Kirish Ro'yxatdan o'tish
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina 1-2 Udineze
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo

Vilfrid Zaa - APLning yangi yulduzi

Vilfrid Zaa - APLning yangi yulduzi

Baho:
+ | -

Vilfrid Zaa - APLning yangi yulduzlaridan biri.

Muxlislarga to‘la «Stemford Brij»da maftunkor xatti-harakatlar, ajib tezlik va nodir driblinglar, qisqasi, qiyosi yo‘qdek fusunkor o‘yin namoyish etib, peshqadam - «Chelsi»ning mag‘rur futbolchilarini bosh egishga majbur qilgan «notanish» yigit «Kristal Pelas»da bosh rolga chiqmoqchi. Bu hujumchi «ko‘klar»ni paydar-pay fintlari bilan qiynab qo‘yishidan oldinroq Rossiya va Kot-d`Ivuar terma jamoalari o‘rtasidagi o‘rtoqlik o‘yinida Igor Akinfeev darvozasiga o‘ta jozibali gol urib, Krasnodardagi stadionga yig‘ilgan muxlislarni bag‘oyat «quvontirgandi». Ya’ni chaqqon Zaa rossiyalik himoyachilar orasidan hayratlanarli yengillik bilan o‘tib ketib, darvozabonni ham nozik harakat yordamida ojiz qoldirdi. Endilikda afrikalik hujumchi bir qator grand klublar e’tiborida turibdi. Harqalay, «Tottenxem» va «RB Leypsig»ning uni o‘z safiga qo‘shib olish harakatini boshlagani haqida xabarlar yo‘q emas. Angliya milliy jamoasi bosh murabbiyi Garet Sautgeyt esa afsusda. Axir inglizlar Zaaga vaqtida e’tibor berishmadi va u Afrika jamoasi libosida maydonga tushishga ulgurdi...

Aytishlaricha, Vilfridning o‘zi Angliya terma jamoasida to‘p surishga moyil edi, biroq... Futbolchi bu borada shunday deydi: «Ochig‘i, inglizlardan taklif va qo‘ng‘iroq kutaverib zerikdim. Bu orada avlodlarim yurti futbol mutasaddilari meni faollik bilan o‘z jamoalariga chorlashdan charchamadilar. Xullas, yakunda bu taklifni mamnuniyat ila qabul qilishdan o‘zga choram qolmadi». Garet Sautgeyt ham chorasiz - u endilikda e’tiborsizlikni oqlash maqsadida aybni Zaa zimmasiga ag‘darmoqda: «Angliya milliy jamoasi safida to‘p surishga yigitchaning yuragi shunchaki, dov bermadi...». Aslida hujumchi 4 yil avval «uch sherlar» tarkibiga jalb etilgandi, biroq 2tagina o‘rtoqlik uchrashuvidan keyin e’tibordan chetda qoldi. Qolaversa, «MYU» murabbiylar shtabi ham uni yaroqsiz futbolchilar safiga qo‘shib qo‘ygandi. Hozirchi? Vilfrid - APLdagi eng sara driblingchilardan biri va suratlari doimiy ravishda gazeta va jurnallar muqovasini bezamoqda.

Vilfrid Afrikada tug‘ilgan va 4 yoshlik payti uning oilasi Angliyaga ko‘chib o‘tgan. Bolakay 10 yoshligidan «Kristal Pelas» maktabida «sirk»chilik mahoratiga sayqal bera boshladi. Demakki, «burgutlar» jamoasi chin ma’noda uning uchun qadrdon sanaladi. Shu sababmi, Zaa ayniqsa, «Selxerst Park» stadioni maydonida o‘zini erkin his qiladi va bor mahoratini to‘la-to‘kis namoyish etadi. Umuman olganda, hujumchi uchun aql bovar qilmas «tryuk»lar cho‘t emas. Ammo shunisi borki, Zaa «Pelas»ga qaytishdan oldin salohiyatini «MYU» hamda «Kardiff Siti» klublarida sinab ko‘rgan bo‘lsada, na unisi va bunisida noyob iste’dodini ishga sola oldi. Lekin «Kristal Pelas»da hammasi boshqacha - jamoa muxlislari afrikaliklarga xos joziba, chaqqonlikni aynan Vilfrid Zaa ijrosida tomosha qilmoqdalar. Xususan, Yannik Bolazi ketganidan keyin ivuarlik hujumchi jamoa tarkibidagi bosh «afsungar» maqomini oldi.

Keling, endi dribling ustasining Manchesterdagi faoliyatiga birrov nazar solaylik: Zaaning «qizil iblislar» to‘dasidagi hayoti bir maromda kechmadi. U jamoa safiga 2013 yili qo‘shilib, mavsumoldi tayyorgarlik doirasidagi o‘yinlarda muntazam maydonga tushdi, hattoki, gol muallifiga ham aylandi.  Xullas, Zaa yangi jamoada boshlangan hayotidan mamnun edi: «Hammasi juda ajo-yib! O‘yinning oxirgi daqiqalarida bo‘lsa hamki, gol urishga muvaffaq bo‘ldim. Bundan tashqari, Rio Ferdinand va Rayan Giggzdek nomdor yulduzlar bilan yonma-yon to‘p surdim. Ular doimo meni qo‘llab, ilhomlantirib turishdi. Natijada o‘zimni «MYU»ning teng huquqli a’zosi sifatida his eta boshladim».

Lekin hujumchining quvonchi uzoqqa cho‘zilmadi - mavsum boshlandiki, o‘sha vaqtdagi bosh murabbiy Devid Moyes uni butunlay unutib qo‘ydi. Oqibatda mavsum arafasida kuzatilgan ishonchli o‘yinlar ortidan yuzaga kelgan olam-olam orzular sarobga aylandi. Xullas, Vil-frid «Orzular teatri»ning asosiy tarkibi emas, zaxira o‘rindig‘idan joy oldi. Bu maqom ayrimlar uchun ancha jarangdor va hashamatli sanalsada, Zaani umuman qoniqtirmasdi. Aslida jamoa ser Aleks iste’fosidan keyin o‘zini tiklay olma-yotgandi. Vilfrid esa Fergyuson aralashuvisiz amalga oshirilgan dastlabki xarid edi. Afsonaviy murabbiy o‘rnini egallagan vorisning layoqati grand jamoani risoladagidek boshqarish uchun yetarli bo‘lmadi. Vilfridning aytishicha, Moyes haddan tashqari ehtiyotkor mutaxassis ekan: «Ochig‘i, murabbiy mo‘ljallagan futbolchilar qatoridan joy olmasang, bunga qarshi hech narsa qilolmaysan. Moyesning jamoa uchun tanlagan uslubida menga o‘rin yo‘q edi. U o‘ta kuchli bosim ostida qolgani bois, xato qilishdan cho‘chirdi. Ya’ni bunga haqqi yo‘q edi. To‘g‘ri, uni ayblash uchun hech qanday asosim yo‘q. Murabbiy o‘z zimmasidagi vazifalarni imkon boricha sifatliroq ado etishga intilardi. Ammo mustaqil qarorlar qabul qilishda rosa ikkilangani ham ayni haqiqat...».

Iqtidorli debyutantning zaxira o‘rindig‘iga «mixlanib» qolishiga jamoatchilik aslo beparvo qaramadi. Xususan, har yerda hoziru-nozir turishga odatlangan ingliz matbuoti o‘z o‘quvchilarini «tesha tegmagan» shov-shuvli xabarlar seriyasi bilan tanishtirishga oshiqdi. Hammasi shu darajaga yetdiki, Devid Moyes afrikalik shogirdini shaxsiy uyida 19 yoshli qizi bilan ko‘rib qolgani haqida gap tarqaldi, bu borada maqola ham yuzaga keldi. Emishki, ayni shu voqeadan keyin murabbiy Zaani tarkibdan butunlay yiroqlashtirgan... Tabiiyki, futbolchi o‘zi va Moyesning qizi haqida urchigan gaplarni qat’iyan inkor etdi: «Yo‘q, Moyes qizini hattoki, biror marta ko‘rgan ham emasman Bu qandaydir bema’nilik». Zaaning nechog‘li haqligi noma’lum. Ammo uning «Old Trafford»da loaqal bir marta o‘z mahoratini namoyish etish imkoniyatiga ega bo‘lmagani - sof haqiqat.

Moyes o‘rnini egallagan Lui van Gal ilk chiqishlaridayoq afrikalik hujumchiga imkon berishini alohida ta’kidladi. Ammo gollandiyalik mutaxassisning va’dasi va’daligicha qoldi. Natijada Zaa o‘ta murakkab vaziyat yuzaga kelganidan nihoyat siqildi: «Ha, atrofimdagi voqealar sabab, tushkun kayfiyat va ishonchsizlikdan rosa qiynaldim. Hattoki, Angliya terma jamoasi tarkibida beqiyos tajriba to‘plaganim ham naf bermadi. Ya’ni chempionat bahslarida maydonga tushirishmadi, baribir. Keyin hammasi kamlik qilganidek, o‘ta bema’ni mish-mishlar tarqaldi. Axir hech qanday sababsiz o‘yinlardan chetda qolayotgandim. Shu orada sha’nimga turli bo‘lmag‘ur haqoratlar yog‘ila boshlaganiga nima deysiz? Hammasi shunga olib keldiki, «MYU» tarkibida bosh-qa hech qachon o‘ynamaslikka qaror qildim».

«Kardiff Siti» safari ham muvaffaqiyatsizlik bilan yakunlangach, Zaa «Kristal Pelas»ga qaytish eng to‘g‘ri yo‘l ekanligini tushunib yetdi. O‘z navbatida, qadrdon jamoasi unga hech ikkilanmay darhol asosiy tarkibdan joy ajratdi. To‘g‘ri, hujumchi joriy mavsumga kelibgina yuqori mahsuldorlikni namoyish eta boshladi. Statistik raqamlar asnosida aytsak, Vilfrid Angliya chempionati doirasida 30 marta maydonga tushib, so‘nggi 3 mavsumdagi natijalari yig‘indisidan ko‘ra, ko‘proq samarali uzatmani amalga oshirdi. Gollari soni esa avvalgi 4ta mavsumdagisidan ham oshib ketdi. E’tiborni tortadigan fakt: hujumchi oylik ish haqining 10 foizini onasining qat’iy nazorati ostida xayriya tadbirlariga yo‘naltirmoqda. Muhimi, Zaa muxlislarni maftunkor driblinglari bilan siylamoqda. Hattoki, mashg‘ulotlarda ham «sirk»chilik hunaridan ti-yilmayapti. Aytishlaricha, Vilfrid yoshligidan shunday chaqqon harakatlari bilan ajralib turgan. Faqat yashil maydon emas, balki rep ishqibozlari qarshisida. «O‘smirlik chog‘i «xip-xop»ga mehr qo‘ygandim. Ammo har qancha urinsamda, tez o‘qish borasida Eminemga tenglasholmasdim. Aslida rep o‘qish bo‘yicha qobiliyatim bilan alohida maqtanolmayman. Shu sababli, bu mashg‘ulotni chinakam ustalariga qoldirib, futbolga oshno tutindim»,-deydi Zaa.

Nazariy jihatdan olganda, «Pelas» chempionshipga tushib ketish xavfidan batamom xalos bo‘lganicha yo‘q. Lekin oxirgi uchrashuvlarda anchagina ochko jamg‘argani va Zaa kabi futbolchilarning sermahsul o‘yinlarini nazarda tutsak, jamoa nafaqat elitadagi o‘rnini saqlab qolishi mumkin, balki jadvalning yuqori 10taligidan joy olishi ham hech gap emas. Zero, «Arsenal»dek jiddiy raqibni yirik (3:0) hisobda tor-mor etgan klubning qolgan uchrashuvlarni ham ko‘tarinki kayfiyatda o‘tkazishiga mone’lik qiladigan omillar ko‘zga ko‘rinmayapti. Bevosita Vil-frid Zaaga kelsak, mavsum yakunida uning faoliyatida tub o‘zgarish yuz berishi ehtimoli katta. Eng asosiysi, hujumchi bu safar o‘zi uchun munosib, deylik, mahoratini «Pelas»dek qadrlaydigan top-klub tanlasa, bas. Aks holda, yana «kichik»da kattayu, «katta» klubda «ko‘rinmas» bo‘lib qolaveradi...

UMUMIY MA’LUMOT

To‘liq ism-sharifi: Daze Vilfrid Armel Zaa

Tug‘ilgan sanasi va manzili: 1992 yil 10 noyabr (24 yosh);  Abidjan (Kot-d`Ivuar)

Fuqaroligi: Angliya|Kot-d`Ivu-ar

Bo‘yi: 180 sm.; vazni: 66 kg.

Pozisiya bo‘yicha: qanot yarim himoyachisi|hujumchi

Klubi: «Kristal Pelas»

Raqami: 11

Faoliyati: 2002-2010 - «Kristal Pelas» (yoshlar tizimi); 2010-2013 - «Kristal Pelas» (110ta o‘yin, 12ta gol); 2013-2015 - «Manchester Yunayted» (2ta o‘yin); 2013 - «Kristal Pelas» (16ta o‘yin, 1ta gol); 2014 - «Kardiff Siti» (12ta o‘yin); 2014-... - «Kristal Pelas»

Fakt. Vilfrid Zaa Angiyaning U-19 (2011 yili 2ta o‘yin), U-21 (2012-2013 yillarda 13ta o‘yin va 1ta gol) va milliy (2012-2013 yillarda 2ta o‘yin) terma jamoalari safida maydonga tushgan. 2017 yili esa Kot-d`Ivu-ar terma jamoada o‘ynashga qaror qildi va hozirgacha 6ta uchrashuvda 2ta gol urdi.

Manba: interfutbol.uz
Kiritildi: 11:42, 19.04.2017.
O'qildi: 4776 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.