan biri sifatida ko‘rilgandi. Biroq ketma-ket jarohatlar uning rivojlanishiga salbiy ta’sir ko‘rsatdi.
Ushbu yozda «Sevilya» va «Xetafe» ham futbolchiga qiziqish bildirgani haqida xabarlar tarqaldi. Ammo hozir «Selta» Baychetichni qaytarishga har qachongidan ham yaqinroq ekani aytilmoqda.
«Selta» bosh murabbiyi Klaudio Xiraldes ham Baychetichning qaytish ehtimoliga munosabat bildirdi:
«Agar u xursand bo‘lsa va biz kelishuvga erisha olsak, bu yaxshi vaziyat bo‘lardi. Ammo hozir men bu haqda o‘ylamayapman.
U — klubimiz tarbiyalanuvchisi. Men jamoamizda bo‘lmagan futbolchilar haqida gapirmayman.
Agar shunday futbolchilardan biri haqida gapirsam, bu faqat avval biz bilan birga bo‘lganlar haqida bo‘lishi mumkin. Chunki ular bilan doimo kuchliroq aloqamiz bo‘ladi. Qolaversa, Baychetich bilan munosabatlarimiz juda yaxshi.
Men unga murabbiylik qilganman. Agar transfer amalga oshsa — ajoyib. Ammo yana takrorlayman, jamoamizda bo‘lmagan futbolchilar haqida gapirmayman», — dedi Xiraldes.
Baychetichning ehtimoliy ketishi «Liverpul»dagi yana bir transferdan so‘ng ro‘y berishi mumkin. Juma kuni klub Kyortis Jonsning «Inter»ga o‘tganini tasdiqladi. Italiya chempioni angliyalik futbolchi uchun bonuslar bilan birga 30 million funtgacha yetishi mumkin bo‘lgan mablag‘ to‘laydi.













