«Dinamo» - «Buxoro» (3:1) uchrashuvidan keyin «Buxoro» klubi bosh murabbiyi vazifasini bajaruvchi Ulug‘bek Baqoyev jurnalistlar savollariga javob qaytardi.
- Ulug‘bek aka, avvalo bo‘lib o‘tgan o‘yinga to‘xtalsangiz…
- Avvalo Samarqand jamoasini g‘alaba bilan tabriklayman, menimcha ular bugun g‘alaba qozonishni ko‘proq istadilar. O‘yinda shunday vaziyatlar bo‘ldiki, biz ulardan foydalana bilmadik, raqiblarimiz esa imkoniyatdan foydalanib qolishdi. Futbol xatolar va vaziyatlardan foydalanishdan iborat. Bu borada esa «Dinamo» vaziyatlarni golga aylantira oldi. Raqiblarni tabriklayman.
- Shohruh Gadoyevning birinchi bo‘limdayoq almashtirganingiz nima bilan bog‘liq – jarohat oldimi yoki o‘yinidan qoniqmadingizmi?
- Futbolda bo‘ladigan holat bu, gohida futbolchining o‘yini chiqadi, gohida esa yo‘q. Shu bois, murabbiylar shtabi bilan maslahatlashib, uni maydondan oldik va o‘rniga boshqa futbolchi tushdi. Bu jarohat bilan bog‘liq emas.
- O‘yindan oldin «Dinamo» jamoasini o‘rganib chiqqan bo‘lishingiz kerak, bu borada nimalarni amalga oshira oldingiz, nimalarni esa yo‘q?
- Albatta, «Dinamo»ni o‘rganib chiqqan edik. Chindan ham bu jamoa hujumdan himoyaga juda tez va tartibli qayta oladi, qarshi hujumga ham juda tez o‘tadi. Bugun «Dinamo»ning ustunligi tezkor qarshi hujumlar va qanot bo‘ylab o‘yin bo‘ldi. Bu borada esa biz aksariyat vaziyatlarda raqibni to‘xtata olmadik.
- O‘yin davomida hakamga ko‘p e’tiroz bildirdingiz. Bu shunchaki reaksiyangiz edimi yoki chindan ham hakamlar xato qildi deb hisoblaysizmi?
- Futbol azartga boy sport turi. Futbolchi uchun ham, murabbiy uchun ham. O‘sha vaziyatlarda men hakamlarning qaysidir qarori uchun e’tiroz bildirganim yo‘q, men faqat o‘z futbolchilarim harakatlariga e’tibor qaratgandim. Hakamlar harakatini baholash esa mening vazifamga kirmaydi. Ularning nazoratchilari bor. O‘yin davomida hakamlarga e’tiroz bildirganim yo‘q.
- «Buxoro» jamoasida barqarorlik ko‘rinmayapti. Ba’zan kuchli raqiblarni mag‘lub etadi, ba’zan esa kuchsiz jamoalarga mag‘lub bo‘ladi. Bu nima bilan bog‘liq?
- Futbol xatolar va vaziyatlardan iborat. Bunda aniq bir sabab yo‘q. Vaziyatlardan foydalansak g‘alaba qozonamiz, foydalana olmasak raqib g‘alaba qozonadi.