Kirish Ro'yxatdan o'tish
22/12 00:45 Lechche 1-2 Lasio
22/12 01:00 Barselona 1-2 Atletiko
22/12 16:30 Roma 5-0 Parma
22/12 18:00 Valensiya 2-2 Alaves
22/12 19:00 Fulhem 0-0 Sautgempton
22/12 19:00 Lester 0-3 Vulverhempton
22/12 19:00 Man. Yunayted 0-3 Bornmut
22/12 19:00 Everton 0-0 Chelsi
22/12 19:00 Venetsiya 2-1 Kalyari
22/12 20:15 Real Madrid 4-2 Sevilya
22/12 21:30 Tottenhem 3-6 Liverpul
22/12 22:00 Atalanta 3-2 Empoli
22/12 22:30 Leganes 2-5 Vilyarreal
22/12 22:30 Las-Palmas 1-0 Espanyol
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina - Udineze
24/12 00:45 Inter - Komo

Haqiqatparvar avlod vakili Yoxan Kroyffning so‘nggi so‘zlari

Haqiqatparvar avlod vakili Yoxan Kroyffning so‘nggi so‘zlari

Baho:
+ | -

Futbol olamining eng buyuk novatorlaridan biri Yoxan Kroyff agar hayot bo‘lganida, 25 aprel kuni 70 yillik yubiley to‘yini nishonlardi. Gollandiyalik betakror ijrochi oxirgi intervyularidan birini L`Equipe haftanomasiga bergan va unda o‘zini haqiqatparvar «isyonkorlar» avlodi vakili sifatida ta’riflagandi. Darhaqiqat, maydonda nafis harakatlari bilan ajralib turgan Kroyff uning tashqarisida mutlaqo murosasiz edi. Demak, o‘sha suhbatni o‘qish asnosida o‘tgan yilning 24 mart kuni hayot bilan vidolashgan futbol siymosini xotirlaymiz.

- Janob Kroyff, 70-yillar futbolini qanday eslaysiz? Behisob muxlisalar  qurshovida o‘zingizni xuddi rok-yulduzdek his qilgan bo‘lsangiz kerak...

- Ha, menga deyarli shunday munosabatda bo‘lishardi. Harqalay, hech qachon yolg‘iz qolish nasib etmasdi. Doimiy safarlar... Ammo obro‘ga putur yetkazmaslik uchun mudom yuqori sport formasini ushlab turishim talab etilardi. Hozir o‘ylab qarasam, nafaqat futbol, balki keyinchalik ijtimoiy tashviqot ishlariyu, siyosat ham  juda ko‘p vaqtimni olgan ekan.

Zero, Olimpiya qo‘mitasi va «Adidas» firmasi bilan ham hamkorlik qilganman. Xullas, har doim qandaydir insonlar, vazirlar,  jurnalistlar va sportchilar qurshovida yurganman. Umuman, misli ko‘rilmagan sur’atda mashhurlikka erishganman. Bu yaxshi, ammo bitta yomon tomoni shuki, sen  muntazam nima bilandir band bo‘lasan. Boz ustiga, meni nuqul o‘tmishning mashhur shaxslari bilan taqqoslashardi.

Aslida o‘sha vaqt shunday demokratik muhit yuzaga kelgandiki, boshingiz gangib qolishi hech gap emasdi! Urushdan keyin tug‘ilganimiz yaqqol bilinardi. Demoqchimanki, urushdan keyingi davr avlodi ancha tashabbuskorligi bilan ajralib turgan. Misol tariqasida o‘sha «Bitlz» yoki «Rolling» ijodkorlarini olaylik: ular erkinlik va yangi islohotlarga intilishning yorqin namunalari bo‘lgandilar. Ehtimol, meni ham shundaylar qatoriga qo‘shish mumkindir...

- O‘zingiz xuddi rok-yulduzlar kabi mashhur ekanligingizni to‘liq anglaganmisiz?

- Ha, ammo hayot mutlaqo boshqacha edi. Deylik, biror xabar yoki yangilik bugungidek tez tarqamasdi, shuning uchunmi, shon-shuhrat, dongdorlik sal o‘zgacha qabul qilinardi. Boz ustiga, har kuni mashg‘ulot yoki o‘yin bo‘lardi - o‘ta tig‘izlik. Shunga qaramay, boshqa ishlarga ham vaqt topardim. Misol uchun, ko‘pchilik bilan yaqindan do‘stlashganman.

Bundan 2 yilcha oldin Meksikada Elton Jon bilan yana ko‘rishdim: ikkimiz chaqchaqlash bahonasida eski davrlarni yodga oldik, texnikaning rivojlanishi hayotni mutlaqo o‘zgartirib yuborgani xususida gaplashdik. Qarang, bugun hammasi televideniye va internetga bog‘liq bo‘lib qoldi. Mana, vaqtida mening yutuqlarimdan ko‘pi bilan 3 million kishi xabardor bo‘lgan. Endi esa birgina Messida milliardlab fanatlari bor. Miqyosi yo‘q targ‘ibot-tashviqot! Ijtimoiy tarmoqlar va aloqa vositalarining boshqa turlari ta’sirida butun dunyo keskin o‘zgarib ketdi. Oradan qandaydir 5 yil o‘tadi va yana yangi siymolar bosh ko‘tarishadi. Aytishim joiz, shaxsan men hozirgi zamonda ham mobil telefoni yoki planshetga ehtiyoj sezmayapman.

- O‘yinchilik faoliyatingiz davomida futbolda alohida o‘rin tutishingizni his qilganmisiz?

- Yo‘q, o‘smirlik payti bu haqda hattoki, o‘ylagan ham emasman. Hammasini keyinroq anglaganman. Shunchaki, ko‘pchilik futbol ortidan pul topish, o‘zini tiklab olishni orzu qilardi. Misol uchun, «Ayaks»da atigi 2 nafar futbolchi professional maqomida edi, xolos! Ya’ni 16 yoshda asosiy jamoa safiga qo‘shilganimda, tarkibning 95 foizini yarim professional o‘yinchilar tashkil etishardi. Shundan 5 yil o‘tib, jamoamiz ilk marta Chempionlar kubogi finaliga chiqib, Madridda o‘ynadi. Demoqchimanki, qisqa vaqtda hammasi katta sur’at olib, mutlaqo o‘zgardi. Hammasi, futbol federasiyasi kabi tuzilmalardan tashqari, albatta.

- Ha, futbol federasiyasiga qarshi chiqqan qaldirg‘ochlardan biri sanalasiz. Ya’ni futbolchilar manfaatini himoya qilishda namuna ko‘rsatgansiz.

- Bir vaqtning o‘zida ham kasaba uyushmalari, ham futbolchilar assosiasiyasi bilan hamkorlik qilardim. Lekin bunda qandaydir shaxsiy manfaatni o‘ylagan emasman. Chunonchi, busiz ham hayotim farovon edi, kamchilik sezmasdim. Shunchaki,  uncha tanilmagan boshqa yigitlar ham xizmatlariga yarasha munosib haq olishlarini istaganman.

- Bu borada rahbarlar tinkasini rosa quritganingiz ham ayni haqiqat.

- Axir men urushdan keyin tug‘ilgan haqiqatparvar «isyonkor» avlod vakili hisoblanaman-ku. Qanday ishga qo‘l urmayin, avvalo, vijdonimga quloq solganman. To‘g‘ri, ayrim mojarolar tarixda qoldi.

- Misol uchun...?

- 70-yillar boshida xalqaro muvaffaqiyatimiz samarasi o‘laroq, xorijiy firmalar tomonidan bizga nisbatan qiziqish ancha kuchaydi. Xususan, bittta kompaniya men bilan reklama shartnomasi tuzishni istadi. Biroq Gollandiya futbol federasiyasida bu haqda eshitishni ham istashmadi. Chunki lolarang futbolkadan foydalanish huquqi milliy federasiya ixtiyorida edi. Natija nima bo‘ldi? JCH-74da bir o‘zim alohida firma libosida maydonga tushdim, butun jamoa boshqa kompaniya mahsulotidan foydalandi.

Shunday yo‘l tutishga majbur edim. Chunki federasiyaning futbolchilarni o‘zi bilan «do‘stlashgan» firmaga «bog‘lab» qo‘yishini noto‘g‘ri, deb bilardim. Keyinchalik yana bir qator kelishmovchiliklar yuzaga kelgan. Gollandiya terma jamoasini boshqarish taklifini ham alohida shart bilan qabul qilgandim: «Mayli, faqat murabbiylar shtabini o‘zim yig‘aman». Bu hozirda oddiy qoida, ammo avvallari hammasi boshqacha bo‘lardi - tanish-bilishchilik, futbolga begona odamlar...

- Maydonda nafis harakatlar timsoli sanalgansiz, ammo uning tashqarisida janjalkashlik ramzi...

- Nafislik - bu erkinlikni saqlab qolish! Maydonda ham, uning tash-qarisida ham doimo o‘zimga to‘g‘ri ko‘ringan ishni qilganman. Gohida tanqid masalasida me’yor bilmasligimni aytishadi. Biroq unutmaslik kerak, hammasi o‘zgalarga yordam berish xohishimdan kelib chiqadi.

- Golland futboli funksional taraqqiyot nuqtai nazaridan inqi-lobiy o‘zgarishlarga yuz burgan vaqt o‘yinga yangicha estetika va texnika olib kirgansiz. Bu fikrga qo‘shilasizmi?

- Futbol o‘ynashni ko‘chada o‘rganganman. Nafis harakatlarni nazarda tutayotgan bo‘lsangiz, bu aynan ko‘cha futboli samarasi, menimcha. Esimda, juda ozg‘in yigitcha edim, yana hammadan kichik... Xullas, boshqalardan qolishmaslik xohishi qandaydir yangilik o‘ylab topishimni taqozo etardi. Umuman, ko‘cha futbolida o‘yinchini shakllantiradigan ko‘plab jihatlar bor. Birinchidan, chidamlilik darajasi oshadi. Axir o‘nqir-cho‘nqir joy yoki asfaltga yiqilishni o‘ylang. Demakki, og‘riqqa dosh berish o‘z-o‘zidan shakllanadi.

Senga qarshi nisbatan baquvvat yigitlar o‘ynashganida, tabiiy ravishda o‘zingni zarbadan olib qolishni o‘rganasan, yana to‘pni olib yuravermasdan, tezroq sherigingga uzatishni xohlaysan. Natijada texnik qobiliyating oshadi. Oddiy aytganda, ko‘cha futboli doimiy ravishda qandaydir tezkor qarorlar qabul qilishingni talab etadi. Misol uchun, maydoncha chetiga terilgan toshlarni olaylik - ularga urilib, jiddiy jarohatlanishing hech gap emas. Ammo shuning barobarida toshlardan sherik sifatida foydalanishing mumkin. Ya’ni tosh yordamida bir tepar usulini qo‘llab, raqibingdan o‘tib ketishing imkoni bor. Umuman, mening mashg‘ulotlar bo‘yicha butun falsafam aynan ko‘cha futboli texnikasiga asoslangan. Faqat ularni zamonaviy mashg‘ulotlar sharoitiga muvofiqlashtirganman. Shuning uchun nuqul oldinga qarayvermasdan, ba’zan o‘tmishga nazar solib, ayrim foydali jihatlarni olish va metodikani takomillashtirib borish zarur.

- 67 yoshga to‘lgan va barchasiga erishgan bo‘lsangizda, hamon ish haqida o‘ylaysiz...

DAVOMI

Manba: interfutbol.uz
Kiritildi: 14:30, 06.05.2017.
O'qildi: 5940 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.