Braziliya terma jamoasi ustozi Tite Goal nashriga eksklyuziv intervyu berdi.
Terma jamoa bilan 8 uchrashuvning barchasida g‘alaba qozongan Tite bunaqangi debyutni orzu qilmagan bo‘lsa ham kerak. 2016-yilda Braziliyaning “Kopa Amerika”dagi omadsiz ishtirokidan keyin iste’foga chiqarilgan Dunganing o‘rniga kelgan Tite hozircha yuqori notada faoliyat yuritmoqda. 56 yoshli murabbiy qo‘li ostidagi terma jamoa Rossiyada bo‘lib o‘tadigan Mundialga allaqachon yo‘llanmani naqd qilib qo‘ygan.
Neymar klubdagi kabi termada ham ayni pozisiyada
77 uchrashuvda 52 golni o‘z hisobiga yozdirib qo‘ygan Neymar terma jamoasini olg‘a boshlab bormoqda. O‘tgan yili Rio de Janeyroda bo‘lib o‘tgan Olimpiada o‘yinlarida terma jamoasining chempion bo‘lishiga katta hissa qo‘shgan 25 yoshli hujumchi Tite jamoasining muhim bo‘lagiga aylangan. Pentakampeonlar ustozi u haqida quyidagi fikrlarini bildirib o‘tdi: “Neymar bizga Olimpiadadan keyin kelib qo‘shildi. O‘shanda terma jamoa ustozi sifatida undan nimalar kutayotganimni tushuntirib berdim. Men unga termada ham klubdagi kabi o‘z pozisiyasida o‘ynashini aniq qilib aytdim. Bu uning pozisiyasi, shu pozisiya uchun yetishtirilgan.”
Taktik jihatdan, Tite Villian, Koutinyo, Duglas Kosta yoki Neymar kabi vingerlardan unumli foydalanishni yaxshi ko‘radi. « Biz 4-3-3 sxemasini takomillashtirmoqdamiz, ammo bu vaziyatga qarab 4-4-2 ga o‘zgarishi mumkin. Bunda Neymar ikkinchi hujumchi vazifasini bajarib beradi. Men shogirdlarimga majburiyatlarini taqsimlab beraman. Neymar butun bosimni o‘ziga olishi kerak emas, ayniqsa omadimiz chopmagan paytlarda. »
Gabriel Jezus Mundialda asosiy tarkibda o‘ynaydimi ?
Terma jamoa ustozligiga tayinlanganidan beri Tite butun Braziliya va Yevropani lol qoldirib kelayotgan hujumchini kuzatib bormoqda. Qishki transfer bozorida « Manchester Siti »ga 32 million yevro evaziga kelib qo‘shilgan 20 yoshli hujumchi 2 oy jiddiy jarohat olib maydondan tashqarida qolib ketganiga qaramay o‘zining ajoyib iqtidorini namoyish eta oldi. Gabriel Jezus 2018-yilgi Mundialda Firminyo bilan muvozanatni ushlagan holda galma-gal asosiy tarkibda joy olishi kerak. Albatta buni futbolchilarning Mundialga qanday sport holatida yetib kelishiga bog‘liq bo‘ladi.
Braziliya bir yildan keyin qanday maqomda bo‘ladi?
Rossiyada bo‘lib o‘tadigan Jahon chempionatiga yo‘llanmani naqd qilib qo‘ygan Tite oldida yaxshi tayyorgarlik ko‘rishi uchun yetarlicha vaqt bor. Murabbiyning tan olishicha jamoa hali to‘liq tayyor emas va qilinadigan ishlar hali ko‘p. Bu haqida quyidagicha izohladi: “Biz bir-birimizni yaxshi bilib olishimiz va o‘yinchilarga imkoniyat berishimiz kerak bo‘ladi. Men bu tarkibdan xursandman. Shuningdek, Aleks Sandro, David Luis, Jemerson, Dudu, Gustavo Skarpa va boshqa futbolchilarni sinovdan o‘tkazishim mukin bo‘ladi.”
Tiago Silva jamoadoshlarini saralash bosqichida yana to‘rtta uchrashuv kutib turibdi. Terma jamoa Ekvador va Chilini o‘z uyida qabul qilsa, Boliviya va Kolumbiyaga qarshi bahslarni mehmonda o‘tkazadi. Undan avval bo‘lib o‘tadigan Konfederasiyalar Kubogi jamoa shakllanishi uchun ajoyib sinov vazifasini o‘tab beradi.