Oliy liganing 8-turida “Nasaf” safarda Navoiy shahrining “Qizilqum” jamoasi bilan o‘ynaydi.
Bellashuv 29 aprel shanba kuni Navoiy shahridagi “Yoshlar” sport majmuasida soat 18:00da boshlanadi.
“Qizilqum” jamoasi bu yilgi chempionatda 7ta uchrashuv o‘tkazgan, ularning ikkitasida g‘alaba, ikkitasida durang va uch uchrashuvda mag‘lubiyatga uchrashgan. To‘plagan ochkolari soni 8ta bo‘lib, turnir jadvalining 10-pog‘onasini band etib turishibdi.
"Nasaf" o‘tkazilgan 6 uchrashuvning 4tasida g‘alaba, ikki uchrashuvda mag‘lubiyatga uchragan. To‘plagan ochkolari soni 12taga teng va turnir jadvalini beshinchi pog‘onasida bormoqda.
“Qizilqum” o‘tgan 7-tur uchrashuvini Olmaliqda “Olmaliq” jamoasi bilan o‘tkazdi. Bu uchrashuv golsiz durang natija bilan yakunlangan.
“Nasaf” esa “Obod” bilan kuch sinashib, kichik 1:0 hisobida g‘alabaga erishdi.
Mazkur jamoalarning o‘zaro uchrashuvlari tarixiga nazar tashlasak, “Nasaf” va “Qizilqum” jamoalari hozirgacha 34 marta ro‘baru kelishgan. Ushbu bahslarning 20 tasida "Nasaf"ning qo‘li baland kelgan bo‘lsa, 6 uchrashuvda navoiylik futbolchilar g‘alaba qozonishgan. 8 uchrashuvda tomonlar durangga imzo chekishgan. To‘plar nisbati bo‘yicha ham “Nasaf” ustunlik qilmoqda: 65-37.
Endi mazkur jamoalar o‘rtasidagi eng yirik hisoblar haqida to‘xtaladigan bo‘lsak, "Nasaf" “Qizilqum” ustidan 7:1, 5:2 va 4:0 ko‘rinishida g‘alabaga erishgan. “Qizilqum”ning “Nasaf” ustidan eng yirik hisobdagi g‘alabasi 3:1 ko‘rinishida.
O‘tgan yilgi o‘zaro so‘nggi uchrashuvda, muxlislar olti golga guvoh bo‘lishgan. “Nasaf” so‘nggi daqiqada Shaxboz Erkinovning goli evaziga mag‘lubiyatdan qutulib qolgan edi. "Nasaf" Ro‘ziqul Berdiyev boshchiligida hali biron marta, hoh Qarshida bo‘lsin, hoh Navoiyda bo‘lsin, “Qizilqum” jamoasiga mag‘lub bo‘lgan emas.
Shu yerda yana bir qiziqarli faktni aytib o‘tish joiz. Ayni paytda “Qizilqum” jamoasi safida faoliyat yuritayotgan ko‘plab futbolchilar avval “Nasaf” jamoasi sharafini himoya qilishgan. Bular - Artur Gevorkyan, Azamat Allaniyozov, Alisher Yusupov, Ilhom Yunusov, Samandar Shodmonov, Erkin Boydullayev.
O‘zaro o‘yinlar qaydnomalarini varaqlasak, "Nasaf" Navoiyda o‘tkazilgan 17 uchrashuvning 7tasida g‘alaba, 5tasida durang va yana 5 uchrashuvda mag‘lubiyatga uchragan. Yana bir qiziqarli fakt, “Qizilqum” jamoasi o‘z maydonida so‘nggi marta 2008 yilda “Nasaf”ni mag‘lubiyatga uchratgan. So‘nggi durang 3:3 natijasi esa 2016 yili qayd etilgan. Oldindagi uchrashuv jamoalarning Navoiydagi 18-uchrashuvi sifatida tarixga kiradi.
“Nasaf” so‘nggi bor “Qizilqum” jamoasini Navoiyda 2015 yili 2:1 hisobida mag‘lubiyatga uchratgan.
Ushbu uchrashuvga Toshkentlik hakamlar guruhi tayinlandi. Uchrashuvni Vadim Agishev boshqaradi. Unga qanotlarda Doniyor Saylavov va Aleksandr Sidorovlar yordam berishadi. Zaxira hakami sifatida Jasur Muxtarov ishlaydi.
Uchrashuvda hakamlar ishini Baxtiyor Tog‘ayev nazorat qiladi. Bobir Haydarov esa O‘zbekiston PFL vakili sifatida uchrashuvga tashrif buyuradi.
O‘zPFL, 8-tur
“Qizilqum” (Navoiy) – “Nasaf” (Qarshi)
29.04.2017. “Yoshlar” sport majmuasi. 18:00da
Bosh hakam: Vadim Agishev (Toshkent)
Qanot hakamlari: Doniyor Saylavov, Aleksandr Sidorov (ikkalasi ham Toshkentdan)
Zaxira hakami: Jasur Muxtarov (Toshkent)
Nazoratchi: Baxtiyor Tog‘ayev (Toshkent)
O‘zPFL vakili: Bobir Haydarov.
Vadim Agishev bu yilgi chempionatda "Nasaf" ishtirokidagi birinchi uchrashuvni boshqaradi. Ushbu hakam o‘tgan yilgi mavsumda, aynan Qarshidagi “Qizilqum” jamoasi bilan bo‘lgan uchrashuvda ham bosh hakamlik qilgan. Bu uchrashuvda “Nasaf” 2:0 hisobida g‘alaba qozongan.
Shuningdek Agishev o‘tgan yilgi Qarshidagi O‘zbekiston kubogi chorak finali javob uchrashuvida “Andijon” jamoasi bilan bo‘lgan uchrashuvda ham hakamlik qilgan. Bu uchrashuvda “ajdarlar” 2:1 hisobida zafar quchishgan.
Mazkur jamoalarning o‘rinbosarlari o‘rtasidagi uchrashuv, 28 aprel juma kuni Karmana stadionida bo‘lib o‘tadi. Uchrashuv soat 16:00da boshlanadi.